Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:02

Shifokorlar paxtada: ham terim, ham tibbiy xizmat


Prezident Karimovning qarori bilan paxtaga chiqarilgan shifokorlar zimmasiga bir yo‘la ikkita sharafli vazifa yuklatilgan.

O‘zbekiston Axborot agentligi respublika bo‘ylab, paxta yig‘im-terimi borayotgan kezda asosiy e‘tibor paxta dalalaridagi terimchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish va ularning sog‘ligini himoya qilishga qaratilgani haqidagi xabarni chop etdi.

19 sentabr kuni chop etilgan xabarda Toshkent viloyati tilga olingan va paxta dalalarining o‘zida terimchilarga tez tibbiy yordam, savdo-sotiq, ko‘ngilli dam olish uchun yetarli sharoit yaratib berilayotgani aytilgan.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Qobiljon Tojiboyevning O‘zAga aytishicha, ayni kunlarda qariyb mingga yaqin tibbiyot xodimi paxta dalasiga safarbar qilingan.

Shuningdek, rasmiy manbaga ko‘ra¸ viloyat paxta dalalarida zarur asbob-uskuna bilan ta‘minlangan 500 dan ortiq tibbiy punkt ishlamoqda.

Ozodlik muxbiri bu xabar ortidan daladagi terimchilarning ahvoli qanday, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam qanaqa, degan savolga Toshkent viloyati paxta dalalarida yurgan terimchi va shifokorlardan javob olishga urindi.

Chirchiq shahridagi poliklinikalardan biridan olingan javobga ko‘ra, shu kunlarda poliklinikaning deyarli hamma xodimi paxtaga safarbar qilingan.

- Bizdagi vrachlar obslugada. Terimchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Keyin terishga ham borishadi, obslugaga ham borishadi. Bir kunlik ketganlaram bor, o‘shatda yotib qolib obsluga qilayotganlar ham bor. 13 sentabrlardan ketishdida yoppasiga, deydi Chirchiqdagi shahar poliklinikasi xodim.

Ma‘lum bo‘lishicha¸ Chirchiq shahridagi shifoxonalar xodimlari ham bir va yarim kunlik paxta terimi, shuningdek, uzoq muddatlik tibbiy xizmatga ham safarbar qilingan.

Kollej o‘quvchilari bilan birga paxta dalasida yurgan toshkentlik terapevt vrach Nodir Xo‘jaqulovning Ozodlikka aytishicha¸ hozir daladagi paxta terib yurgan kollej o‘quvchilariga zarur holatlarda tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar yetarli.

- Hamma imkoniyatlarimiz bor. Agar biror favqulodda vaziyatlar bo‘lib qolsa, dalasiga borib ham xizmat ko‘rsatayapmiz. Bu sezonda ikkita shunaqa holat bo‘ldi. Biri ariqdan sakrayman, deb qo‘lini qayirib oldi. Yana biridayam shunga o‘xshash narsa bo‘ldi, zarur hamma yordamni ko‘rsatdik. Zarur dori-darmonlar yetarli, dedi Nodir Xo‘jaqulov.

Oliy ma‘lumotli vrachning aytishicha, paxta mavsumida qo‘l yoki oyoqning lat yeyishidan tashqari ro‘y beradigan a‘anaviy kasalliklar bor.

- Oftob urishlari bo‘lishi mumkin, ko‘p quyosh natijasida qoni kamayib ketish holatlari ham bo‘ladi. Ayniqsa, paxta jaraënida ich ketishlar ko‘p uchraydi. O‘zlari aralash ovqat yeb qo‘yadida, - deydi dala sharoitida uchraydigan kasalliklarni tilga oldi tibbiyot xodimi.

O‘tgan yili kollej o‘quvchilari bilan yotoqqa chiqqan samarqandlik tibbiyot xodimi Nosir Berdiyev ham paxta dalalarida yurgan o‘smir va katta yoshdagi terimchilarda ko‘p uchraydigan muammo aynan oshqozon-ichak kasalliklari va ich ketish ekanini aytar ekan, buning asosiy sababi ichmlik suvi ta‘minotining ëmonligida ekanini aytdi.

- Endi ko‘pincha bular o‘z tumanidan boshqa tumanga boradi va u yerda qayerdan suv topishni bilmaydi. Shu bilan ichimlik suvi yaxshi emas¸ tomoq og‘irig‘i ko‘p bo‘lib turadi. Keyin dalada endi qizlarga xos kasallik ko‘p bo‘lib turadi. Oshqozon-ichak, buyrak shamollashi ko‘p bo‘ladi. Endi dala sharoiti, issiq havo bo‘ladi, sovuq havo bo‘ladi. Shunga qarab kasallarni qoldirardik. Zarur bo‘lsa shifoxonaga oborardik. Qolganlari paxtaga chiqib ketardi, deydi Nosir Berdiyev.

Kuzgi salqindagi nam, zax paxta qatorlarini oralab, ertalabdan-kechgacha etak sudrab yuradigan paxta terimchilar, ayniqsa, 15-16-17 yoshda bo‘lgan o‘smir bolalar ham Ozodlik bilan suhbatlarda ko‘proq ichimlik suvi va gigiyenik tozalikka rioya qilish uchun sharoit bo‘lmasligi bois ich ketishlar, oshqozon-ichak kasalliklari, buyrak shamollashi kabi kasalliklarga chalinishi kuzatilishini so‘zlab bergan.

Jumladan, shu kunlarda Toshkent viloyatida paxta terib yurgan o‘quvchilardan biri paxta teruvchilarning sharoiti og‘ir ekani va terimning birinchi haftasidayoq qattiq shamollab qolganini aytdi.

- Birinchidan, yotoq joyimiz yaxshi emas. Dala shiyponida yotibmiz, na deraza bor, na eshik. Skvoznyak urib, shamollab qoldik ko‘pchiligimiz. Vrachimiz bor bitta. Borsak, shu tabletkalar beradi. Isitma bo‘lsa, bir kun qol, deydi. Lekin yana dalaga chiqarishadi-da. Dalada shu ertalab shudring, shamollagan holimizga ustimiz nam tortib yuribmiz, deydi ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan toshkentlik kollej o‘quvchisi.

Unga ko‘ra, puli borlarga bu yil ichimlik suvi muammo emas.

- Sisternadayam dalani boshiga oborib qo‘yishadi. Keyin sovuq choy ham op kelishadi. Lekin biz ikki kishi ming so‘mdan tashlab, 5 litrlik suvni sotib olamiz, tamom, shuni ko‘tarib ichib yuravyeramiz, suv muammo emas. Muammo, shu yotoq joy va keyin zaxda. Dala baribir zaxda. Kunduzi shu oyoqdan uradi, kechqurun deraza-eshikdan. Haliyam o‘rtada pul tashlab klyonka qoqib qo‘ydik, sal isib qoldi, deydi paxta terib yurgan kollej o‘quvchisi.

Tibbiy xizmat, savdo-sotiq, dam olish va ovqatlanish masalasiga kelganda bu talaba "Chidasa bo‘ladi, charchab kelgan odamga ovqat yaxshi bo‘lsa bo‘ldi. Hozircha, shu mosh, makaron, osh ancha-muncha go‘shti bilan berib turishibdi, studentga bo‘ladi", deb javob qildi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 5 sentabrda imzolagan bu yilgi yig‘im-terim mavsumini o‘z muddatida va sifatli o‘tash to‘g‘risidagi qaroriga binoan hozir butun respublika bo‘ylab nafaqat shifokorlar va kollej, oliy o‘quv yurti talabalari, balki maktab o‘quvchilari ham paxtaga safarbar qilingan.

Dalada yurgan terapevt vrach Nodir Xo‘jaqulovdan o‘smir bolalarning paxta terimiga olib chiqilishini qo‘llashini aytadi:

- Endi bunga ijobiy tomondan qarayman. Davlatimizning katta boyligi hisoblangan paxtasi uchun o‘z hissasini qo‘shganini yaxshi xislat deymanda. Bu narsa davlatimiz uchun behisob boylik olib keladi. Keyin, uning ustiga ko‘p yaxshi tarbiya ham bo‘ladi bolalar uchun. Mehnat nima, ota-onaning qadri nima – odat tomondan ham tarbiyalanishga yaxshi bo‘ladi, deyman. Yurt uchun kuchimizni ham, g‘ayratimizni ham ayamasligimiz kerakda, deydi toshkentlik shifokor Nodir Xo‘jaqulov.

Samarqandlik tibbiyot xodimi Nosir Berdiyev esa hamkasbiga zid fikr bildirdi.

- Davlat siësatida endi bu. Bir nima deyish qiyin hozir, ayniqsa, paxtaga majbur olib chiqadi litsey, kollejlarni. Albatta, men salbiy qarayman. Endi o‘quvchi bola o‘qishi kerak. Buning ustiga haqiqatan bu bolalar dalada ko‘p kasal bo‘lib qoladi. Bari yosh bola. Sharoit u-bu, degan bilan dala baribir dala. Nima qilamiz endi majburda, baribir paxtaga haydaydida, deya beliga etak tutgan yosh o‘quvchi bolalarga achinadi samarqandlik tibbiyot xodimi Nosir Berdiyev.
XS
SM
MD
LG