YeI Suriya rasmiylariga sanksiya joriy etdi

Yevropa Ittifoqi Suriyada namoyishlarning kuch bilan bostirilishiga javoban mamlakatning 13 nafar rasmiysiga sanksiya e‘lon qildi.

Prezident Bashar al-Assad nomi bu ro‘yxatda yo‘q, lekin uning ukalaridan biri ro‘yxat boshida turibdi.

YeI rasmiylariga ko‘ra, Suriyada namoyishlarning shavqatsiz bostirilishida mamlakat armiyasi bo‘linmalaridan biriga qo‘mondonlik qiluvchi Mohir al-Assadning ham qo‘li bor.

Endilikda YeI "qora ro‘yxati"ga kirgan bu shaxslar Ittifoq davlatlariga safar qila olishmaydi va ularning bank hisoblari ham muzlatiladi.

Huquq faollaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, mart oyidan beri Suriyada norozilarning hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvi oqibatida 600 dan 800 gacha fuqaro nobud bo‘lgan.

Aksar o‘lganlar Daraa va Homs shahri turg‘unlari ekani aytiladi.

Yevropa Ittifoqi Suriya hukumatidan muxolifatga qarshi qatag‘onni to‘xtatishni talab qilmoqda.