Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:01

AQShda terror qurbonlari xotirlandi


2001 yil 11 sentabrida AQShga qarshi terror hujumlari amalga oshirilganining 10 yilligi munosabati bilan yakshanba kuni AQShda xotira marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Al-Qoida uyushtirgan terror hujumlari paytida nobud bo‘lganlarning ism-sharifi o‘qib eshittirildi.

Xotira marosimida AQSh prezidenti Barak Obama va sobiq prezident Jorj Bush rafiqalari bilan birga ishtirok etdilar.

Nyu Yorkdagi Jahon savdo markazining osmono‘par egizak binolari va Pentagon binosiga o‘g‘irlangan yo‘lovchi samolyotlar kelib urilgani, shuningdek, Oq Uy tomon parvoz qilayotgan samolyot Pensilvaniya shtatida yerga qulagani oqibatida uch mingga yaqin odam nobud bo‘lgan.

Ular orasida jahonning o‘nlab mamlakati, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Jon Kennedi nomidagi San‘at markazida uyushtirilgan xotira marosimida so‘zlagan prezident Obama terrorizmga qarshi kurashni Amerika tarixida yengib o‘tilgan eng jiddiy muammolar sirasiga kiritdi.

2001 yil 11 sentabr va undan keyin Afg‘oniston va Iroqda boshlangan urushda qurbon bo‘lganlar xotirasiga uyushtiriladigan marosimda qatnashadigan kelajak avlodni nazarda tutib Obama quyidagilarni aytdi:

- Ular Amerika Qo‘shma Shtatlari irodasini hech narsa sindira olmasligini biladilar. Yosh avlod biz quldorlik va fuqarolar urushini yengib o‘tganimizni, bepul ovqat uchun ishsizlar navbati va fashizmni yengganimizni, iqtisodiy ortga ketish va isyonlarni, kommunizm va albatta terrorizmni ham mag‘lub etganimizni eslashadi. Ularga biz mukammal emasligimiz, ammo bizning demokratiya mustahkam ekani eslatiladi, - dedi AQSh prezidenti.

Xotira marosimida so‘zlagan prezident Obama: "O‘sha kuni hayotdan ko‘z yumgan qariyb uch mingga yaqin begunoh kishilar orasida 90 dan ortiq mamlakatning yuzlab fuqarolari – erkagu ayol, yoshu qari, turli-tuman irq va e‘tiqod vakillari bo‘lgani hamon esimizda. Bugun biz ularning oilalari va mamlakatlari bilan o‘tganlar xotirasini hurmat bilan yod etamiz”, deya bayonot berdi.

Nyu Yorkdagi marosimda so‘zlagan shahar hokimi Maykl Blumberg o‘tgan 10 yil mobaynida yaralar tuzalgani, ammo nobud bo‘lganlar xotirasi abadiy qolajagini urg‘uladi.

- Ajoyib tonggi moviy osmon eng qora tunlarga aylangan kunga 10 yil bo‘ldi. O‘tgan davrda biz charaqlagan quyosh va soya ostida yashadik. Biz bu yerda nima bo‘lganini boshqa hech qachon ko‘rmaymiz. Ammo biz ota-onasidan judo bo‘lgan bolalar katta bo‘lgani, nabiralar dunyoga kelgani, yaxshi ishlar qilingani va biz sevgan yaqinlarimiz - hujum qurbonlarining xotira marosimlarini o‘tkazish an‘anaga aylanganini ko‘rayapmiz, - dedi Maykl Blumberg.

Nyu Yorkdagi marosimdan keyin AQSh prezidenti Barak Obama rafiqasi Mishel bilan birga Pentagon hamda Pensilvaniya shtatida samolyot qulagan Shanksvil shahrida o‘tkazilgan xotira marosimlarida ham ishtirok etdi.

Vashingtondagi marosimda terror hujumida nobud bo‘lganlarning mingdan ortiq oila a‘zolari va yaqinlari, shuningdek, AQSh vitse prezidenti Jozef Bayden, mudofaa vaziri Leon Panetta va AQSh qo‘shinlari Bosh shtabi boshlig‘i Mayk Mallen ishtirok etdilar.

2001 yil 11 sentabr kuni o‘g‘irlangan samolyot Pentagon binosiga kelib urilgani oqibatida 59 yo‘lovchi va bino ichida bo‘lgan 129 kishi nobud bo‘lgandi.

AQShga qarshi terror hujumlari amalga oshirilganining 10 yilligi arafasida poytaxt Vashington va Nyu York shaharlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Bunga Al-Qoida yana hujum uyushtirishi mumkinligi haqidagi xavotir sabab bo‘ldi. AQShga qarshi uyushtirilgan hujumlar uchun mas‘uliyatni Al-Qoida guruhi o‘z zimmasiga olgan.
XS
SM
MD
LG