Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:58

Quvaytlik blogger Twitterda qoldirgan yozuvi uchun qamaldi


Arab mamlakatlarida bloggerlarni hukumat tarafidan ta'qib qilish davom etmoqda.

Quvaytda sud blogger Muborak al-Batxalini Twitter mikro-blogida "haqoratli yozuvlarni yozgani uchun" uch oylik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda Agence France-Presse axborot agentligi xabar bermoqda.

Xabarga ko'ra, bloggerning Twitterda qoldirgan yozuvlari Quvaytning milliy birdamligiga zarar yetkazuvchi va shia musulmonlarini haqoratlovchi deb topilgan.

Sud qarori 25 sentabr kuni mamlakat poytaxti Al-Quvayt shahrida o'tgan mahkamada chiqarilgan edi. Blogger al-Batxalining himoyachilari qarorga nisbatan shikoyat arizasini berishi hozircha noma'lum qolmoqda. Ayni damda al-Batxali internetda sodir etgan yana bir qilmishi uchun jazo muddatini o'tamoqda.

Al-Quvayt shahrida 27 sentabr kuni yana bir blogger ustidan hukm o'qilishi kutilmoqda. 26 yoshli Nosir Abdulla Twitter sahifasida Quvaytning sherik (biznes-partnyor) mamlakatlari rahbarlarini haqoratlaganlikda va Quvaytning obro'siga zarar yetkazganlikda ayblanib, hibsga olingan edi. Blogger Nosir Abdulla o'zining aybsizligini aytib, uning Twitter sahifasi xakerlar tarafidan hujumga uchraganini iddao qilmoqda.

Bloggerlar Muborak al-Batxali va Nosir Abdullaga nisbatan ko'rilgan choralar Quvaytning internetni yaqindan nazorat qilayotganligiga yana bir dalildir. Bundan oldin ham Quvayt hukumati bir necha bloggerlarni internetda qoldirgan yozuvlari uchun qisqa muddatli qamoq jazosiga mahkum etib kelgan edi.

Arab mamlakatlarida, Yaqin Sharq va bir qator Afrika davlatlarida bloggerlarning hukumat tarafidan ta'qib etilishi yangilik emas. Bloggerlarga nisbatan keskin choralar ko'rishda Quvayt bilan birga Eron, Vyetnam, Misr va Myanmalar ham ajralib turadi.
XS
SM
MD
LG