Taniqli aktyor Baxtiyor Qosimov 7 aprel kuni Toshkentning Xo‘ja Alambardor qabristonida dafn etildi.
2013 yili Gulnora Karimova tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Oltin Gepard” mukofoti sohibi bo‘lgan Qosimov¸ “Kelinlar qo‘zg‘oloni”¸ "Shaytanat"¸ "Olovli yo‘llar", "Gumrohlar", "Parizod", "Uchar otlar", "Yodgor" kabi jami 37 ta filmda turli xarakterdagi rollarni ijro etgan.
Saraton xastaligi bois olamdan o‘tgan aktyorning dafn marosimida¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ uning hamkasb va yaqinlari ishtirok etdi.
Marosimda qatnashganlarning Ozodlikka bildirishicha¸ militsioner va qorovullar nazoratida o‘tgan dafn marosimida aktyor va uning ijodi emas¸ ko‘proq o‘zbek yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni yot diniy oqimlarga qo‘shilishdan asrash haqida va’z qilingan.
“Aktyorni hurmat bilan so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun kelganlar¸ imomning 15 minutlik tarbiyaviy nutqi¸ xususan¸ Amir Temur tug‘ilgan kunini nishonlash borasidagi xabarlarni eshitishga majbur bo‘ldi”¸ deydi Ozodlik manbasi.