Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:16

"Shreder"dagi noyob daraxtlar kesilgani uchun institutni prokuratura bosdi


Toshkentda daraxtlar kesilayotganiga oid ELTUZ.COM karikaturasi.
Toshkentda daraxtlar kesilayotganiga oid ELTUZ.COM karikaturasi.

Akademik Mahmud Mirzaev (sobiq Shreder) nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Yo‘ldosh Saimnazarov institut hududida 52 ta noyob daraxt ruxsatsiz kesilganini Toshkent viloyat prokuraturasi tergovchilariga tasdiqlab¸ kesilgan daraxtlar kasallikka chalingan edi, deya sabab keltirgan.

Prokuraturaning Tekshiruv guruhi a’zolaridan birining Ozodlikkka bildirishicha¸ 2017 yil yanvarida kesilgan daraxtlarning to‘nkalari tekshirilganida ularning 22 tasi qurigani, 30 tasi esa to‘la sog‘lom daraxtlar bo‘lgani aniqlangan.

- Eng kamida 30ta sog‘lom daraxt mutlaqo asossiz kesilgani borasida tergov ishlari olib borilmoqda. Bizga bir oy ichida 150 ta daraxt noqonuniy kesilgani bo‘yicha shikoyat kelib tushgan edi. Tekshiruv davomida 58 ta daraxt kesilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha ma’lumotlarni o‘rganib chiqish uchun Toshkent viloyat prokuraturasi tergov ishlari olib bormoqda. Aybdor mulozimlar tekshirilmoqda¸ dedi tekshiruv guruh a’zosi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ institut direktori Yo‘ldosh Saimnazarov, ishlab chiqarish va marketing bo‘limi boshlig‘i Husan O‘taganov va moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abduvohid Toshmurotovlar kesilgan daraxtlar borasida prokuraturaga ko‘rsatma bergan.

O‘tin kambag‘allarga tarqatildi

Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik institutida ishlaydigan ilmiy xodimning Ozodlikka aytishicha¸ institut hududidagi daraxtlarning bir qismi qarovsiz qolib qurigani bois kesilgan:

- Parvarishsiz qolgan daraxtlar Toshkent viloyati Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi xulosasi asosida Toshkent Davlat agrar universiteti Botanika va agrobiotexnologiya kafedrasi ekspertlari ishtirokida kesildi. O‘tinlar institutda ishlaydigan va moddiy yordamga muhtoj kambag‘al xodimlarga tarqatildi. O‘tin oladiganlar ro‘yxatini kasaba uyushmasi tuzdi. Menga ham bir arava o‘tin tegdi¸ deydi ilmiy xodim.

Toshkent viloyat prokuraturasi tekshiruv guruhi a’zosining Ozodlikkka bildirishicha¸ kesilgan daraxtlarning o‘tin tarzidagi narxi o‘rganilib, institut xo‘jaligiga kirim qilingan:

- 52 ta ruxsatsiz kesilgan daraxt o‘tinlari institut buxgalteriyasiga kirim qilingan. Ammo surishtiruvlarga qarasak ular o‘tinni o‘zaro bo‘lib olishganini ko‘ramiz. Institut direktori Yo‘ldosh Saimnazarov bu daraxtlar kasal edi deb yozib berdi. O‘simliklarni himoya qilish instituti laboratoriya xodimi esa kesilgan daraxtlarning aksariyati mutlaqo sog‘lom bo‘lgan, bir qismi parvarishga muhtoj bo‘lgan, deb hulosa berdi. Bu holat bo‘yicha tekshiruv ketmoqda¸ deydi guruh a’zosi.

Boshqa kesmaymiz

Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutida uzoq vaqt ishlagan keksa olimlardan biri guruhi o‘tgan oy institut hududida o‘sayotgan asriy chinorlar kesilayotgani borasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga maktub bilan chiqishdi.

Maktub ortidan tabiatni muhofaza qilish inspektorlari bog‘dorchilik instituti hududiga kelib daraxtlarning noqonuniy kesilishi borasida institut rahbarlariga bildirgi bergan.

Inspektorlardan birining aytishicha¸ institut ma’muriyati daraxtlarni kesish paytida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganini tan olib, bundan buën xato takrorlanmasligi borasida tushuntirish xati yozib berishgan.

Farqli ko‘z qarash

Bog‘dorchilik institutida ishlaydigan ilmiy xodim Ozodlik bilan suhbatda masala bo‘rttirilayotganligini ta’kidladi:

- Shikoyat yozganlar institutimizdagi kamchiliklarni o‘zimizga aytganida balki shu daraxtlar ham kesilmagan bo‘larmidi. O‘sha shikoyatchilar arizasidan keyin ular bilan institutimiz rahbari ham gaplashdi. Nega xatolik bo‘lganidan keyingina murojaat qilyapsizlar¸ nega vaqtida kelib yoshlarni qo‘lidan arrani olmadingiz, deb tushuntirdi. Ular tomoshabin bo‘lib turib¸ g‘isht qolipdan ko‘chganidan keyingina shikoyat qilishgan. Lekin ularning bir gapi to‘g‘ri institutning ilgarigi obro‘yi va salohiyati tiklanishi kerak. Hozir prezidentimiz imzolagan 79 protokol asosida institut mavqeini oshirish ustida ishlayapmiz, dedi suhbatdosh.

Unga ko‘ra “agar daraxt kasalga chalinsa yoki qurisa uni kesish kerak”.

Institut tarixi

Toshkentdagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiëdagi eng keksa ilm maskanlaridan biridir.

Institut 1918 yilda taniqli agronom olim Rixard Shreder tarafidan tashkil qilingan bo‘lib 1939 yildan to 2013 yilgacha Shreder nomidagi institut sifatida faoliyat yuritgan.

2013 yil avgustda institutga akademik Mahmud Mirzaev nomi berilgan.

Institut 11 gektar joyni egallagan bo‘lib 23 bo‘lim¸ laboratoriya va karantin pitomnikiga ega. Bu yerda 300 nafar ilmiy xodim ishlaydi.

2014 yildan boshlab institutda virussiz ko‘chatlar yetkazuvchi AQSh andozasidagi biotexnologiya laboratoriyasi ish olib bormoqda.

XS
SM
MD
LG