Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:12

Vatandan qaytish


Kyrgyzstan - Suleiman Hill (Suleyman Tau) in Osh, undated
Kyrgyzstan - Suleiman Hill (Suleyman Tau) in Osh, undated
Sarvar Usmon

26 iyul, dushanba, kechki soat 6. Komandirovka tugadi. O‘sh aeroporti. Chamadonni yurar lentaga qo‘ydim – rentgen qutiga kirib ketdi.

O‘zim pasportimni melisaga berib, metaltopgich kesakidan o‘tdim, qayrilib pasportimga qo‘l uzatdim.

- Jinoyat-qidiruv bo‘limidan spravkangiz qani? – so‘radi boyagi melisaning ortidagi baland stol ortida turgan, kiyimidan na melisaligini, na harbiyligini tushunib bo‘ladigan yigit. Pasportimni uning qo‘lida ko‘rdim.

- Jinoyat-qidiruv bo‘limidan spravkangiz qani?

- Qanaqa spravka?

- Demak, yo‘q. 1000 so‘m shtraf.

- Ey bola, sen nima deyapsan, qanaqa spravka, qanaqa shtraf?

- Jinoyat qilmaganingiz to‘g‘risida spravka...

- Bir hafta bo‘ldi O‘shga kelganimga, jinoyat qilishga vaqt bo‘lgani yo‘q. Muxbirman, Ozodlik radiosi muxbiri.

Melisa-harbiy birdan o‘zgardi. Pasportimni uzatdi.

- Ey, to‘xta, sen menga tushuntir, qanaqa spravka talab qilayapsan, nima uchun birpasda 1000 so‘m shtraf solib qo‘yayapsan, menga tushuntir?

- Nachalnikdan so‘rang.

- Nachalniging qayerda?

- Bilmayman.

Pasportimni qo‘limga olib shundoq o‘girilsam, ortimda butun respublika taniydigan bir o‘zbek siyosatchisi turibdi. Bir paytlar u viloyat gubernatori bo‘lgan. U ham men chiqadigan uchoqqa chiqishi kerak, boya - 5 daqiqa oldin aeroport binosi oldida undan intervyu ham oluvdim.

- Ko‘rdingizmi ahvolni, Falonchi aka, spravka talab qilishayotgani qonuniymi?

Siyosatchi aka ko‘zlarini olib qochdi. Bir narsalar deb ming‘irladi.

U kishini hijolat qilib qo‘yganimdan hijolat bo‘ldim.

Hozir ham uni vaziyatni tushuntirish uchungina eslayapman.

O‘sha paytda Falonchi akaga rahmsizlik qildim.

Qo‘lidan ish kelmasligini bilardim.

O‘shda ochiqdan-ochiq qilinayotgan talonchiliklarni, xususan, aeroportdagi talonchilikni to‘xtatishga kuchi yetadigan biron bir o‘zbek yo‘qligini bilardim.

Melisa-harbiy mendan undirmoqchi bo‘lgan qariyb 30 dollar pul – O‘sh aeroportidan uchayotgan har bir o‘zbekka solingan soliq.

Shu kunda – oktabrning oxirida vaziyat qandayligini bilmayman, lekin iyul, avgust oylarida samolyotga chiqqanki o‘zbek o‘sha soliqni to‘lamay chiqmadi.

Aviachiptani qayddan o‘tkazdik.

Perron.

Uchish maydoni.

Dunyoning bir necha mamlakatida bir necha o‘n yil uchib, sharti ketib, parti qolgan An-24. U shu qadar eskiki, kabinasi tomidan dumiga tortilgan simni (antenna bo‘lsa kerak) uchib ketayotganda dumi uzilib ketmasin uchun boylab qo‘yishgan, degan xayolga boraman.

Samolyot saloni. O‘tirg‘ich sinib ketmasin, deb ohista cho‘kaman. Birgina fikr – uchuvchilar xudkush bo‘lmasa kerak, biz bilan birga uchishadi-ku, demak Bishkekka yetib olamiz, degan fikr bu "hilvillab" turgan "teshik tog‘ora"dan tushib qochishdan tiyadi.

Tushib qolganimdayam yana o‘sha O‘shmi?

Yana millatdoshlarimning tinimsiz yig‘i-sig‘isimi? Ularning men javobini bilmaydigan behisob savollarimi? Mutlaq ojizlik hissimi?

Mening O‘shda qolishimdan emas, O‘shdan ketishimdan foyda ko‘proq: qolsam – ularning biriga aylanaman, ketsam – dardimizni gapiradigan bir hamyurtimiz bor, deb o‘ylashadi, o‘zlarini o‘zlari ovutadi.

Birdan quloqni qomatga keltirib shovqin paydo bo‘ladi.
Uchoq dirillaydi, vahimali qaltiraydi: parraklari aylana boshladi.

Parraklar o‘qidan chiqib ketsa, kelib bortga uriladimi yo nariyoqqa uchib ketadimi, deb o‘ylayman.

Chalg‘ishga urinaman.

Taqdirning o‘yinlarini o‘ylayman. Har yili yozda mehnat ta‘tilimni o‘tkazish uchun keladiganim shaharga bu yil bir mehmon muxbir bo‘lib kelganim alam qiladi.

Aslida O‘shga mehmon sifatida ikkinchi marta kelishim.

Birinchi marta bundan yo 31 yoki 32 yil oldin – 70-yillarning adoqrog‘ida, Toshkentda o‘qib yurganimda kelganman.

Bahor edi. Bir kuni institut kasaba uyushmasi qo‘mitasiga chaqirtirib qolishdi. Bordim.

- Gde tы xodish, tri dnya iщyem, tebya nevozmojno nayti?!

- ...

- Po domu soskuchilsya?

"O‘ldi, - dedim, - progulchi, deb haydashvorarkan-da. Lekin nima uchun rektorat haydamay profsoyuz haydashi kerak?"

- Nu, da, soskuchitsya qildim, dedim talmovsirab.

- Vot tebe putyovka na 10 dney v Oshskiy Dom otdыxa, poyedesh, otdoxnesh, mat uvidish.

- A chto ya ploxogo sdelal, - deyman har ehtimolga qarshi.

Qo‘limga tutqazib qo‘yilgan yo‘llanmaga qarayman, chindan ham ism-familiyam yozilgan, chindan ham O‘shga...

- Yezjay-yezjay, a to mojem i peredumat.

Baribir "peredumat" qilishmasa kerak edi. Boradigan odam topisholmagani uchun yo‘llanma xayf bo‘lmasin, deb menga berishgan bo‘lsalar kerak-da: o‘shlik – jon, deb boradi.

***

- Ha, bolam, tinchlikmi? Kelib-ketganingga ikki haftayam bo‘lgani yo‘g‘-u, - hayron bo‘lgandi onam.

- O‘zimizzi dom oddixga keldim. Yo‘llanma bilan mukofotlashdi yaxshi o‘qiganim uchun. Ilgari kuni butun institutni to‘plab, yig‘ilish o‘tkazishdi. Ministrning o‘zi kelib, “xohlasang Sochiga bor, xohlasang O‘shga bor, senday a‘lochi studentlarni qadrlashimiz kerak”, dedi. Men sizni sog‘inib ketganim uchun “O‘shga boraman”, dedim. “O‘qib charchading, dam ol”, dedi ministr.

(Aldagani ona yaxshi. Lekin yolg‘onlarimda rost unsur ham yo‘q emasdi. Rostdan ham imtihonlarni "a‘lo"ga topshirardim, diplomim qizil, biroq mana 30 yil bo‘ptiki, deyarli darsga qatnamagan menday takasaltangga qanday qilib qizil diplom berishganiga hanuz tushunolmayman)

- Voy muncha yaxshiykan ministring, senday yosh bolani dom oddixka jo‘natsa, - dediyu onam boshimdan oyog‘imgacha razm solib qo‘ydi.

Hech charchaganga o‘xshamadim shekilli, har holda, "Sening o‘rningga domlalaringdan birontasi kelmabdi-da", dedi.

- Bilmadim... - bu so‘zni tashimda aytdim.

"Institutga hech yo‘q domlalar borib turishi kerak-ku, biz studentlar darsga bormasak, domlalar dom oddixma-dom oddix yursa institut bo‘m-bo‘sh bo‘pqoladiyu!" Bu gapni ichimda aytdim.

Dom otdixga borib yotib olish erish tuyuldi. Kechgacha uyda yuravyerdim. Kechga yaqin onam: "Bor bolam, dom oddixinga, gap tegib qolmasin", dedi.

"Ha, mayli, borsam boraychi, tansa-mansa bo‘lar, qizlar-qimizlar, deganday..."

Xullas, onamning gapiga kirib, 10 kunlik yo‘llanmaning bir kunini "ishlatdim".

Kechqurun borsam, dom otdixda chindanam tansa bo‘layotgan ekan.

Hammasi kattalar, katta kishilar, katta xotinlar, eng yoshi 30 ga kirgan.

G‘itta-g‘itta,
G‘itta-g‘it.
G‘itta-g‘itta,
G‘itta-g‘it.

Birpasda zerikib ketdim. “Uyga ketvoray” desam, ancha kech bo‘pqolgan. Xonaga kirib yotib, uxlavoldim.

***

Uyg‘onim ketdim. Qayerdaligimni bilishga urindim. Qarasam, o‘tiribman. Shovqin. Samolyot shovqini. Yonboshga qaradim. Parrak chirillab aylanayapti. Ko‘zlarim qizil nurdan qamashdi: ufqda quyosh botayapti. Pastga qarayman: tog‘lar.

Boshimni olaman. Suyanchiqqa tashlayman. Oyoqlarimni uzataman. Kerishaman. Ruhimda g‘alati bir yengillik. Kasaldan turgan odamda bo‘ladigan yengillik. Hayron bo‘laman. Qachon kasal bo‘ldim? Uyquga ketishdan oldin kasalmidim? Nimani o‘ylovdim uyquga ketishdan oldin? Ha, ha, talabalik yillarimda O‘shga kelganimni. E, haa, O‘shdan ketayapman.
O‘sh qolayapti o‘zining dardi bilan. Kasaldan turmabman men. Kasalni o‘zim bilan olib ketayapman. Boyagi yengillik bir zumda g‘oyib bo‘ldi...

Samolyotni silkinmay uchadigan qilishsa bo‘lmaydimi?!

Agar silkinmay uchsa, hech yo‘q bir soatga, b i r
s o a t g a g i n a unutgan bo‘lardim mana qariyb 50 kundan beri Vatanda davom etayotgan dahshatni.

Haqqim bordir, b i r s o a t g a g i n a unutishga?!

Yoki yo‘qmi?
XS
SM
MD
LG