Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:38

Qirg‘iziston O‘zbekiston gaz qaramligidan qutilmoqchi


Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov Bishkekda prezident Roza O‘tunbayeva bilan ham uchrashdi.
Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov Bishkekda prezident Roza O‘tunbayeva bilan ham uchrashdi.
O‘zbekiston gaziga qaram bo‘lgan Qirg‘iziston bundan buyon Qozog‘istondan gaz ola boshlaydi.

Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev bilan ikki davlat iqtisodi uchun foydali bo‘lgan shartnomalar izolanganini va bir qator muammoli masalalarni hal etish yo‘llari topilganini bildirdi.

- Birinchidan, Qirg‘izistondan qo‘shimcha elektr energiyasi sotib oladigan bo‘ldik. Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi uchun eng kerakli bo‘lgan suv masalasini hal etdik. Qirg‘iziston Qozog‘istonga suv beradigan bo‘ldi. Qozog‘iston esa Qirg‘izistonga gaz beradi. Qishda Qirg‘iziston issiqlik va gazsiz qolmaydi. Buni yaqinda o‘zinglar his qilasizlar, -dedi Qozog‘iston Bosh vaziri.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, Qirg‘iziston gaz borasida O‘zbekistonga qaram edi. Buning oqibatida Qirg‘iziston O‘zbekistondan gazni jahon bahosida sotib olishga majbur bo‘layotgan edi. Ayni paytda O‘zbekiston gazning jahon narxi qimmatlagni munosabati bilan, Qirg‘izistonga yil boshida 223 dollardan berayotgan gaz miqdorini shu kunlarda 278 dollarga ko‘targan.

Qozog‘iston esa Qirg‘izistonga suv borasida qaram. Joriy yilda suvsizlik tufayli qozoq dalalarida minglab gektar yerdagi ekinlar qovjirab qolgan. Bundan tashqari Qozog‘iston Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 19 foizini sotib oladi.

Bosh vazirlarning ta‘kidlaricha, har ikki davlat o‘zlarida mavjud bu muammolarni hal etishning o‘zaro manfaatli yo‘llarini topa olishgan.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev qozog‘istonlik hamkasbi bilan so‘zlashuvlar doirasida Qozog‘istondagi mehnat muhojirlari va chegaradan o‘tish muammolarini ko‘targanini bildirdi.

- Chegara va bojxona bekatlarini kesib o‘tish jarayonida xalqimiz bir necha soatlab navbat kutib, qiynalib qolayapti. Uchrashuvda chegara o‘tkazish punktlarini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi. Ammo bu muammolar to‘laligicha Qirg‘iziston Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lgachgina hal etilishi mumkin, -dedi Almazbek Atambayev.

Ayni paytda Qirg‘iziston hukumati Rossiya, Qozog‘iston va Belorus ishtirokida tashkil etilgan Bojxona ittifoqiga qo‘shilish yuzasidan ham rasmiy Moskva bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Qirg‘izistonning 2009 yilda Bojxona ittifoqiga qo‘shilishdan bosh tortgani oqibatida Qozog‘iston va Rossiyani kiyim –kechak bilan ta‘minlaydigan qirg‘iz tikuvchilik sanoati va Do‘rdo‘y bozorida tushkunlik holati kuzatilmoqda.

Qirg‘iziston hukumati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, mamlakatda yetishtirilgan meva –cheva va oziq-ovqat mahsulotlarining 31 foizi, elektr energiyasining 19 foizi, Qirg‘izistonga xorijdan olib kelingan avtomashinalarning 4 foizi xaridori Qozog‘iston bo‘lib hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG