Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:46

O‘zbeklar Qozog‘iston va Qirg‘iziston paxtasini terayapti


Shu kunlarda qozoq fermerlari Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona vodiysiga borib, ommaviy ravishda ishchilarni Qozog‘istonga paxta terimiga olib ketayaptilar.

Qozoq fermerlari, jumladan, Surxondaryoning Bandixon tumanida uyma-uy yurib, fuqarolarni paxta terish uchun Qozog‘istonga olib ketayapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan denovlik kollej talabasi Shavkat maktubida aytilishicha, O‘zbekistonga nisbatan ko‘proq haq va‘da qilayotgan qozoq fermerlari so‘ziga ishonib, surxondaryoliklar ommaviy ravishda Qozog‘iston tomon yo‘l olayaptilar.

Surxondaryoning Oltinsoy tumanidan bo‘lgan Sherzod aka ayni paytda oilasi bilan Janubiy Qozog‘istonning Sariog‘och tumanida paxta terayapti.

Sherzod akaga ko‘ra, qozoq fermerlari paxta terish mavsumiga o‘zbekistonliklarni jalb qilish mexanizmini juda yaxshi yo‘lga qo‘ygan.

- Qozog‘istonning odamlari borib, Surxondaryodan olib keladi terimchilarni. Paxtasini terdirib, keyin tamojnyadan o‘tkazib qo‘yadi. O‘zbekistonning tamojnyasi - Qoplonbek, Mayskiy bor, Chernyayevka bor - shu yerlardan o‘zbek terimchilarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Paxtasini terdirib, bir oy teradimi, 25 kunmi, keyin yana tamnojnyadan o‘tkazib qo‘yadi. Agar "avtobusda ketaman" desa, ippodromga, "poyezdda ketaman" desa, vokzalga olib borib qo‘yadi. O‘zbekistondan xotin-qizlar keladi, bolalar keladi, qari odamlar keladi. Ko‘pincha ayollar, yosh qizlar keladi, - dedi Sariog‘ochda paxta terayotgan oltinsoylik Sherzod aka.

Uning aytishicha, ikki yildirki, ikki qizi, o‘g‘li va kelini bilan birga Sariog‘ochda paxta mavsumi tugaguncha paxta teradi.

Sherzod akaning ta‘kidlashicha, oilasidagi 6 kishi kuniga o‘rtacha 500 kilogrammdan paxta teradi, har paxta mavsumida uning oilasi 1500 AQSh dollaridan ziyodroq pul ishlaydi.

Sherzod aka oilasi bilan mahalliy o‘zbeklardan birining uyida ijarada turadi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar esa dala shiyponlariga joylashadi. Unga ko‘ra, umumiy yotoqxonaga aylangan bunday joylarda yashash uchun sharoitlar umuman yo‘q, desa ham bo‘ladi. Ayrim joylarda ish beruvchilarning o‘zi o‘zbek terimchilarini turar-joy va oziq-ovqat bilan ta‘minlaydi. Bunday holatlarda esa paxtaga to‘lanadigan haq nisbatan arzon bo‘ladi.

Qibraylik G‘ofurjon aka Ozodlik iltimosiga ko‘ra o‘zbek-qozoq chegarasida Qozog‘istonga paxta terimiga ketayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangach, quyidagilarni aytib berdi:

- “Yallama” degan post bor. Undan keyin “PostGAI” degan ham post bor. Shuning nariyoq tarafida bugun bo‘layotgan voqea. Fermerlar tayyor bo‘lib o‘tirishibdi. Bu yerdan paxta terimiga odamlar o‘tayapti. Qozoq fermerlarining o‘zi olib ketar ekan. Bir oylik uchyotga qo‘yish, ovqat fermerlardan. Bir oydan keyin olib kelishib, yana o‘zi chegaradan chiqarib qo‘yarkan. Bir oy turish mumkin ekan. Bir kilosiga 10 tangadan berayotgan ekan. Bizlarning pulda 160 so‘m bo‘ladi. Toshkentda 120 so‘mdan to‘layotgan ekan paxtaga. Asosan, surxondaryolik, qashqadaryolik, jizzaxlik va vodiyliklar paxta terishga o‘tayapti, - dedi G‘ofirjon aka.

Janubiy Qozog‘istonning Sariog‘och tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tuman dalalarida o‘zbekistonliklar paxta terayotganini tasdiqlar ekan, buning qonunga qarshi holat emasligini ta‘kidladi.

Qozoq matbuoti ma‘lumotiga ko‘ra, Janubiy Qozog‘istonning Maqtaorol tumanida ham o‘zbekistonlik terimchilar bo‘lib, ular soni 2500 dan ziyodni tashkil qiladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonliklar paxta mavsumida qo‘shni Qirg‘iziston paxtasini terishga ham ko‘maklashar ekan.

Bu borada monitoring o‘tkazgan o‘shlik huquq faoli Izzatilla Rahmatullayevga ko‘ra, har mavsumda yuzlab o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga paxta terimiga keladi.

- Yagana, paxta terimi mavsumida ko‘proq o‘zbekistonlik ayollar, bolalar bizning territoriyada paxta terishadi. Olingan haqi O‘zbekistonnikidan ancha yuqori. Biz tadqiqot olib borgan paytimizda Qorasuv rayoni dalalarida bo‘ldik. Bitta dalada 100 ga yaqin ayol, bolalar paxta terayotgan edi. Ularning 80 foizi O‘zbekiston fuqarolari. Bultur, burungi yilgi sezondagi bahoni oladigan bo‘lsak, 1-1,5 qirg‘iz somidan pul to‘lashgan. Bu degani o‘rtacha 30 sentdan oshiqroq. O‘zbekistonda arzonroq to‘lasa kerak. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarolari bizning territoriyaga chiqib, paxta terishadi, - dedi o‘shlik huquq faoli Izzatilla Rahmatillayev.

O‘zbekistonda paxta terimiga yaroqli fuqarolar qo‘shni davlatlarning paxta xirmonlarini tiklashga ko‘maklashayotgan bir paytda ularning dalalarda bo‘shab qolgan o‘rni yana maktab o‘quvchilari va talabalar bilan to‘ldirilishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG