Линклар

Rossiyalik tergovchilar Moskvada so‘nggi oylarda sodir etilgan kamida 14ta qotillikka mas‘ul, deb ko‘riladigan “Banda GTA” guruhining O‘zbekiston Islomiy harakatiga aloqadorligini o‘rganmoqda.

Tergovchilar: GTA killerlari mintaqaga yuborilishi kerak edi

Rossiyada chiqadigan “Izvestiya” gazetasining mahalliy huquq-tartibot organlariga tayanib xabar berishicha, guruhning qo‘lga olingan ayrim a‘zolari “Markaziy Osiyodagi rejimlar”ga qarshi kurashish uchun Moskva chekkasida odamlarni o‘ldirish mashg‘ulotlarida qatnashganliklariga iqror bo‘lishgan.

Qo‘lga olinganlarning ayrimlari Moskva chekkasidagi qotilliklarni mashg‘ulot doirasida amalga oshirganliklarini aytganlar.

Ularni so‘zlariga ko‘ra, “Banda GTA” Markaziy Osiyodan kelganlarni o‘z vatanlaridagi rejimlarga qarshi kurashga tayyorlagan. Maxsus instruktorlar ularni qurol bilan ishlashga o‘rgatgan.

"Killerlar ohir-oqibat Markaziy Osiyoga yuborilishi kerak bo‘lgan", demoqda rossiyalik tergovchilar.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiylari matbuotda tarqalgan bu xabarlar yuzasidan Ozodlikka izoh bermadi.

“O‘zbekiston Islomiy harakati” Yevropa, Osiyo, AQSh va Rossiyada taqiqlangan terror guruhidir. To‘qsoninchi yillar o‘rtalarida paydo bo‘lgan bu guruh Markaziy Osiyodagi dunyoviy rejimlarni ag‘darib, islomiy halifat o‘rnatishni maqsad qilgan.

Bahrom Hamroyev: GTA haqidagi gaplarning ko‘pi uydirma

Moskvadagi “Yordam” maslahat huquqiy markazi direktori Bahrom Hamroyev Rossiya “Banda GTA” Markaziy Osiyo rejimlariga qarshi kurashish uchun “O‘zbekiston Islomiy harakati”ga killerlar tayyorlagani haqidagi Rossiya matbuoti xabarlari haqiqatdan ancha yiroq ekanini aytadi:

- Qanday qilib Rossiya poytaxti bo‘lmish Moskva chekkasida “O‘zbekiston Islomiy harakati” uchun qotillarni tayyorlash mumkin. Bu mutlaqo aqlga sig‘maydi. To‘g‘ri, “Banda GTA” deb ataluvchi guruh Moskva yo‘llarida mashina haydovchilarini to‘xtatib, o‘ldirgan degan xabarlar chiqqan. Go‘yoki qotillar odamlarni pulini olmas emish. Endi bular O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari, ularni O‘zbekiston Islomiy harakati uchun shunday qotilliklarga o‘rgatib, tayyorlashgani aytilayapti. Men bu gaplarni uydirma, deb hisoblayman. Qolaversa, Rossiya matbuotiga ishonch ham qolmagan. Mutlaqo asossiz xabarlar, spekulyatsiya juda ko‘p, - dedi Bahrom Hamroyev.

GTA a‘zolari haqida to‘liq ma‘lumotlar yig‘ilmoqda

Rossiyaliklar orasida “Banda GTA” deya nom chiqargan va asosan markaziy osiyoliklardan iborat bo‘lgan guruh shu yilni bahor oylarida paydo bo‘lgani aytiladi.

“Izvestiya” gazetasiga ko‘ra, hozir Rossiya maxsus xizmatlari O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistondagi hamkasblaridan Moskva chekkasida qo‘lga olingan shaxslar haqida to‘liq ma‘lumot olishga harakat qilayapti.

So‘nggi vaqtlarda Rossiyada O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy Harakatiga aloqador deb aytilayotgan kishilarning qo‘lga olinish hollari ko‘payayotgani kuzatiladi.

Bir qator hollarda taqiqlangan tashkilotlarga aloqador, deb qidirilgan o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik va tojikistonliklar Rossiya hududida panoh topganliklari ma‘lum bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG