Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:33

O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda paxta terayapti


Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida paxta terimiga o‘zbekistonliklar jalb qilinmoqda.

Jalolobod viloyatining paxta dalalariga o‘zbekistonliklar avvalgiday ko‘p o‘ta olmay qolgan. Bunga 2010 yil Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan voqealardan keyin O‘zbekistonning o‘z chegaralarini berkitgani va shu kungacha ochmayotgani sabab bo‘lmoqda.

Jalolobodning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida istiqomat qiluvchi qirg‘izistonlik o‘zbek dehqonlari o‘zlarining o‘zbekistonlik qarindoshlarini tunda chegarachilar bo‘lmagan aylanma yo‘llar orqali olib o‘tib, paxta terib bo‘lgach ularni xavfsiz yo‘llar orqali o‘z vataniga o‘tkazib qo‘yishadi.

Ayrim o‘zbekistonliklar esa paxta terimi boshlanganda Qirg‘izistonga o‘tadi va terim tugagachgina o‘z yurtiga qaytadi.

Paxta terayotgan o‘zbekistonlik ayolga ko‘ra, ularni qirg‘izistonlik dehqon qarindoshi yotar joy, oziq-ovqat bilan ta‘minlaydi va tergan paxtasining 1 kilogrami uchun 7 so‘mdan 10 so‘mgacha (o‘zbek so‘miga o‘girilganda 400 - 500 so‘m -muharrir) haq to‘laydi. Ayol olayotgan pullari mehnatini oqlashini aytadi:

- Paxtani teryapmiz. Kuniga 114-120 kilogramdan. Yaxshi haq to‘layapti, 7-8 so‘mdan 10 so‘mgacha ikkinchi uchinchi terimlarga. 11 odam 15 kundan beri ishlayapmiz, - dedi o‘zbekistonlik ayol.

Solishtirish uchun aytish lozimki, 1 AQSh dollari 45 qirg‘iz so‘miga teng .

Qirg‘iziston dalalarida paxta terayotgan ayrim o‘zbekistonliklarga farzandlari ham yordam berishmoqda:

- Paxta terishni opamdan o‘rganganman. Bizga bu yerda yaxshi qarashadi. Paxta tugagunicha shu yerda qolamiz, - deydi o‘zbekistonlik yosh qizcha.

O‘zbekistonlik ayollarga ko‘ra, qirg‘iz-o‘zbek chegarasi yopiq bo‘lgani uchun chegaradan har kuni o‘tish juda muammolidir. Shu sababli hozirda Qirg‘izistonga ishlash uchun faqat bu yerda qarindoshlari bo‘lgan o‘zbekistonliklar o‘tadi va ular bu yerda paxta terimi tugagunicha qolib ishlashadi.

- Bir kunda 80-90 kilo paxta teraman. O‘zimizning qarindoshni paxtasini terganim uchun haqqini kuniga olishni xohlamaymiz. Nimaga deganda, to‘plab olgan barakaliroq bo‘ladi,- dedi o‘zbekistonlik yana bir ayol.

O‘rni kelganda Qirg‘iziston dalalariga O‘zbekistondan faqat ishchi kuchi emas, O‘zbekiston texnikalari jalb qilinishini ham aytib o‘tish joiz.

Masalan, 2011 yilning iyul oyi oxirlarida Qirg‘izistonning Botken viloyati dalalariga hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish maqsadida O‘zbekiston va Tojikiston hududlaridan qishloq xo‘jalik texnikalari jalb qilingandi.

“Qo‘shni davlat dehqonlari dalalaridagi hosilni bizdan erta yig‘ib bo‘ladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi kelishim asosida hozir Botken viloyati dalarida qo‘shni davlat kombaynlari ishlayapti. Zarur bo‘lganida biz ham qo‘shnilarimizga ko‘maklashgan hollar bo‘lgan”, degandi Botken viloyati hokimi Xayitali Ayqanov.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, yoz oyi oxirlarida Botken viloyati dalalarida 17 kambayn ishlagan. Ulardan 2 tasi O‘zbekistondan, 3 tasi qo‘shni Tojikistondan olib kelingan.
XS
SM
MD
LG