Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:34

O‘zbek tadbirkorining muammolari nima?


O‘zbekiston rasmiy idoralari shu savol yuzasidan so‘rov o‘tkazishga chog‘lanaëtgan bir paytda¸ Ozodlik uch tadbirkorni suhbatga tortdi.

“O‘rganamiz va hal qilamiz”

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlar faoliyatiga to‘g‘anoq bo‘layotgan kamchiliklar ko‘lamini o‘rganib, bu muammolarni bartaraf qilish yo‘llarini qidirayapti.

Mazkur palataning rasmiy sayti chamber.uz orqali xabar qilinishicha, mamlakatning barcha viloyatlarida tadbirkorlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilib, ular duch kelayotgan muammmolar o‘rganiladi.

Mamlakatdagi 9973 ta mahallada o‘tkaziladigan so‘rovda 500 mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari rahbarlari ishtirok etadi.

Mahallalarda tashkil qilingan maxsus ishchi guruhlar tadbirkorlarga maxsus anketa taqdim qilishadi va anketa javoblari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Palata vakillari tadbirkorlar muammolarini tahlil qilgach, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi va Oliy Majlis qonunchilik palatasi bu muammolarni bartaraf etish uchun konkret takliflar berishi rejalashtirilgan.

“Muammolar bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi”

Navoiydagi “Muruntay” savdo-ishlab chiqarish korxonasi rahbari Ramazon Salomov 17 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

Shu paytgacha Ramazon Salomov ikki marta ayni ko‘rinishdagi tadbirda ishtirok etgan.

- Menga bu narsa tanish. Nima uchun deganda¸ 2001 yilda, 2003 yilda ya‘ni Institut strategicheskogo razvitiye pri Prezidente respubliki Uzbekistan degan institutda bizlardan mana shu muammolarni so‘rab o‘rganib chiqqan edi. Hozir shuni yanada ham shlifovat qilish ketayapti. Bu savollar menga qayta, qayta, qayta berilgan. Men bunga javob berganman, javob topganman va hokazo. Muammolar bo‘lgan, bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Lekin yechiladigan muammolar bor, yechilmaydigan muammolar bor. Menda masalan unaqa katta muammo yo‘q. Bilasizmi bunday tadbirkor bo‘laman degan odam qiyinchilikdan qo‘rqadigan odam bo‘lmasligi kerakda. Hozir men o‘ylaymanki, O‘zbekistonda ishlash uchun, ishlab chiqarish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Lekin uni yanayam shlifovat qilayapti davlat, deydi navoiylik tadbirkor.

“Byurokratiya bor, lekin men uni sindiraman”

Ramazon Salomov o‘zi duch kelayotgan muammolar haqida oshkora to‘xtalishni istamadi, biroq u tadbirkorlar yo‘lida jiddiy ma‘muriy to‘siqlar borligini yashirmadi.

- Byurokratiya nima? U shamol. Shamolni ushlay olasizmi, yo‘q, ko‘ra olasizmi, yo‘q. U to‘satdan keladi, shu to‘sqin bo‘ladi, lekin u ko‘rinmaydi. Uni ushlab ham bo‘lmaydi. Nimaga deganda¸ uni isbotlab bera olmaysan. Menda shunaqa to‘sqinlik paydo bo‘lgan paytda, o‘sha odamni shundaygina o‘tkazamanda, u bilan qonunlar haqida suhbatlashaman. Agarda siz o‘z huquqingizni biladigan bo‘lsangiz, byurokrat¸ albatta¸ otstupat qiladi. Kurash bu. Shuning uchun menga to‘sqinlik qila olmaydida. Qilsa ham sindirib tashlayman, ezib tashlayman ëki oshkora qilaman, deydi qa‘tiylik va ishonch bilan navoiylik tadbirkor Ramazon Salomov.

“O‘zbek fermeri hokim qo‘lidagi mahbus”

Jizzaxdagi”Ortiqboy-quljon” fermer xo‘jaligi rahbari Nazira Ortiqova 12 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

Fermer ayolga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbek fermeri duch kelayotgan muammolar talaygina.

- Umuman fermer¸ haligi huquqsiz odam bo‘ladiku zaklyuchenniy, shu qamoqdagiday sezamiz o‘zimizni, qiynalib ketdikda. Bizni qiynaëtgan muammo, masalan, chopiq qilamizda paxtani. Uch marta chopiq, bir marta o‘roq o‘ti qilinishi kerakda o‘zi agrotexnikasida¸ 12 marta kultivatsiya qilinishi kerak. Dori o‘g‘itlari o‘z vaqtida berilishi kerakda. Masalan¸ bular suv yo‘g‘ida dorini komanda qiladi. 10 tonnami, 10 tonnani hozir olib borib solasan, deydi. Solasiz. Keyin suv bo‘lmaydi. Parlanib uchib yo‘q bo‘lib ketadi u. G‘o‘zaga ta‘siri bo‘lmay qoladi. Keyin solyarka kerak paytda solyarka ololmaymiz. Shartnomani ikki-uch marta almashtiradi. Masalan¸ boshida 24 sentnerdan paxta berasiz, deydida, paxta pishib yetilgan vaqti 30 sentnerdan berasiz, deydi. Shartnoma bir marta bo‘lishi kerakku o‘zi. Xohlagani so‘kadi, xohlagani urushadi fermerni. Fermerning huquqi yo‘qda. Hisob raqamimizga xo‘jayinmasmiz. G‘alladan foyda qilsangiz ham, paxtadan foyda qilsangiz ham barini ularning o‘zlari hal qilishadi. Bizlar xo‘jayin emasmiz, deydi 63 gektar yer maydonida fermerlik qilayotgan Nazira Ortiqova.

Fermer ayol muammolar ko‘lamini rahbarlarning faoliyati bilan bog‘laydi.

- Tepadagi viloyat hokimlariga bog‘liqda. 12 yildan beri fermer bo‘lgan bo‘lsam, shu vaqtgacha qiynalganim yo‘q edi. Bir yildan beri umuman qiynalib ketdik. Qolgan vaqtda hech qiynalganimiz yo‘q edi. Mana viloyat hokimimiz Ubaydulla Ëmonqulov vaqtida shunday bir ish olib borardilarki, qiynalmasdikda. Fermerning juda katta huquqi bor edi. Masalan¸ ximiyaga borsak, “Mening telefon nomerim shu. Agar muammo bo‘lsa, aytinglar” derdilar yig‘ilishda. Fermerning yaxshi huquqi bor edida, deydi jizzaxlik fermer ayol.

“Poraxo‘rlik bor, bunga o‘zimiz aybdormiz”

15 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan toshkentlik Said Ahmedov ham o‘zi duch kelayotgan muammolarni sanaydi.

- Qonunlarning bajarilishi xo‘jako‘rsinga qilinaëtgani bor. Eng katta muammomiz qog‘ozbozliklar. Tadbirkorni koptok qilish. U ëqqa bor, buni olib kel, bu ëqqa borib buni olib kel. Yana¸ masalan¸ sovyet davridan qolgan korrupsiyaning asorati hali ham bor, deydi toshkentlik tadbirkor.

Said Ahmedovga ko‘ra, muammolar yechimi tadbirkorning o‘ziga bog‘liq. Agar tadbirkor o‘z huquqini bilgan holda qonunlardan xabardor bo‘lar ekan, muammolar barham topishi muqarrar deb hisoblaydi Ahmedov.

- Bankda muammolar bo‘lgan, kartochka bo‘yicha muammolar bo‘ldi, kontraktlarimiz bo‘yicha soliq organlari bilan muammolar bo‘lganda xat bilan yuqoriga murojaat qilib, shu masalada o‘z muammolarimni yechib ketganman. Boshqa organlar bilan bog‘liq muammolarni ham shunaqa hal qilganman. Ya‘ni bizlarning ko‘p tadbirkorlar shu narsaga e‘tibor bermasdan aylanma yo‘l bilan o‘tmoqchi bo‘lishadi, pora berishadi. Unaqa qilish kerak emas. Ko‘pchilik qonunni bilmagani hisobiga o‘zining huquqlarini himoya qila olmayapti. Pul bilan to‘g‘irlab ketishning payida bo‘lishib, nima qilishayapti. Berma, berma o‘shanga pulni. Bitta, ikkita, 10ta, 20tasi bermasin. Bu narsa to‘xtaydi keyin. O‘zimiz aybdormiz. Shu narsani beraëtganimiz. Pora berib yer oladi, pora berib planni bajaradi. Shu narsani bermasin, nima qila oladi? Xo‘p bittasini bo‘shatar, ikkinchisini qo‘yar. Ikkinchisi bermasin. 10ta, 20ta, ularning hammasini bo‘shata olmaydi. To‘g‘ri joyiga tushib ketadi bu narsa. O‘zimiz aybdormiz. Yo‘l qo‘yib berayapmiz shu narsaga, deydi Said Ahmedov.

“Prezident ham muammolardan xabardor”

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xodimasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, tadbirkorlar o‘rtasida ular muammolari borasida so‘rov o‘tkazish tadbiri orqali tadbirkorlar faoliyatiga g‘ov bo‘laëtgan ma‘muriy to‘siqlar bartaraf qilinishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ravnaq topishi uchun imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra, ushbu tadbir O‘zbekiston prezidentining 24 avgustda imzolagan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqib amalga oshirilayapti.

Prezidentning ayni farmonida aytilishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan, tadbirkorlik faoliyatini cheklayotgan bir qator muammolar hal etilmay qolmoqda.

Hujjatga ko‘ra, nazorat idoralarining tadbirkorlik sub‘ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari uchrayapti.

Shuningdek, kichik biznes mahsulotlarini hududiy va jahon bozorlariga olib chiqish bo‘yicha amaliy mexanizm yo‘qligi qayd etiladi prezident farmonida.
XS
SM
MD
LG