Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

Terrorchi bahona donor g‘animatmi?


Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Keneshbek Duysho‘bayev.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Keneshbek Duysho‘bayev.
Qirg‘izistonlik chekistlar mamlakatda terrorchi tashkilotlar a‘zolari ko‘payayotganidan bahs etmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Keneshbek Duysho‘bayev 12 sentabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘izistonda terrorchilik xavfi kuchayib borayotganini ta‘kidladi:

- Afsuski, bu masala keskinlashmoqda va chuqurlashmoqda. Bu tendensiya kuchayib, oqimlarga jalb qilinayotgan shaxslar soni ko‘paymoqda. O‘tgan yilga nisbatan oqimlarga aloqadorligi aniqlangan va qo‘lga olingan shaxslar ko‘p. Afsuski, bu holat yanada kuchayadi, degan taxmin bor. Negaki, Afg‘oniston va Pokiston masalasi to‘la hal qilinmagan. 2014 yilda AQSh u yerdan chiqishini bildirdi. “O‘sha paytgacha barcha masalalar hal qilinadi” deyishga menda ishonch yo‘q. Agar ular ketsa, biz bu ofat qarshisida yolg‘iz qolmaymizmi? Albatta, biz qo‘shnilar bilan birga kurashishimizga shubha yo‘q. Biroq masala xavf-xatar ko‘lamining qanchalik bo‘lishidadir, - dedi Keneshbek Duysho‘bayev.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yil boshida Qirg‘iziston maxsus xizmatlari qoshida Terrorchilikka qarshi kurash markazi tashkil qilingan. Keneshbek Duysho‘bayev bu yil bahor va yoz oylarida mamlakatning barcha hududlarida qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazilganini aytar ekan, hozirda Xitoy hukumati terrorchilikka qarshi kurash uchun Qirg‘izistonga 49 million so‘mlik (bir million AQSh dollaridan ko‘proq – tahr.) yordam bermoqchiligini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda mustaqil kuzatuvchilar Qirg‘iziston kuch ishlatar tizimi rasmiylari xalqaro donorlardan pul olishdan oldingina mamlakatdagi terrorizm xavfi borasida ko‘p gapirishini aytishadi.

Xususan, ”Xalqaro talerantlilik uchun” jamoatchilik jamg‘armasining Jaloloboddagi bo‘limi yetakchisi Asilbek Qo‘chqo‘rbayev mamlakatda bundan oldin terrorchilikka qarshi olib borilgan kurash samarasi sezilarli bo‘lmagan, degan fikrda:

- Bugungi kunda terrorchilik va radikal ekstremizmga qarshi qanchalik darajada samarali kurash olib borayapmiz, uni qanday mezon bilan aniqlayapmiz – shu tomoni bizni o‘ylantiradi. Albatta maxsus xizmatlarning olib borayotgan ishlari doimo ochiq-oshkor bo‘lmasligi kerak, negaki bu davlat xavfsizligi bo‘yicha qilingan ishlardir. Lekin shunday bo‘lsa-da, jamoatchilik olib borilayotgan ishlar samarasini sezsa, yaxshi bo‘lardi. Kuch tizimlarimiz xalqaro tashkilotlardan, donorlardan “ekstremizm-terrorchilikka qarshi kurashamiz” deb, pul undirish uchungina harakat qilmay, sistemali ravishda ish olib borishsa, yaxshi bo‘lar edi, - deydi Asilbek Qo‘chqo‘rbayev.

Qirg‘izistonlik dinshunos Qadir Malikov esa hozirda terrorchilik va ekstremizm kabi muammolarga qarshi kurashda faqat moliyaviy tayyorgarlik kamlik qiladi, degan fikrda. Shuningdek…

- Faqat qo‘lga olish va boshqalar bo‘yicha operativ, texnik tayyorgarlikgina kuch ishlatar tizimlarning muhim vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Birinchi navbatda, kadrlarni tayyorlash masalasi turishi kerak. Afsuski, kuch ishlatar tizimlarda malakali kadrlar oz. Aynan teologiyani, islomni ichidan biluvchi, ekstremizm bilan faqat kurashishni emas, profilaktik ishlarni olib borishni ham biluvchi kadrlar oz. Hozir davlat xavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha yoshlar va aholi orasida ogohlantiruvchi xarakterga ega bo‘lgan profilaktik ishlarni olib borilishiga muhtoj. Negaki, menimcha, ekstremizm yoki terrorchilik masalasini kuch qo‘llash orqaligina hal qilib bo‘lmaydi, - dedi Qadir Malikov.
XS
SM
MD
LG