Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:13

O‘shda yana ikki militsioner tergov qilinmoqda


O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov.
O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov.
O‘sh shahar prokuraturasi o‘shlik ikki militsiya xodimiga nisbatan “qiynoq” fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Bu borada Ozodlikka ma‘lum qilgan Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Talant Qo‘no‘qbayevga ko‘ra, O‘sh shahar prokuraturasi O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasining “Sulaymanto‘o‘” militsiya bo‘limi xodimlariga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoiy kodeksining 304-moddasi (xizmat vazifasini suiiste‘mol qilganlik), 305-moddasi (xizmat vakolatlarini oshirib yuborganlik), 305-moddasi 1-bandi (qiynoq qo‘llaganlik), 313-moddasida (pora tama qilganlik) belgilangan jinoyatlar yuzasidan tergovni yakunlagan.

- 2011 yilning 20 aprel kuni O‘sh shahri Qurmonjon Dodxoh ko‘chasida joylashgan “St-Servis” ma‘suliyati cheklangan jamiyatiga 6 nafar noma‘lum shaxs kirgan. Kirgan shaxslardan biri militsiya xodimi kiyimida bo‘lgan. Ular barmoq izlarini olish bahonasi bilan u yerda ishlovchi Oripov, Bozorboyev, Yuvoshev va Oybek ismli shaxslarni O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi “Sulaymanto‘o‘” militsiya bo‘limiga olib kelishgan.

Militsiya xodimlari ularni “millatlararo mojarolarni qo‘zg‘ashga qaratilgan separatistik ruhdagi disklarni tayyorlaganlik”ni tan oldirishga uringan. Binoda bo‘lgan vaqtlarida qo‘lga olinganlar kaltaklangan, agar ko‘rsatma berishdan bosh tortsa, jazolanishi aytilib, qo‘rqitilgan, - dedi Talant Qo‘no‘qbayev.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot kotibiga ko‘ra, olib borilgan tergov tadbirlari ko‘lami katta bo‘lgani sababli tergov muddati 4 oygacha, ya‘ni 2011 yilning 19 sentabrigacha uzaytirilgan.

Talant Qo‘no‘qbayevning ma‘lum qilishicha, O‘sh shahar prokuraturasi tomonidan qochqin maqomiga ega bo‘lgan, Afg‘oniston fuqarosi Mirvays Abdul Jabarning ham O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi “Sulaymanto‘o‘” militsiya bo‘limining yuqorida tilga olingan militsiya xodimlari ustidan yozgan arizasi ko‘rib chiqilgan.

- Yuqorida tilga olingan militsiya xodimlari 2011 yilning 11 avgust kuni taxminan soat kunduzgi to‘rtlarda “Nostalji” kafesiga kelib, Mirvays Abdul Jabarni olib ketishgan. Keyin militsiya xodimlari o‘z xizmat xonasida Mirvaysning turli yerlariga urib, jinoyatni tan oldirmoqchi bo‘lishgan va 1000 AQSh dollari olib kelishni talab qilishgan. Bundan tashqari, Mirvaysni xizmat xonasiga qamab, uni 2 soatdan ortiq vaqt mobaynida noqonuniy ushlab turishgan, - dedi Talant Qo‘no‘qbayev.

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga muvofiq, Qo‘no‘qbayevning aytishicha, Mirvaysga yetkazilgan jismoniy shikast yengil tan jarohati sifatida baholangan.

Ma‘lum bo‘lishicha, O‘sh shahar prokuraturasi 19 avgust kuni yuqorida tilga olingan holat bo‘yicha ham Qirg‘iziston Respublikasi Jinoiy kodeksining 304-moddasi (xizmat vazifasini suiiste‘mol qilganlik), 305-moddasi (xizmat vakolatlarini oshirib yuborganlik), 305-moddasi 1-bandi (qiynoq qo‘llaganlik), 313-moddasida (pora tama qilganlik) belgilangan jinoyatlar yuzasidan ish qo‘zg‘agan.

Qo‘no‘qbayevga ko‘ra, jinoiy ishlarning o‘z vaqtida sudga o‘tkazilishini ta‘minlash maqsadida O‘sh shahar prokuraturasi xodimlaridan iborat tergov guruhi tuzilgan va yuqorida tilga olingan jinoiy ishlar birlashtirilgan.

Shu yilning 7 sentabr kuni ikki militsionerga nisbatan Jinoiy kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ayni paytda ular jinoiy ish materiallari bilan tanishmoqda. Keyin jinoiy ish sudga yuboriladi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi sud xulosasi chiqmagunicha, militsiya xodimlarining ism-sharifini oshkor qilinmasligini bildirdi.

Ayni paytda O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov ham ikki nafar xamkasbiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani to‘g‘risidagi ma‘lumotni tasdiqladi:

- Bu boradagi ma‘lumotlarning hammasi to‘g‘ri. Jinoyat qilishgan bo‘lsa, o‘zlari jazolarini olishadi. Bunday fakt bor. Qilgan ishiga yarasha o‘z jazosini olishadi, - dedi Zamir Sidiqov Ozodlikka.

“Fuqarolar korrupsiyaga qarshi” huquqni himoya qilish markazi rahbari To‘leyqan Ismailovaga ko‘ra, Qirg‘izistonda so‘nggi 3 yilda 300 dan ortiq qiynoq qo‘llash faktlari kuzatilgan.

- Masalan, 2009-2010 yillari biz huquq himoyachilar 300 ga yaqin qiynoq faktlarini rasman ro‘yxatga olganmiz. Barchasini analiz qilib ko‘rganda, “militsiya organlari inson huquqlari masalasini to‘la qonli tushunmayapti”, degan qarorga kelish mumkin. Ikkinchi tomondan, “Militsiya to‘g‘risida”gi qonunlar Sovyet davridan beri qaralmagan, militsionerlarga mustaqillik berilmagan. Uchinchidan, oylik va ijtimoiy ta‘minot juda nochor. Shuning uchun ular odamlarni qiynab, qiynoq orqali hisobotlarini topshirishga o‘rganib, o‘z profesionalizmini yo‘qotib qo‘ygan. Bugungi kunda 2010 yilgi voqealardan keyin qiynoqqa solingan odamlar soni ko‘payib ketdi, - der ekan To‘leyqan Ismailova hozirda amaldagi hukumat tomonidan Qirg‘iziston kuch tizimlarida zarur bo‘lgan islohotlar olib borilayotganini aytdi.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva ham avgust oyi o‘rtalarida O‘shga qilgan safari chog‘ida kuch ishlatar tizim rahbarlari bilan uchrashgan va qiynoqlar mavjudligi to‘g‘risida gapirgandi. Uchrashuvda prezident mulozimlarni qiynoqlar bo‘yicha aniqlangan har bir holat uchun javobgarlikka tortish borasida ogohlantirgandi.

Biroq o‘shlik huquq himoyachilari mamlakat rasmiylarining mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishiga qarshi bayonotlari hali-hozir samara bermayotganini aytib kelishadi.
XS
SM
MD
LG