Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:07

Guli tomoshasi Cipriani restoranida bo‘ladi


G‘arb matbuotida Gulnora Karimova ismi o‘rnida ko‘pincha "o‘zbek malikasi" iborasi qo‘llaniladi.
G‘arb matbuotida Gulnora Karimova ismi o‘rnida ko‘pincha "o‘zbek malikasi" iborasi qo‘llaniladi.
O‘zbek diktatori qizining liboslar ko‘rgazmasi Nyu Yorkdagi Cipriani restoranida bo‘ladi, lekin bosh mezbonning u yerda bo‘lishi dargumon.

Nyu Yorkdagi Moda haftaligidan quvilgan o‘zbek diktatorining qizi Gulnora Karimova o‘z tomoshasini 15 sentabr kuni Manhetten markazidagi Cipriani restoranida o‘tkazmoqchi. Hozircha Karimovaning bu tadbirga kelish-kelmasligi mavhum bo‘lib qolmoqda.

New York Post ro‘znomasining yozishicha, so‘nggi bir hafta davomida Gulnora Nyu Yorkda ko‘rinmagan. Dushanba kuni Nyu Yorkga kelishi kutilgan Karimova xonimning hali ham Yevropada ekaniga ishonilmoqda.

“Uning kelish-kelmasligini hech kim bilmaydi”, deb javob qilgan Gulnoraga yaqin manbalardan biri New York Post muxbiriga.

Ayni paytda Guli tomoshasini uyushtirishga katta pul evaziga jalb etilgan shirkatlar va dongdor sartaroshu manikenlar tadbirning palapartish tashkillashtirilganidan shikoyat qila boshlagan.

New York Post gazetasining yozishicha¸ Guli liboslarini kiyib podiumga chiqishi kerak bo‘lgan sohibjamollar hamda katta pul evaziga ularni sochini turmaklashga rozi bo‘lgan mashxur stilist Edvard Trikomi tomoshaning Cipriani restoraniga ko‘chirilgani haqida ancha kech xabar topganidan jahli chiqqan.

Gulnora shousini yoritishi kerak bo‘lgan Nyu Yorkdagi Tractenberg & Co., reklama agentligi ham tomosha Cipriani yemakxonasiga ko‘chirilgani haqda bilmagan.

Nyu Yorkdagi Moda haftaligi tashkilotchilari huquq himoyachilari bosimi ostida Gulnora Karimovaning Guli kolleksiyasi namoyishini dasturdan olib tashlashi ortidan o‘zbek diktatorining qizi o‘z shousini xavfsizlik nuqtai nazardan boshqa joyda o‘tkazganini bildirdi.

“IMG va Guli mehmonlar xavfsizligini o‘ylab, tomoshani Linkoln markazi emas, boshqa xavfsizroq joyda maxsus chaqirilgan mehmonlar uchun o‘tkazishga kelishib oldi”, deyiladi Guli brendi 13 sentabr kuni tarqatgan bayonnomada.

Shu o‘rinda, Guli shousi mehmonlarini Linkoln markazida qanday xavf kutayotgani, Cipriani restoranining Moda haftaligi o‘tayotgan rasmiy ko‘rgazmalar zalidan nimasi bilan afzal ekani bayonotda aytilmaydi.

Bir oy davomida Gulnora Karimovaning Nyu York Moda haftaligida qatnashishi bilan bog‘liq mashmashani muntazam kuzatib kelayotgan New York Post muxbiri Jeyms Kovyert fikricha, Guli kolleksiyasi ko‘rgazmasining Cipriani yemakxonasiga ko‘chirilishiga Moda haftaligi tashkilotchisi IMG shirkatining ham¸ Linkoln markazining ham aloqasi yo‘q.

- O‘zbekistondagi o‘ta abgor inson huquqlari vaziyati bilan bog‘liq tanqidlar sabab Moda haftaligidan quvilib sharmanda bo‘lgan Gulnora Karimova¸ bilishimcha, alam o‘tida qancha pul sarflab bo‘lsa ham o‘z tomoshasini Nyu Yorkda o‘tkazishga oyoq tirab olgan. IMG Gulnoradan o‘z tomoshasini bekor qilishni so‘raganida u bunga qarshilik qilganini o‘rgandim. Shundan so‘ng IMG Linkoln markazidagi Guli ko‘rgazmasini bekor qilgan. Tadbirning xavfsizlik maqsadlarida boshqa yerga ko‘chirilgani haqidagi gaplar yolg‘on¸ deydi New York Post muxbiri Ozodlik bilan suhbatda.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi Cipriani restoranlar tarmog‘i egalarini, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga o‘z moda kolleksiyasini namoyish qilish uchun maydon bermaslikka chaqirgan edi.

“Bir necha yil avval soliqlarni yashirgani oshkor bo‘lgan Cipriani restorani egalari, Karimova tomoshalari uchun zalni taqdim etmasliklari kerak», deyiladi forum (ILRF) saytida chop etilgan petitsiyada.

Bu kabi e‘tirozlarga qaramay Guli kolleksiyasi shousi 15 senyabr kuni Manhetten markazidagi 42-ko‘chada joylashgan Cipriani restoranida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

- Cipriani restoraniga pul kerak. Ular ancha moliyaviy muammolarga duch kelgan. Bu yemakxonalar tarmog‘ini ochgan ota-o‘g‘il 2007 yilda soliqni yashirganlik bilan bog‘liq mahkamada aybli deb topilgan edi, deydi nyu yorklik muxbir Jeyms Kovyert.

Ayni paytda O‘zbekistonda bolalar huquqlari uchun kurashuvchi tashkilot hamda AQShdagi o‘zbek muxolifati faollari 15 sentabr kuni Guli tomoshasi oldidan Cipriani restoranini piket qilishni rejalagan.

- Restoranda o‘tkazadimi, bufetdami, Gulnora qayerga borsa shu yerda plakatlarni yoyamiz, uni kimligini jamoatchilikka ko‘rsatamiz, deydi O‘zbekiston xalq harakati AQSh bo‘limi rahbari Islomiddin Dolimov.

Karimova xonim shouni xavfsizlik nuqtai nazaridan boshqa joyga ko‘chirilganini da‘vo qilib turgan bir paytda¸ Shov-shuv.uz nashri ko‘rgazmaning bekor etilishi Gulnora emas, tashkilotchilarga katta yo‘qotish bo‘ladi, deb yozdi.

- Bu tashkilotchilar uchun yo‘qotish bo‘ladi, deyish axmoqgarchilik. Bu juda bir kichik tomosha dasturi. Bu yerda gap bor yo‘g‘i 30 ming dollar atrofida bormoqda. 30 ming dollar deb tashkilotchilar uchun bosh og‘riqning keragi yo‘q¸ deydi New York Post muxbiri Jeyms Kovyert .
XS
SM
MD
LG