“Qiynoqdan omon qolgan o‘zbek tutquni unga (qiynoqqa) qarshi sukut bilan kurashmoqchi” nomli maqola Sanjar Umarovning to‘rt yil davomida o‘zbek qamoqxonasida bir kishilik kamerada boshdan kechirgan ko‘rgiliklarining qisqacha hikoyasi bilan boshlanadi.
Maqolaning audiosini eshiting:
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari jahondagi eng repressiv rejimlardan biri, deb tasnif beruvchi “O‘zbekiston hukumatini tanqid qiluvchilar bo‘lsa, janob Umarov ularning sardori bo‘lishi kerak edi. Bu suhbat uning uchun imkoniyat edi”, deya xulosa qiladi New York Times muxbiri Si Jey Chivyers.
Lekin, janob Umarov O‘zbekistonga nisbatan ginasi yo‘qligi va hatto qamoqxonada bo‘g‘iq bo‘lib qolgan ovozi tiklanganda ham keskin ayblovlarni xitob qilishni istamasligini aytadi, deyiladi maqolada.
Sanjar Umarov inson huquqlari tashkilotlari hujjatlashtirganidek, O‘zbekistonda qiynoqlar hukumat rasmiylari ko‘rsatmalariga ko‘ra qo‘llanadi, degan xulosalarni inkor qilib, qiynoqlar qamoqxona nazoratchilari xohish-istagi bilan qo‘llanadi, degan fikrni ilgari suradi.
“Nazoratchilarning hammasi ham yomon, demoqchimasman. Ularning orasida yaxshilari ham, yomonlari ham bor. Qamoqxona tizimining noshaffofligi bois yomonlari o‘z lavozimlarini suiiste‘mol qiladi”, deya ta‘kidlaydi “Serquyosh O‘zbekistonim” koalitsiyasi asoschisi.
O‘tgan yili O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi aralashuvi bilan ozod qilingan Sanjar Umarovning bu fikrlari Human Rights Watch, Amnesty International va ko‘plab xalqaro hamda mahalliy inson huquqlari tashkilotlar shu paytgacha aytib kelgan o‘zbek qamoqlaridagi qiynoqlar sistematik tus olgan, degan xulosalarini inkor qiladi.
Bu xulosalarni 2002 yilda O‘zbekistonga borib vaziyatni bevosita o‘rgangan BMTning o‘sha paytdagi qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Teo van Bovyen o‘z hisobotida qayd etgan edi.
O‘zbekistonga safaridan ko‘p o‘tmay Ozodlikka bergan intervyusida janob van Bovyen, jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoqlardan O‘zbekiston hukumati, jumladan, shaxsan prezident Islom Karimovning xabardorligiga shubha qilmasligini aytgan edi.
- Bilasizmi, uning, ya‘ni Karimovning bu haqda xabari bo‘lishi kerak. Davlat rahbari bo‘la turib bu narsalardan xabarim yo‘q, deb o‘zingizni go‘llikka sololmaysiz. Chilining sobiq diktatori Pinochet ham qamoqlarda qiynoqlar borligidan bexabarman deganlardan biri edi. Lekin keyinchalik uning qamoqlarda ro‘y berayotgan bedodliklardan xabari bo‘lgani, chunki o‘zining xavfsizlik xizmati boshlig‘i bilan har kuni gaplashib, vaziyatdan boxabar bo‘lib turgani aniqlangan edi. Prezident Karimov ham qiynoqlardan xabari borligi shubhasizdir va buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak, degan edi 2003 yilda Teo van Bovyen Ozodlik bilan suhbatda.
Sanjar Umarov kabi O‘zbekiston qamoqxonasida o‘tirib chiqqan, lekin undan farqli o‘laroq, AQSh elchisining muruvvatidan foydalana olmagan Muhammadsolih Abutov “Serquyosh O‘zbekistonim” koalitsiyasi asoschisining qiynoqlar davlat siyosati emas, degan fikrlarini soddadillikka yo‘yadi.
- Bir sutkada 24 soat bo‘lsa, 24 soatga tegishli bo‘lgan hamma, deylik jismoniy bo‘lsin, ma‘naviy tomonlama, hamma tomonlama qiynoq turlari ishlab chiqildi, o‘ylab chiqildi va butun muassasa ma‘muriyati shunga safarbar qilindi. U odam bekorlarni aytibdi. To‘g‘ri gap emas u gap. Bunday fikrlash juda sodda fikrlash bo‘ladi. Bu hammasi tepadan bajarilgan. Asosan SNBning o‘zi turibdi tepasida. Shular tarafidan qilinaëtgan davlat siësati bu. Bundan boshqacha tushunishlik soddalik bo‘ladi, deydi Muhammadsolih Abutov.
Qiynoqlarni o‘z tanasida sinagan sobiq mahbus Muhammadsolih Abutov ham qiynoqlar uchun shaxsan davlat rahbari mas‘ul ekaniga shubha qilmaydi.
- Men bunga aminman. Buni shaxsan o‘zining rahbarligida, o‘zining talabi bilan bo‘layotganligiga aminman. Shunday deb tushunaman. Chunki uning 20 yildan beri xabari bo‘lmasligi mumkin emas. Uning shu paytgacha tutgan, yuritgan siësati, qaysidir sessiyalarda turib gapirganligi, dindorlarga nisbatan gaplari, turmada o‘tirib bizlar buni ko‘rar edik, kuzatib kelar edik. Uning sessiyada aytilgan gaplari ohangidan biz zonadagi pogoda qaysi tarafga o‘zgarishini bilar edik. U yerda aytilgan gapning bir haftadan keyin zonada ta‘siri bo‘lar edi. Natijasini ko‘rar edik, deydi sobiq mahbus Muhammadsolih Abutov.
Ozodlikka chiqqanidan beri birinchi intervyusida Sanjar Umarov, o‘zining ozod etilganini O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkinligiga ishora sifatida ko‘rishini aytadi.
Suhbat asosida hosil bo‘lgan “Qiynoqdan omon qolgan o‘zbek tutquni unga (qiynoqqa) qarshi sukut bilan kurashmoqchi” nomli maqolada “Serquyosh O‘zbekistonim” koalitsiyasi asoschisi O‘zbekistonda qiynoqlar muammosini hal etishning yo‘llaridan biri o‘laroq, so‘roq o‘tkaziladigan kameralarga video-kameralar o‘rnatishni taklif qiladi.