Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:29

Mustaqillik haqida afsona film


Mustaqillik 20 yilligiga bag‘ishlangan filmda I. Karimov hatto KPSS Markazqo‘midan cho‘chimaydigan, g‘alayon ichiga otda kirib bora oladigan dovyurak siyosatchi sifatida ko‘rsatiladi.
Mustaqillik 20 yilligiga bag‘ishlangan filmda I. Karimov hatto KPSS Markazqo‘midan cho‘chimaydigan, g‘alayon ichiga otda kirib bora oladigan dovyurak siyosatchi sifatida ko‘rsatiladi.
Mahatma Gandi, Jorj Vashington, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Nelson Mandela. O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatilgan film mualliflarining fikricha, bu shaxslarni ikki tarixiy fenomen birlashtirishi mumkin. Biri bu shaxslar o‘z millati mustaqilligi va ravnaqi uchun kurashgan bo‘lsa, ikkinchisi ularning hammasi tarixda Islom Karimovchalik iz qoldira olgani bilan faxrlansa arziydi. Har qalay, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi suratga olgan “Mustaqillik arafasida yoki sho‘rolarning so‘nggi talvasasi” filmidan shunday xulosa chiqarish mumkin.

Tutanxamondan Mandelagacha

Asosan Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligiga erishish yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligiyu, boshdan kechirgan sarguzashtlariga bag‘ishlangan filmda Vashington, Gandi, Mandeladan avval Qadimgi Misr firavni Tutanxamon yasattirgan piramidalar, Qadimgi Xitoy imperatori Qin Shi Xuang ko‘tartirgan Buyuk Devor, Qadimgi Akropolda Donishmandlik va Dovyuraklik Xudosi Afina ibdatxonasi, Flaviylar sulolasi qurdirgan Kolizey tasvirlari ko‘rsatilgani hisobga olinsa, unda bu tarixiy shaxslar ham prezident Karimov bilan tenglasha olganidan faxrlansalar arziydi, degan shama bor:

“Qachon inson erkin g‘urur, o‘z shani va qadr-qimmatini anglash tuyg‘usi paydo bo‘ladi? Qachon odamzod tinch va osuda, farovon hayotga erishadi? Qachonki inson hech kimga qaram bo‘lmasdan mustaqil bo‘lib, ertangi kunga ishonch bilan yashash imkoniga ega bo‘lsa, qachonki uning jondan sevgan aziz vatani mustaqil bo‘lsa, tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi o‘z elini mustaqillikka olib chiqishga qodir bo‘lgan buyuk shaxslarni yaratadi.”

Film mualliflarining qat‘iy ishonchiga ko‘ra, Islom Karimov ana shunday shaxslardan biridir.

“Mustaqillik arafasida yoki sho‘roning so‘nggi talvasasi” filmi yaqinda chop etilgan va Karimov qalamiga mansub ekani aytilayotgan “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” nomli kitobdagi kabi “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” kampaniyalari, sobiq Markazdan yuborilgan “desantchilar” guruhlarining o‘zbek xalqiga nisbatan tazyiq va ta‘qiblari davrida Islom Karimovning “tarixiy qadamlar” qo‘ygani, hamda shu yillarda ro‘y bergan Farg‘ona, Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealari paytida dono qarorlar qabul qilgani haqida hikoya qilinadi.

Mustaqillikdan qo‘rqqan Sovyet Ittifoqining otashin himoyachisi

Filmda aks etilgan 90 yillar boshlarida O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati bo‘lgan Abduvohid Pattayev Karimovning O‘zbekiston mustaqilligiga qo‘shgan hissasini e‘tirof etadi. Lekin film mualliflari bu hissani biroz bo‘rttirib yuboribdilar, deydi.

- Har qanday prezident ham o‘zining mavqeini saqlab qolish uchun kurashadi. Albatta bu ma‘noda Karimovning o‘sha vaqtda qilgan ma‘lum bir xizmatlari bor. Lekin Karimovning rolini gapirganda, o‘sha vaqtdagi parlamentni eslamaslikka harakat qilishadi. Agar o‘sha vaqtdagi parlamentning xizmatlarini hisobga olmasdan ketilsa, kulgili bo‘ladi. Chunki Islom Karimovni prezident qilib saylagan ham o‘sha vaqtdagi parlament. Karimovni mana shu qadamlarni qo‘yishga majbur qilgan o‘sha vaqtdagi parlament bo‘lgan. Karimov parlament bilan birga ishlashga majbur bo‘lgan. Shuning uchun buni “faqat prezidentning yutug‘i” deb gapirish noto‘g‘ri,- deydi Oliy Kengash sobiq deputati.

Abduvohid Pattayevning sobiq hamkasbi va O‘zbekiston Erk Demokratik partiyasi yetakchisi Muhammad Solih filmda ilgari surilgan iddaolarni keskinroq ifodalarda izohloaydi.

- Bunday iddao masxarabozlikning o‘zi. Boshqacha bir ifoda topa olmadim. Chunki Karimov iqtidorga kelgan 1989 yil iyundan boshlab, to Yanayevning xuntasigacha mustaqillikka qarshi bo‘lgan odam. Karimov 1989 yil iyun oyida iqtidorga keldi va 1991 yil 21 avgustgacha Sovyet Ittifoqini otashli bir shaklda himoya qilgan va uning uchun butun g‘ayrati bilan ishlagan odam.

Muhammad Solih tilga olgan GKChPning uch kunlik hukmronligi haqida “sho‘rolarning so‘nggi talvasasida” ham hikoya qilinadi. Syujeti prezident kitobiga qurilgan film mualliflari “o‘zlarini davlat favqulodda holat qo‘mitasi, deb e‘lon qilgan bir guruh siyosiy avantyuristlar” Mixail Gorbachyov boshchiligidagi qonuniy hokimiyatni ag‘darib, davlat to‘ntarishini sodir etishganini ham eslaydi. Bunda ularning iddaosiga ko‘ra, o‘sha kunlari Hindistonda safarda bo‘lgan prezident Karimov vaqtidan ilgari O‘zbekistonga qaytib keladi va GKChPning “bir guruh gumashtalari”, uning yo‘qligidan foydalanib chiqargan qarorlarni bekor qiladi:

“Toshkent aeroportida yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda markazdan kelgan uch nafar general kutib oldi. Bu mavjud qonun-qoidalarga mutlaqo zid edi. Islom Karimov o‘sha kuni kechqurun hukumat a‘zolari bilan uchrashib O‘zbekiston hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKChP gumashtalari O‘zbekiston hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor qildi. O‘zbekiston hududida GKChP faoliyati batamom to‘xtatildi.”

GKChPni keskin qoralagan va O‘zbekiston xalqini Putch buyruqlariga bo‘sinmaslikka chaqirgan Erk yetakchisi Muhammad Solih ham o‘sha kunlarni yaxshi eslaydi.

- Bu g‘irt yolg‘on. Tom teskarisi bo‘lgan. Karimov samolyot bortida turib Yanayevga tabrik telegrammasi jo‘natgan. O‘sha paytda buni butun dunyo bilgan va eshitgan. Qanday qilib bu yaqindagina bo‘lib o‘tgan voqealarni soxtalashtiradi? Bu aqlga sig‘maydigan gap. O‘zbek xalqi bilishi kerak. O‘zbek xalqi shuni bilishi kerakki, 21 yildan beri O‘zbekiston hukumati tepasida turgan odam O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining mustaqilligiga qarshi bo‘lgan birinchi odam va buning uchun so‘ngigacha kurashgan odam. Ammo Sovyet Ittifoqi yiqilganidan keyin majbur bo‘lib mustaqillik tarafdorlari tomoniga o‘tdi. U ikkiyuzlamachi, munofiq bir inson.

Erk yetakchisi, mustaqillikka erishish tarixini eslar ekan, aslida O‘zbekiston Oliy Kengashi mamlakat mustaqillik deklaratsiyasini 1991 yil 31 avgustdan ancha avval qabul qilgan edi, Karimov esa nafaqat bu deklaratsiyaga qarshi chiqqan, balki undan qo‘rqib, qochib ketgan edi, deya davom etadi.

- Biz O‘zbekiston musatqillik deklaratsiyasini 1990 yil 20 iyunda Oliy Kengashda qabul qildik. Deputatlarning 90 foizi Karimovning xohishiga qarama qarshi bir shaklda bu deklaratsiyaga ovoz berdi. Karimov deklaratsiya qabul qilingan kuni kechqurun Andijonga qochib ketdi. Men bu so‘zni mubolag‘a qilib aytayotganim yo‘q. Haqiqatan ham qochib ketdi. O‘sha kuni mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekiston radiosida va televideniyesida e‘lon qilinmadi. Buni Karimovning buyrug‘i bilan e‘lon qilishmadi. Chunki bu deklaratsiya Moskvaning ijozati olinmasdan, Moskvaning xohishiga qarama qarshi ravishda xalq vakillari tarafidan qabul qilingan edi. Karimov bundan juda qo‘rqib ketdi va shuning uchun Toshkentda bo‘lmaslikka harakat qilib, Andijonga bahona bilan qochdi.

Mustaqillik "chavandozi"

"Mustaqillik arafasida" filmida Namangandagi voqealar tasvirlangan bu videodan ham lavhalar bor, lekin Karimovning "aqidaparastlar" yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldosh oldida tiz cho‘kib o‘tirgani ko‘rsatilmagan.
O‘zbekiston mustaqilligiga erishish yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligiyu, boshdan kechirgan sarguzashtlari qatorida film mualliflari masalan, Islom Karimovning Bo‘ka voqealari paytida g‘azab otiga mingan olomon ichiga ot minib kirib borgani, Namanganda hokimiyat binosini egallab olgan aqidaparastlar ichiga kirib borib ularga qarshi chiqqani va shunga o‘xshash boshqa holatlarni hikoya qilib beradi. Film mualliflarining ishora qilishicha, ana shu ma‘noda "Mahatma Gandi yoki Nelson Mandela O‘zbekiston yetakchisi bilan bir qatorda yodga olinishga arziydilar".

Islom Karimovga 1991 yildagi prezidentlik saylovlarida yagona raqib bo‘lgan Muhammad Solihning bu borada o‘z qarashi bor.

- Bu Nelson Mandelaning ustidan, Gandi ustidan kulish va ularga haqorat bu. Ularni bir munofiq bilan yonma-yon qo‘yish buyuk insonlarning xotirasi uchun haqorat. Haqiqatan, Karimovning hukmronligi, Karimovning davlat tepasiga kelishi tarixning burilish paytiga to‘g‘ri keldi. Ammo Karimovga o‘xshagan insonlar tarixiy burilish paytidagi kurmaklardir xolos.
XS
SM
MD
LG