Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:20

Liviya yangi hukumati ”mo‘‘tadil islom”ni tanladi


Muvaqqat kengash raisi Mustafo Abdul Jalil 12 sentabr kuni Shohidlar maydonida nutq so‘zlamoqda.
Muvaqqat kengash raisi Mustafo Abdul Jalil 12 sentabr kuni Shohidlar maydonida nutq so‘zlamoqda.
Qaddafiydan so‘ng hokimiyatga kelgan muvaqqat hukumat mamlakatda mo‘tadil islomga asoslangan boshqaruv bo‘lajagini va‘da qildi.

Muammar Qaddafiy Tripolidan g‘oyib bo‘lganidan beri ilk bor jamoatchilik oldiga chiqqan Liviya O‘tish davri milliy kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil Shohidlar maydoniga to‘plangan minglab tarafdorlariga mamlakatda mo‘‘tadil islomiy tartib o‘rnatilajagini e‘lon qildi.

O‘zini qahramonlardek qarshi olgan olomonga qarata qilgan nutqida muvaqqat hukumat rahbari yangi Liviyada ekstremistik g‘oyalarga o‘rin bo‘lmasligini ta‘kidladi:

- Biz musulmon davlatimiz va bundan so‘ng mo‘‘tadil islom yo‘lini ushlab¸ siz biz bilan¸ biz siz bilan birga qolamiz. Siz inqilobimizni o‘ngdanmi¸ so‘ldanmi o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlarga qarshi asosiy qurolimizsiz¸ dedi Liviya O‘tish davri milliy kengashi rahbari.

Muammar Qaddafiy rejimiga qarshi davom etgan olti oylik mujodaladan so‘ng Liviyani yangi o‘zanga solish uchun mamlakat qonunchiligi yana mo‘‘tadil islomga asoslanadi¸ deb davom etdi Mustafo Abdul Jalil.

- Liviya xalqi mustabidlardan qutulib¸ o‘z harakat va matonati tufayli nomus va g‘ururini oqlagan hozirgi vaziyatda bunday katta izdihom oldida turish har birimiz uchun ulug‘ sharafdir¸ dedi Liviya O‘tish davri milliy kengashi rahbari.

Muxoliflari Tripoli markazida mustabidsiz yangi Liviya haqida va‘da berib turgan¸ qaddafiychilar esa uch frontdan turib kutilmagan qarshi hujumga o‘tgan ayni paytda¸ o‘z bekingan joyidan turib Muammar Qaddafiy g‘alabaga qadar jangni davom ettirajagidan ont ichdi.

Qaddafiyga sodiq kuchlar dushanba kuni sharqda neft tozalash inshootlari joylashgan Ras Lanuf¸ Qaddafiy tug‘ilgan Sirte shahri yo‘li hamda janub-sharqdagi Bani Validga qarshi shiddatli hujum uyushtirdi.

Garchi Liviyaning aksar hududi aksil-qaddafiychilar nazoratiga o‘tgan bo‘lsa-da¸ dushanba kungi hujumlar oqibatida Qaddafiy tarafdorlari har uchala frontda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab oldi.

Nigerga qochgan sobiq amaldorlar orasida Qaddafiy o‘g‘illaridan biri ham borligi aytilmoqda.
Ayni paytda Niger hukumati Liviya sobiq rejimining kamida 32 kishilik guruhi o‘z hududiga kelgani¸ ular orasida Qaddafiy o‘g‘illaridan biri ham borligini tasdiqladi.

O‘tish davri milliy kengashi Nigerga qochgan yuqori darajali rejim amaldorlari o‘zlari bilan Liviya Markaziy bankidan katta oltin va valyuta zahiralarini ham olib ketgani va bu katta mablag‘ qaddafiychilarning kurashni davom ettirishiga sarflanishidan ogohlantirdi.

Muvaqqat hukumat rahbari qaddafiychilarga qarshi janglar davom etar ekan¸ o‘z tarafdorlarini sobiq rejim tarafdorlaridan o‘ch olish ishtiëqiga berilmaslikka chaqirdi.

- Bizga milliy birlik kerak. Buning uchun esa¸ qo‘rqitish¸ hasad¸ intiqom va adolatsizlikdan tiyilishimiz lozim¸ dedi jumladan Mustafo Jalil.

Tripolida muvaqqat hukumat mamlakatni boshqarishni o‘z qo‘liga olishga urinaëtgan ayni kezda¸ markazi Londonda joylashgan Amnesty International inson haqlari guruhi Qaddafiy rejimini insoniyatga qarshi keng ko‘lamli jinoyatlar sodir etganlikda ayblovchi yangi hisobot e‘lon qildi. Hisobotdan shuningdek¸ Qaddafiy raqiblarining ham urush jinoyatlari sodir etganiga oid faktlar o‘rin olgan.

”Liviya uchun jang: Qotilliklar¸ Bedarak yo‘qolishlar va Qiynoqlar” deb nomlangan hisobotda Qaddafiy rejimi jinoyatlari qatori¸ unga qarshilarning qo‘lga tushgan qaddafiychilarni urib¸ osib va qiynoqqa solib o‘ldirganlariga oid ma‘lumotlar keltiriladi.

Liviya yangi hukumati oldida ham Qaddafiy tarafdorlari¸ ham uning g‘animlari tomonidan sodir etilgan urush jinoyatlarini taftish qilib¸ jinoyatchilarni adolatli jazolash kabi og‘ir vazifa turganini qayd etgan hisobot mualliflari¸ muvaqqat hukumatning o‘z tarafdorlari amalga oshirgan jinoyatlarga ko‘z yumishga moyilligidan tashvish bildirgan.
XS
SM
MD
LG