Tehronda muxolifat tarafdorlari va politsiya to‘qnashdi

Eron prezidenti Mahmud Ahmadiynajod munozarali saylovda prezident etib qayta saylanganining ikki yilligi munosabati bilan Tehronda uyushtirilgan namoyishda muxolifat tarafdorlari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergani xabar qilindi.

Namoyishchilar Ozodlik radiosi muxbiriga muxolifat tarafdorlarining aksari xavfsizlik kuchlari nazoratida yurish o‘tkazganini aytdi.

- Biz yurishni Vali Asr maydonidan boshladik. Kutilganidek, ko‘chaning ikki tomoniga xavfsizlik kuchlari xuddi devordek joylashtirildi. Biroq namoyishchilar ularga pisand qilmay, qichqirmasdan yo‘laklarda jimgina yurishni davom ettirdilar, - dedi namoyishni kuzatgan guvohlardan biri.

Muxolifatga tegishli internet nashrlari namoyish qatnashchilaridan bir necha kishi hibsga olinganini xabar qildi.