Toqayev: Qozog‘istonda AES qurilishi masalasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning parlamentdagi nutqidan lavha, 2023-yil 1-sentabri

Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi masalasi umummilliy ovoz berishga qo‘yiladi. Bu haqda 1-sentabr kuni parlamentdagi chiqishi chog‘ida bildirgan prezident Qasim-Jomart Toqayev referendum sanasini ochiqlagan emas.

Jahondagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Qozog‘iston o‘z atom generatsiyasiga ega bo‘lishi kerak”, degan Toqayev atom energetikasi rivojlanishini “o‘ta muhim iqtisodiy va siyosiy masala” deb atagan.

Qozog‘iston AESga ega bo‘lishi kerak yoki kerakmasligi – bahsli masala. Tanqidchilar mamlakatning uran qazib olishdagi liderligi uning atom stansiyasini qurishi lozimligini anglatmasligini bir necha bor qayd etishgan.

AESga qarshi bo‘lganlar stansiya barpo qilish o‘ta qimmat loyiha bo‘lib, uni amalga oshirish uchun xorijdan texnologiya yetkazib beradigan shirkatga ehtiyoj sezilishini urg‘ulashmoqda. Bu davlatning stansiya quruvchisiga qaram bo‘lib qolishini anglatadi. Ekologlar AESdagi odatdan tashqari vaziyatlar o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydilar – bunda millionlab aholi yashaydigan butun boshli mintaqalar muhtamal radiatsion ifloslanish hududida qolishi xavfi bor.

AES borasidagi bu kabi xavotir va e’tirozlardan Toqayevning xabari bor, albatta. 2019-yilda u atom stansiyasi qurilishi masalasi “kerak bo‘lsa, xalq bilan muhokama qilinishi”ni aytgan. Biroq keyinchalik hukumatdagi mulozimlar referendum o‘tkazishga hojat yo‘qligini bildirishgan. Endi esa Toqayev yana referendum o‘tkazishni taklif qilmoqda.

“AES barpo qilish yoki undan bosh tortish mamlakatimiz kelajagiga aloqador bo‘lgan o‘ta muhim masaladir. Shuning uchun ham uni umummilliy referendumga olib chiqishni taklif qilaman. Aniq sanasini keyinroq belgilaymiz”, degan Qozog‘iston prezidenti parlamentdagi chiqishida.

Avvalroq Olmaota viloyatining Ulken degan kichkina qishlog‘ida “Qozog‘istonga atom elektr stansiyasi kerakmi, yo‘qmi?” degan masalada bahs o‘tkazilgandi. Mazkur muhokama jarayoni Ozodlikning qozoq xizmati tomonidan yoritilgan.

“Ekologiya muammolaridan cho‘chimaymiz”

Ulken Olmaotadan 400 chaqirim yo‘lda – Balxash ko‘li yoqasida joylashgan. Unga 1980-yillarda, GRES qurilishi munosabati bilan asos solingan edi. Lekin ish bir nechta ko‘p qavatli uy qurishdan nariga o‘tmagan. Sovet Ittifoqi parchalangach, loyiha bilan birov qiziqmagan ham, odamlar esa o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Ulken rasman qishloq deb ataladi, lekin siyog‘idan shahar tipidagi posyolka deyish mumkin. Bu yerda yakka hovli-joylar yo‘q, odamlar mol boqishmaydi, toshloq va oriq yerida esa biror nima ko‘kartirish amrimahol.

1990-yillarda ulkenliklar baliq ovlab jon saqlaganlar. Hozir ham, oradan 30 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu hanuz ko‘plar uchun tirikchilik manbai bo‘lib turibdi. Posyolkada uchta baliq zavodi bor – odamlar ovlagan baliqlarini shularga topshirishadi. Baliqchilikni xohlamaganlar taksi haydaydi yoki kichik biznes bilan shug‘ullanadi: Ulkenda oziq-ovqatdan tortib suvenir buyumlargacha – turfa mollar bilan savdo qiluvchi do‘konchalar juda ko‘p.

Natalya Xayrulinaning tamaddixonasi va maishiy kimyo mollari do‘koni bor. Bundan tashqari, chuchvara tugib ham sotadi: aksar ulkenliklar uyda ovqatlanishadi, tamaddixonaga kelguvchilar kam, qo‘shimcha daromadi bo‘lmasa qiynalib qolishi mumkin.

Ayol Ulkenga bolaligida kelgan: ota-onasi bu yerlarga GRES qurishga jo‘natilgandi. Oila Ekibastuzdagi uyini sotib, Ulkendagi yap-yangi ko‘p qavatli uydan kvartira oladi va Balxash bo‘yida yangi, maroqli hayot boshlashga hozirlik ko‘radi. Ittifoq parchalanib, stansiya qurilmasligi aniq bo‘lgach, noiloj, shu yerda qoladilar. Chunki boradigan joylari yo‘q, pulsiz qolishgan edi; kvartirani sotmoqchi bo‘lishgan, ammo istiqboli qorong‘i olis-ovloq qishloqdagi boshpanaga, tabiiyki, talabgor chiqmagan.

U kezlar kvartiralarga xaridor umuman yo‘q edi. Vaqt o‘tishi bilan qo‘shni ovullardan odamlar ko‘chib kela boshlashdi, bo‘sh xonadonlar egalik bo‘ldi. Posyolkani shu saqlab qoldi, deb o‘ylayman. Ota-onam Ulkenda biron yirik qurilish bo‘lishini kuta-kuta olamdan o‘tishdi”, - deydi Natalya xotiralarini so‘zlab berarkan.

Atom elektr stansiyasi qurilishi xususida Natalya Xayrullinaning fikri quyidagicha: Ulken turg‘uni sifatida u aholi ko‘payib, qishloq obod bo‘lishini, qarovsiz uylar ta’mirlanishini istaydi.

“Chunki qurilish boshlansa, bizga ham madaniyat keladi-da. Muhtamal ekologik oqibatlarga kelsak, bunaqa muammolardan cho‘chimaymiz, hozir texnologiyalar rivojlanib ketgan”, - nekbinlarcha fikr yuritadi Xayrullina.

Ayolga ko‘ra, Ulken xalqi bu borada ikkiga bo‘linib qolgan: yarmi qurilish bo‘lishiga tarafdor, qolgan yarmi – qarshi. AESni xohlamayotganlarning aksari baliqchilar: “Balxashdan suv qochib, baliqlar kamayib ketsa, tirikchiligimizdan ayrilamiz”, deya qo‘rqishadi ular.

“Ko‘l bizni boqib turibdi, AES uni o‘ldiradi”

Bu yerda baliqchilarni izlab ovora bo‘lmaysiz. Ko‘chada, qarovsiz qolgan ko‘p qavatli uy oldida kimdir qoqlangan baliqlarni ilib qo‘ygan. Yonida – baliq qoqlashga mo‘ljallangan, ichini qalin qurum bosgan qo‘lbola temir bochka. Bochka ichida olov yoqib, tepasiga baliq osib qo‘yiladi.

Bochkaning egasi Rinat ismli yigit ekan. Yoshi 34da. Aytishicha, yarim umri baliqchilik bilan o‘tgan, xudoning bergan kuni “dengiz”ga boradi – yerli xalq Balxashni shunday ataydi. Ovlagan balig‘ining bir qismini zavodga topshiradi, bir qismini o‘zi tuzlaydi yoki qoqlaydi. Rinatning AES qurilishi borasidagi fikri aniq: “Ko‘l bizni boqyapti, atom stansiyasi uni halok qiladi. Bu yil Balxash juda sayozlashdi, baliq kamaydi. AES qurilganidan keyin undan nom-nishon qolmaydi”.

Oziq-ovqat do‘konida Ulken qishlog‘ining yana bir turg‘uni bilan tanishdik. 35 yoshli Aleksey Losev Mang‘istov viloyatida tug‘ilgan, Ulkenga olti yil avval ko‘chib kelgan ekan. Aleksey baliqchi bo‘lmasa-da, AES qurilishidan hech qanday yaxshilik kutmaydi.

“Bir tarafdan, qurilishdan foyda bor: yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, yangi odamlar kelib, posyolkamiz rivojlanadi. Boshqa tomondan, ekologiyani ham o‘ylash kerak axir. Mang‘istov viloyatida, Oqtovdan atigi 3 chaqirim narida Mang‘istov atom elektr kombinati joylashgan. Uning butun tevaragida ekologiya chatoq. Nimadan bu? Zararli qoldiqlardan! Baliqlar qirilib ketyapti. Kombinat qoldiqlari Qorako‘lga tushadi. Suv beti baliq o‘limtiklariga to‘la. Bu yer ham shunday bo‘ladi. Ulkenda AES qurilishini bu yerga sovet davrida kelgan quruvchilar qo‘llayapti”,- deydi Aleksey.

Shunday quruvchilardan biri – 70 yoshli Vladimir Braun. U salkam 40 yil muqaddam Olmaota yaqinidagi Qaskelen shaharchasidan ko‘chib kelgan. Biz u bilan eski ko‘pqavat uy yonida uchrashib qoldik. Balxashdan taralayotgan nam shabada huvillagan bino ichida bemalol aylanib, konditsioner misoli salqinlik berar ekan. Endigina ovdan qaytgan Vladimir qarmoq va baliqlar solingan eski qopini yelkasidan oladi.

“Bu yerga 1980-yillarda kelganman, bolalarim shu yerda tug‘ilib, katta bo‘lishdi, bir paytlar mana shu uyda hamma kvartiralarda odamlar yashardi, – deya xotiralaridan so‘zlay ketdi Vladimir. – AES qurilishini xohlayman, albatta. Ammo u biz keksalarga kerak emas, yoshlarga kerak. Toki ish joylari bo‘lsin, posyolka ravnaq topsin. Umuman olganda, AES butun Qozog‘istonga zarur, mamlakatga elektr yetishmayapti!”

Pensioner ovini ko‘rsatadi: bugun to‘riga 25 dona vobla balig‘i tushibdi. Ba’zi kunlari hech nima tutolmay, qup-quruq qaytaman, lekin bu suv sayozligidan emas, ko‘lda ba’zan kuchli shamol bo‘lib turadi, deydi.

Vladimir baliqlarni qaytadan qopiga solar ekan, AES qurilishiga munosabatini aytadi:

Balxashda suv eskitdan dam pasayib, dam ko‘tarilib turadi. AES unga zarar yetkazadi, deb o‘ylamayman. Yaxshi quruvchilarga qurdirish kerak, vassalom. Butun dunyo qurib yotibdi-ku, biz nega qurolmas ekanmiz?”

“AES bo‘lsa, turmushimiz farovon bo‘ladi”

Ulken qishloq okrugi hokimi Kenjemurat Qasenov ham AES qurilishi tarafdori.

“AES bo‘lsa, turmushimiz farovon bo‘ladi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, nabiralarimz bu yerda ishlab, to‘kis hayot kechirishadi, deb umid qilaman. Men mutaxassis emasman, atomchi olim ham emasman, ekologik muammolar haqida hech nima deya olmayman. Balxash suvi kamayadi, albatta, bu yil ham xiyla sayozlashdi, biroq foyda-ziyonni obdon o‘ylab ko‘rish kerak. Hademay kengash bo‘ladi, ko‘p odam to‘planishini kutyapmiz, barcha masalalar muhokama qilinadi. Odamlar Balxash ko‘li, ekologiya va boshqa masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berishlari mumkin”,- deydi Kasenov.

“Atom energetikasi baribir zararli!”

AES qurilishi masalasi muhokama qilingan 22-avgust kuni Ulkendagi o‘rta maktab hovlisiga tumonat odam yig‘ilgan: jurnalistlar, Olmaota hokimiyati va energetika vazirligi mulozimlari u yoqdan bu yoqqa o‘tib-qaytishardi. Ekofaollar esa maktab darvozasi oldida plakatlarini baland ko‘tarishdi. Ular AES qurilishiga norozilik bildirish uchun Olmaotadan atay kelishgandi.

“Barcha chet el fuqarolari Qozog‘istonga viza bilan kelishlari kerak! Qozog‘iston ammalarining uyi emas, barcha moddiy boyliklar, imtiyozlardan eng avvalo qozog‘istonliklar bahramand bo‘lishsin. Biz juda ozchilikmiz, atigi 20 million! Janob Toqayev, o‘z xalqingiz demografiyasini o‘ylang, bu yerda ekologik xavfli ob’ektlar qurib, foydasini o‘zi bilan olib ketuvchi chet elliklarni emas!” -dedi yurist va jamoat faoli Madina Ko‘ketayeva.

Avgust oyida ekofaollar Olmaotada matbuot anjumani o‘tkazib, qozog‘istonliklarni “hukumat makriga uchmaslik”ka va atom stansiyasi qurilishiga qarshi chiqishga chaqirishgan edi.

Ekofaollar bu chaqiriqlarini Ulkenda o‘tkazilgan yig‘ilishda ham takrorlashgan: ular yana plakatlarini yoyib, AES qurishdan voz kechishni talab qilishgan. Ulken turg‘unlari esa o‘z navbatida: “Biz tinch atom tarafdorimiz!” deya xitob qilishgan.

Muhokamada konstruktiv muloqotga erishib bo‘lmagan.

“Biz atom elektr stansiyasi qurilishiga qarshimiz, u Balxashni o‘ldiradi!” deya qichqirishgan ekofaollar.

“Atomchi emassizlar-ku, zararli yoki bezararligini qayoqdan bilasiz? Buning ustiga Ulkenda yashamaysizlar”, deya javob qaytarishgan ayrim turg‘unlar ularga.

“Bu faqat Ulkenga oid masala emas, bu mavzuni butun Qozog‘iston muhokama qilishi lozim!”, deya yana hujumga o‘tishgan faollar.

Xaloyiqning g‘ala-g‘ovuri notiqlarning eski mikrofondan taralayotgan bo‘g‘iq ovozini bosib tushgan. Shovqin bir oz pasayganda ham spiker nima deyayotganini ilg‘ash qiyin edi. Bir mahal minbarga 30 yoshlardagi qorasoch yigit chiqqan. U o‘zini Ruslan Kurakov deb tanitgach, ovozini eshittirish uchun deyarli qichqirgancha so‘z boshlagan:

“Men uch yildan beri Ulkenda yashayman, qishloqda uylar huvillab yotibdi, infratuzilma rivojlanmagan. Atom stansiyasi taraqqiyotga turtki bo‘ladi, ish o‘rinlari yaratadi, hayotni izga soladi. Bu yerda baqir-chaqir qilayotganlar esa fitna chiqarishyapti, xalq ularning tomoqqa zo‘r berganiga aldanmasligi kerak. Ularning maqsadi bu yerda biz bilan tortishib, provokatsiya qilish!”

Undan keyin so‘zga chiqqan ayol energetika sohasida ishlashini, Ulkenda muqim yashashini aytgan.

“Biz, ulkenliklar bu qurilishni 40 yildan beri kutamiz, – deya bor tovushda so‘z boshlagan u. – GRES qurishdan boshladik, issiqliksiz, svetsiz yashadik, yaxshi-yomon kunlarni birga kechirdik! Ulken ahli, bu energiya bizga juda ham zarur, Qozog‘istonning markazi bo‘ladi bu yer! Tushuning, axir, bizning mintaqa seysmik jihatdan xavfsiz. Har hafta yer silkinadigan Yaponiyada 15 ta atom elektr stansiyasi ishlab turibdi. Mamlakatimizda elektr energiyasi yetishmaydi, ham juda qimmat. AES beradigan elektr bizga kerak! Biz tinch atom tarafdorimiz!”

Uning nutqini gulduros chapaklar bo‘lib turgan. Kimdir “Quyosh energiyasi-chi?” deya e’tiroz bildirgan, ammo bu so‘zlar shovqin ichida yo‘q bo‘lib ketgan.

“Tinch atom! Tinch atom!” deya xitob qilishgan odamlar.

Shundan so‘ng so‘z navbati ekolog Svetlana Mogilyukka yetgan. U ham, ko‘pchilik kabi, AES qurilishi muhokamasida qatnashish uchun Ulkenga atay kelgan.

“Hurmatli turg‘unlar! Bu yerda bo‘lgan gaplarni diqqat bilan tingladik, – deya xaloyiqqa yuzlangan ayol. – Sizlarga tayanch ma’lumot, haqqoniy axborot berilmayapti. Atom energetikasi sog‘liqqa ziyon qilmaydi, deyishyapti. Holbuki, uning ziyoniga doir malakali tadqiqotlar bor! AESlar yaqinida yashovchi bolalarda oqqon kasalligi ko‘p uchrashi, onkologik xastaliklardan o‘lim ko‘rsatkichi 24 foizga ko‘tarilishi qator tadqiqotlarda o‘z aksini topgan...”

Shu yerga kelganda negadir mikrofon ishlamay qolgan va Svetlana nutqini usiz davom ettirgan:

“Demoqchimanki, atom elektr stansiyalari ziyon keltiradi, ular radioaktiv qoldiqlar chiqaradi. Azizlar! Sizga yolg‘on gapirishmoqda! Muhokamalardan oldin odamlarni xolis tayanch axborot bilan ta’minlash kerak edi! Siz elektr energiyasi olishning boshqa usullari ham mavjudligini bilishingiz lozim. Ular samaradorlikda AESdan kam emas, eng muhimi – xavfsiz!”

Mogilyukning oxirgi so‘zlarini deyarli hech kim eshitmagan. Ozodlikning qozoq xizmati muxbirlariga ko‘ra, dastlab faollar ayolning shusiz ham pastroq ovozini qarsaklar bilan bosib tushganlar, keyin esa ular bilan turg‘unlar o‘rtasida bahs qizib ketgan. Ulkenliklardan birov Svetlanaga savol bermoqchi bo‘lgan, hatto so‘z so‘rab, qo‘l ko‘targan, biroq uning savoli ham, ko‘tarilgan qo‘li ham umumiy shovqin va taloto‘p ichida g‘arq bo‘lgan.

Shunday qilib, ikki soatlik muhokama hech bir natijasiz tugagan. Tomonlar biron to‘xtamga kela olmaganlar.

“Energetika vazirligida nodonlar o‘tirishibdi”

Muhokamada Yadroviy texnologiyalar xavfsizligi ilmiy-texnika markazi ijrochi direktorining o‘rinbosari Aleksandr Klepikov ham ishtirok etgan. U Qozog‘istonda AES qurilishiga qarshi emasligini, biroq ayrim narsalarni hisobga olish shartligini aytgan.

“Atom stansiyasi qurish juda qimmatga tushadi, unga ketgan xarajatlarni chiqarishga ancha yil kerak. Lekin bu davrdan o‘tib olingach, elektr energiyasi xiyla arzonlashadi. Ayni chog‘da men boshqa jihatlarga e’tiboringizni tortmoqchiman. AES – elektr energiyasi manbai, uni odatda sanoat ehtiyojlariga qarab qurishadi. Yaponlar bizda AES qurilishi bilan bog‘liq shart-sharoitni o‘rganib, so‘rashgan: “Atom stansiyasi samarali ishlashi uchun sanoatni rivojlantirish rejangiz qani? Elektr energiyasi manbai bilan birga, ushbu energiya iste’molchilari ham bo‘lishi kerak-ku”, deb. Biznikilar bu savolga tayinli javob bera olmaganlar. Mening pozitsiyam qanaqa? Birinchidan, sanoatimiz rivojlansin. Ikkinchidan, Qozog‘iston AES qurish bilan birga qandaydir texnologiyalarga ega bo‘lsin. Masalan, reaktor yoqilg‘isini o‘zi ishlab chiqarsin. Bu AES qurilishi qiymatini pasaytirgan, ham bizga zarur tajriba bergan bo‘lur edi. Qolaversa, yoqilg‘ini o‘zimizdan ortib, chet elga sotish imkonimiz bo‘lsin. AES qurilishi natijalarini men shunday tasavvur qilaman. Ammo, agar mutasaddilar AESga Qozog‘istonni katta sarf-xarajatga qo‘yadigan navbatdagi bekorchi megaloyiha deb qarayotgan bo‘lsa, menga buning keragi yo‘q”, degan ekspert.

Ulkendagi muhokamalarning ertasiga ekologlar AES qurilishi oqibatlarini xotirjamlik bilan tushuntirish maqsadida Olmaotada matbuot anjumani chaqirishdi. Anjumanda ekolog Svetlana Mogilyuk, energetik Aset Naurizbayev hamda biolog Marina Poux chiqish qildilar.

Jumladan, Svetlana Mogilyuk quyidagilarni aytgan:

“Ulkendagi jamoat muhokamasida atom energiyasi go‘yoki xavfsizligi va bu qurilish mintaqaga faqat foyda keltirishi haqidagi quruq gaplarni eshitdik. Biroq men professional ekolog sifatida shuni aytmoqchimanki, atom elektr stansiyasidan juda katta xatar bor. Bu xatar yetti darajaga bo‘linadi. So‘nggi, yettinchi darajaga 1986-yilda Chernobilda va 2011-yilda Fukusimada yuz bergan halokatlarni misol qilib keltirish mumkin. Quyi darajadagi avariyalar odatda keng jamoatchilikdan yashiriladi. Lekin, agar mavzuga chuqurroq kirsangiz, zararli qoldiqlar chiqishiga olib kelgan jiddiy avariyalar tez-tez bo‘lib turishidan va buni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ham tan olishidan voqif bo‘lasiz”.

Mogilyuk atom elektr stansiyasi odatdagi rejimda ishlagan taqdirda ham zararli moddalar – nuklidlar chiqarishini urg‘ulagan.

“Hech qanaqa filtr yoki to‘siqlardan foyda yo‘q, u baribir atrof-muhitda – suvda, tuproqda va ekotizimning boshqa tarkibiy qismlarida to‘planib qolaveradi va tirik organizmlarga ta’sir qiladi”,- degan ekspert.

Ekologning fikrini biolog Marina Poux davom ettirgan:

“Radionuklidlar – tritiy va radiouglerod havoga tarqalgach hayvonlardan tortib odamlargacha – barcha tirik organizmlar tanasida to‘planadi. Germaniyalik olimlar AESlar joylashgan hududlarda 5-9 yoshli bolalar sog‘lig‘ini kuzatib, ularning yarmidan ortig‘ida oqqon va boshqa saraton kasalliklarini aniqlaganlar. Aholi maskanlari yaqinida quriladigan bo‘lsa, AESdan qanaqa foyda bo‘lishi mumkin?”

Energetik Aset Naurizbayevga ko‘ra, hukumat “xolis muhokamalar o‘tkazish o‘rniga bir guruh korchalonning cho‘ntagini to‘ldiradigan, ammo badalini butun Qozog‘iston xalqi to‘laydigan loyihani tiqishtirish bilan shug‘ullanmoqda”.

“Muammo shundaki, energetika vazirligi nodon, lavozimiga noloyiq odamlar, ular yangilanadigan energiya manbalari qanday ishlashini bilishmaydi. Men bir necha marta hisob-kitob qilib ko‘rdim: agar butun mamlakat bo‘ylab to‘g‘ri taqsimlansa, yangilanadigan energiya manbalari atom stansiyasiga nisbatan anchagina ishonchli bo‘ladi. Lekin hukumatimiz olimlar fikriga tayanish o‘rniga sovetlardan qolgan dirijyorlik usulini mahkam ushlagan”,- degan Ozodlikning qozoq xizmati suhbatdoshi.

Ulkenda AES qurishning foyda-ziyonini muhokama qilinayotgan paytda poytaxtlik jurnalistlar energetika vaziri o‘rinbosari Jandos Nurmagambetovdan izoh so‘rashgan. Mulozim biron tayinli gap aytmagan, “stansiya qurilishidan oldin texnik-iqtisodiy asoslamalar ishlab chiqiladi, atrof-muhitga ta’sir baholanadi va barcha manfaatdor tomonlarning fikrlari olinadi”, deyish bilan cheklangan.

Rahbarlar harchand xaspo‘shlamasin, Qozog‘istonda ko‘pchilik “hukumat AES qurishga qaror qilib bo‘lgan, muhokamalar esa shunchaki ko‘zbo‘yash, xolos” deya xavotir olmoqda. Rostdan ham, agar muhokama Ulkendagi kabi pala-partish tashkil qilinsa, natija hukumat istaganidek bo‘lishi aniq. Holbuki, ekspertlar haqli e’tiroz qilishayotganidek, mazkur qaror ortida – Balxash bo‘yidagi kichkina qishloq istiqbolidan ko‘ra ancha katta narsalar turibdi.

“Biz, 20 millionli xalq hukumatimiz AES qurishdek falokatli qarorni tuman miqyosidagi ovoz berish yo‘li bilan qabul qilayotganini jimgina kuzatib turibmiz. Bu qaror mudhish oqibatlarga olib keladi: mamlakat milliardlab qarzga botadi, Balxash ko‘li quriydi”, deb yozdi ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik mashhur iqtisodchi Meruyert Maxmutova.