Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:23

MXX Norvegiyadan qaytgan kamida yetti shaxsni so‘roq qilmoqda


Toshkent aeroportida bojxona tekshiruvi
Toshkent aeroportida bojxona tekshiruvi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Norvegiyadan qaytgan kamida yetti shaxsni so‘roq qilmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan manbaga ko‘ra, so‘roq qilinayotganlar so‘nggi bir necha yil davomida Norvegiyada noqonuniy ishlab, O‘zbekistonga pul jo‘natib turgan.

Nima qilding? Kim bilan uchrashding?

O‘zbek muhojirlari namoyishi
O‘zbek muhojirlari namoyishi

Ozodlik bilan suhbatlashgan Norvegiyadagi O‘zbekiston vatandoshiga ko‘ra, Toshkentda u bilgan kamida 7 kishi “taxminan bir oydan buyon kuniga 8-10 soatlab” xavfsizlik xodimlari tomonidan so‘roq qilinmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘roq qilinayotganlar hibsga olinmagan, biroq ularning har biri xorijda ekan nima ish qilgani, kim bilan muloqotda bo‘lgani va qay tariqa uyiga pul yuborib turganiga oid ko‘plab savollarga javob berishga majbur bo‘lmoqda.

Men tanigan yigitlar Norvegiyada nelegal ishlardi. Bu yerga Polsha va boshqa sharqiy Yevropa davlatlari vizasi bilan kelishadi. Qora ishlarga kirishadi. Bu yerga kelgan kamdan-kam odam vizasi kelmasdan chiqib ketadi. Besh yillab, o‘n yillab bu yerda qoladi. Misol uchun, pasporti muddati o‘tib ketgan, OVIR muddati o‘tib ketgan,“ dedi u Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatdoshning ilova qilishicha, hozirda so‘roq qilinayotgan 7 shaxs Norvegiyada muhojirlik maqomini olgan shaxslar orqali O‘zbekistondagi bank hisoblariga to‘plagan pullarini yuborib turgan va bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston maxsus xizmatlarining “qiziqishini uyg‘otgan bo‘lishi mumkin”.

Ozodlik suhbatlashgan Norvegiyada noqonuniy yashab yurgan boshqa o‘zbeklar so‘zlariga ko‘ra, ular vatanlariga qaytishga “qo‘rqib” yurishibdi.

Nega Skandinaviya davlatlari?

Fransiyadagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti" rahbari Nadejda Ataeva O‘zbekiston maxsus xizmatlarining Skandinaviya davlatlaridan qaytganlar ustidan nazoratni “oxirgi ikki-uch yil ichida kuchaytirgani"ni aytadi.

Ataevaga ko‘ra, o‘zbek muhojirlarining faollashuvi maxsus xizmatlarni xavotirga solmoqda
Ataevaga ko‘ra, o‘zbek muhojirlarining faollashuvi maxsus xizmatlarni xavotirga solmoqda

Nadejda Ataevaning ishonishicha, nazoratning kuchayishiga o‘zbekistonlik muhojirlarning faollashgani sabab bo‘ldi.

Umuman olganda, Skandinaviya mamlakatlarida o‘zbek siyosiy muhojirlarining eng yirik diasporasi yashaydi va ular inson haqlarini himoya qilish aksiyalarida boshqalarga qaraganda faolroq ishtirok etishadi. Yevropaning bu qismida, BMT konvensiyasiga muvofiq, qochqin maqomini olgan o‘zbekistonlik ko‘plab jurnalist, huquqbon hamda taniqli siyosiy va diniy faollar istiqomat qiladi. Bizning mamlakatdan bo‘lgan siyosiy muhojirlar xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyati haqida har qachongidan ko‘proq xabador eta boshlashdi. Bu jarayon O‘zbekiston maxsus xizmatlari jig‘iga tegayapti,” deydi Nadejda Ataeva.

Norvegiyadan boshpana olgan mustaqil jurnalist Yevgeniy Dyakonovning Ozodlikka aytishicha, Skandinaviya davlatlarining o‘zbekistonlik dindorlarga boshpana berib kelaëtgani Toshkentni xavotirga solib qo‘ygan.

Oxirgi paytlarda O‘zbekistonda nega bunday munosabat shakllandi? Mening nazarimda, O‘zbekistonda Skandinaviya mamlakatlari, xususan Shvetsiya va Norvegiya, O‘zbekistonga xayrixoh bo‘lmagan mamlakatlar sirasiga kiritilgan. Bunga sabab o‘zbekistonliklarga eng ko‘p Shvetsiya va Norvegiya siyosiy va diniy muhojir maqomini berganidir,” deydi Yevgeniy Dyakonov.

Norvegiyadan qaytgach O‘zbekistonda hibsga olingan shaxslar haqiad O‘zTV film ishlagan
Norvegiyadan qaytgach O‘zbekistonda hibsga olingan shaxslar haqiad O‘zTV film ishlagan

Rasmiy statistika ma’lumotlarini ishlab chiquvchi Norvegiya Markaziy institutiga ko‘ra, bu mamlakatda rasman 600 nafarga yaqin o‘zbekistonlik muhojir sifatida qayda olingan.

O‘zbek faollariga ko‘ra, Norvegiyada noqonuniy yashayotgan o‘zbekistonliklar soni rasman qayddan o‘tganlardan bir necha baravar ko‘pdir.

2014 yilda Norvegiya olti nafar o‘zbek muhojirini O‘zbekistonga qaytarib yuborgan edi.

Ular O‘zbekistonga qaytarilishi bilan qamoqqa olinib, diniy-ekstremizm hamda konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlik ayblovi bilan 12 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

"O‘zbekiston" telekanali bu shaxslarni jihodchilik va besoqolbozlikda ayblab, ko‘rsatuv namoyish qilgan edi.

Ushbu ko‘rsatuvdan so‘ng Norvegiya hukumati o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarni deportatsiya qilishni to‘xtatdi.

XS
SM
MD
LG