Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:36

Siz Gulnoraga achindingizmi?


Gulnora Karimova G‘arb kiborlari davrasida kunda-shundalardan biri.
Gulnora Karimova G‘arb kiborlari davrasida kunda-shundalardan biri.
O‘zbek madaniyatini G‘arbda yoyish iddaosi bilan Nyu York Moda haftaligida qatnashmoqchi bo‘lgan Gulnora Karimovaning undan quvilishi ana shunday insoniy savolni kun tartibiga qo‘ydi.

Ozodlik hafta davomida yozganidek¸ Nyu Yorkdagi Moda haftaligi tashkilotchilari huquq himoyachilari bosimi ostida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Guli liboslar kolleksiyasini Linkoln markazida namoyish qilishdan bosh tortganidan so‘ng¸ bu shou 15 sentabr kuni Manhetten markazidagi Cipriani restoranida o‘tkazildi.

Inson huquqlari himoyachilari mazkur restoran oldida Linkoln markazidagi kabi norozilik piketi va yosh bolalarning paxta terishga majburlanayotgani tasvirlangan teatrlashtirilgan sahna namoyish qildilar.

AQSh matbuoti¸ Hyuman Rayts Uotch¸ Xalqaro mehnat haqlari forumi¸ AQSh O‘qituvchilar federatsiyasi va O‘zbekiston Xalq harakatining Amerikadagi faollari noroziligi oqibatida¸ "diktatorning to‘ng‘ichi"¸ "o‘zbek malikasi" deb tanilgan O‘zbekistonning Jenevadagi BMT tashkilotlari va Ispaniyadagi elchisi Gulnora Karimovaning moda to‘yi qariyb azaga aylandi.

Arab bahoridan so‘ng nafaqat G‘arb hukumatlari¸ balki san‘at va madaniyat namoyandalarining ham mustabid rejimlar bilan apoq-chapoqligiga toqati toq bo‘lgan jamoatchilik qahridan qo‘rqib¸ Guli tomoshasiga moda dunyosining biror e‘tiborli vakili kelmadi¸ tadbir asosan Nyu Yorkda yashovchi postsovyet hududidan kelganlar ishtirokida o‘tkazildi. Ayni paytda¸ o‘zi namoyandasi bo‘lgan rejim va otasi sha‘niga bildirilayotgan keskin tanqidlardan yuzi shuvut bo‘lgan Karimovaning o‘zi ham¸ o‘z shousiga kelmadi. New York Post sharhlovchisi¸ Karimovaning katta pul sarflab¸ o‘z imidjini yaxshilash maqsadida qilgan urinishi "mutlaq sharmandalik" bilan tugaganini yozdi.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari hali-hamon Gulnora Karimovaning Nyu York Moda haftaligidagi mag‘lubiyatini muhokama qilayotgan ayni kunlarda¸ Ozodlik taniqli o‘zbekistonliklarga o‘tgan hafta rivojlangan Guli dramasini kuzatish asnosida “Siz Gulnoraga achindingizmi?” degan savol bilan murojaat qildi.

Vladimir Berezovskiy¸ o‘zbekistonlik jurnalist:

- Aslida men Gulnora Karimova harakatlarini qo‘llab-quuvatlayman. Men u katta madaniy ishlar, ayniqsa, O‘zbekiston yoshlari orasida katta madaniy ishlarni amalga oshirayapti deb hisoblayman. Gulnora yosh iste‘dod sohiblariga yo‘l ochmoqda. Ba‘zan u O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligidan ko‘ra ko‘proq ishlarni amalga oshirmoqda. Nyu Yorkdagi voqea esa O‘zbekiston tashqarisida ro‘y bergan. Gulnora muxoliflarining nimaga asoslanib baho bergani va qanday e‘tirozlar bildirganlaridan xabarim yo‘q. Umuman olganda, Gulnora Karimova yangi avlodni, ma‘rifatli yangi avlodni yaratayapti. Yoshlarni diniy fanatizm changalidan tortib olmoqda, ularni dunyo qadriyatlari va madaniyati bilan tanishtiryapti. Buning hammasi ijobiy.

Anvar Usmonov, Germaniyada yashovchi mustaqil jurnalist:

- Gulnora Karimovaga men qarshiman. Gulnora Karimovani jinoyatchi deb hisoblayman. Bu birinchidan. Ikkinchidan, dadasining polojeniyesidan foydalanib, ancha o‘z hunarini ko‘rsatayapti. Bo‘lgan voqea juda ham yaxshi. Gulnora o‘z joyiga tushdi. Mana kelgusida ko‘rasizlar¸ Gulnora Karimova sudda bo‘ladi. Bu mening fikrim.


Jasur Hamroyev, Shov-shuv.uz sayti bosh direktori:

- Yo‘q. Sababi¸ bu ayolni men bilamanki, mening o‘zimning qarashlarim bo‘yicha¸ juda kuchli ayol. Juda uzoqni ko‘ra biladigan va o‘zining qay darajada iste‘dodlik ekanligini haqiqiy anglay olgan va ezgulik nimaligini biladigan va mening nazarimda¸ kuchli ayol. Bu ayolni bunaqa mayda-chuyda narsalar shunchaki ruhan sindira olmaydi¸ deb hisoblayman. Mana shu voqeani kuzatib turgan va mana shu voqeaga atroflicha yondashgan insonlar¸ qalban Gulnora Karimova bilan birga bo‘ldi¸ deb hisoblayman.

Mo‘tabar Tojiboyeva, Fransiyada yashayotgan huquq faoli:

- Gulnoraga rahmim keldi. Sababi¸ shuncha vaqtdan buyon u o‘zini qudratli shaxs, qudratli xonim¸ deb his qilib yurgan ayol huquq faollarining jiddiy qilgan harakatlari sababli zarbaga uchradi. Chunki u bunday zarbalarga duch kelishini xayoliga keltirmagan edi. Asosan diktatorlar va ularning oilalari aynan qudratdan ketgandan keyin zarbaga uchrardilar. Bizning diktatorning farzandlari mana Lola sudda zarba oldi, Gulnora moda haftaligida qatnasha olmay zarba oldi.


Bahrom Yoqubov, o‘zbekistonlik kinorejissyor:

- Men, to‘g‘risi munosabatimni bildira olmayman. Achinaman, deb ikki og‘iz so‘z bilan ham ayta olmayman. Chunki achinish yoki xursandchilikni shu odamning (Gulnoraning) yaqinida turganlar, ya‘ni, bu ishga o‘zining mehnatini, o‘zining vaqtini sarflagan odamlargina bila oladi. Men yoki boshqalardan so‘rasangiz, ikki og‘iz gap bilan achinaman yoki achinmayman¸ deb aytib yuborishim mumkin. Lekin odamzodning ichidagi fikrini biladigan bo‘lsangiz, agar rejalagan maqsadi o‘xshamaydigan bo‘lsa¸ bu odamzod uchun juda ham og‘ir kechadi.

Muhammad Solih, O‘zbekiston Xalq harakati yetakchisi:

- Xalqqa rahmi kelmagan insonlarga rahm qilish¸ albatta¸ juda oliyjanoblikning kattasi bo‘lar edi. Lekin zolimlarga qarshi bunday rahm menda yo‘q. Bir ziyoli sifatida bularni Ollohga havola qilishim mumkin. Lekin menda bu oilaga rahm degan narsa bo‘lishi mumkin emas. Chunki xalq 22 yildan beri mana shu oilaning zulmi ostida yashayapti.

Dilorom Isoqova, Birdamlik harakati a‘zosi:

- O‘zining moda haftaligini o‘zi istaganday o‘tkaza olmaganiga, dabdabalar bo‘lmaganiga juda siqilib qolgan Gulnoraga men achinmayman. Nima uchun? Chunki bir millat azob chekib yotibdi shu oilaning dastidan, uning atrofidagilarning dastidan. Gulnora millatga achinayotgani yo‘q. Nimaga biz unga achinishimiz kerak?

Bundan tashqari¸ Gulnoraning shunaqa o‘zini ovutadigan narsalari ko‘pki, bu yoqda tilla taqinchoq ishlab chiqaradigan liniyasi bor, OONda O‘zbekistonning vakili, bu yoqda hamma unga to‘xtamasdan maqtovlarni yog‘dirib yotibdi. Uning hech narsadan siqiladigan joyi yo‘q. Bu bolalar mehnatining evaziga, xalqning azobining evaziga bo‘layotgan narsalar hammasi. Hatto u yerda modeler ham Gulnoraning o‘zi emas. Shuning uchun Gulnoraga menda mutlaqo achinish hissi yo‘q. Aksincha¸ men juda xursand bo‘ldim. Chunki ular “Biz nima istasak qilishimiz mumkin. Bizga hamma yerda eshik ochiq. Ahamiyati yo‘q O‘zbekiston nima bo‘layotgani¸ biz istagan ishimizni qilamiz” degan fikrdagi odamlarga yaxshigina dars bo‘ldi. Men hech ham Gulnoraga achinganim yo‘q.


Dilshod, O‘zbekiston Xalq artisti¸ Gulnora Karimova ziyofatlarida muntazam qatnashuvchi Sardor Rahimxonning prodyuseri:

- Moda bo‘yicha men tushunchaga ega emasman. U ularning o‘zining ishi. Siyosatga mening daxlim ham yo‘q¸ aralashishni ham xohlamayman. Ularning o‘zining ishdir. Men nimaga unaqa bo‘lganini bilmayman. Men bu savolingizga javob bera olmayman.


Toshpo‘lat Yo‘ldoshev, sobiq diplomat, mustaqil siyosatshunos:

- Men Gulnora Karimovaga achinmayman. Sababi¸ hozir ko‘pgina kompaniyalar o‘zbek paxtasini sotib olayotgan bir paytda, bolalar mehnatidan majburan foydalanayotgan bir paytda Amerikada moda ko‘rgazmasini ko‘rsatishi bu kulgili narsa.

Gulnora Karimova kim o‘zi? Davlat arbobimi yoki kuture sifatida modalar ko‘rgazmasini tashkil qiladigan odammi? Endi o‘zi bitta ishni oxirigacha eplab, bilishi kerak. O‘zim diplomat bo‘lganligim sababli aytamanki, diplomatiya nihoyatda murakkab soha. Agar miyani bir joyga qo‘yib ishlamasa, undan bir narsa chiqmaydi. Gulnora o‘zini u yoqqa tashlaydi, bu yoqqa tashlaydi. Endi shu sohani tushungan, umuman vaziyatni tushungan odamlar¸ albatta¸ uning ustidan, Karimovning ustidan kuladi. Shuning uchun men Gulnoraga emas¸ balki xalqimizga achinaman - nahotki bizning o‘zbek xalqi ichidan shunaqalar chiqibdi¸deb. Yo‘q men Karimovaga achinmayman.


Sizchi, aziz mushtariy? Siz Gulnoraga achindingizmi?
XS
SM
MD
LG