Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:12

AQSh Senati O‘zbekistondagi korrupsiyadan xavotirda


US -- U.S. Senate, undated
US -- U.S. Senate, undated
AQSh Senati Pentagondan O‘zbekiston bilan oldi-berdi qilishda shaffoflikni talab qilmoqda. Senat qo‘mitasi o‘tgan hafta O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatishni ta‘qiqlovchi cheklovlarni bekor qilgan edi.

Eurasia.net nashrining yozishicha, mazkur qaror ko‘rsatilayotgan yordamning poraxo‘rlar cho‘ntagiga tushmasligini ta‘minlash sharti bilan qabul qilingan. Buning uchun AQSh senati Mudofaa vazirligidan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i doirasida O‘zbekistonda tuzilayotgan shartnomalar to‘g‘risida hisobotlarni taqdim etishni talab qilmoqda.

Yaqin kelajakda Afg‘onistondagi AQSh harbiylariga yetkaziladigan noharbiy yuklarning 75 foizi aynan O‘zbekiston orqali o‘tishi inobatga olinsa, amerikalik soliq to‘lovchilarning pullari korrupsiyaga aralashmasligini ta‘minlash biroz mushkul bo‘lishi mumkin, deydi Eurasia.net nashrining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Deyrdre Taynan.

AQSh Senatining moliyalashtirish qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy yordamni taqiqlovchi cheklovni bekor qilishga 22 sentabr kuni rozilik berdi. Sanat bu sanksiyani 2004 yilda, O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyati ayanchli ekanini hisobga olib joriy qilgan edi.

Yakuniy qaror joriy yil oxirigacha Kongressning ikkala palatasida o‘tkaziladigan ovoz berish natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

Lekin, Eurasia.net nashri e‘lon qilgan “AQSh Senati Pentagondan Shimoliy ta‘minot tarmog‘i (ShTT) doirasida tuzilayotgan shartnomalar xususida shaffoflik istayotir” nomli maqolada yozilishicha, bu cheklovlar bekor qilinib, katta miqdordagi harbiy yordam Toshkentga berilishidan avval AQSh Kongressi amerikalik soliq to‘lovchilarning pullari poraxo‘rlarga sarflanmasligini ta‘minlash lozimligini istamoqda.

Senat ShTT ustidan yaxshi nazorat o‘rnatilmagani, xususan O‘zbekistondagidek korrupsiyalashgan davlat amaldorlari uchun mo‘maygina doromad manbayiga aylanib qolganidan tashvishlanmoqda, deyladi tahlilchi Deyrdre Taynan yozgan maqolada.

Muallif AQSh Senatining xorijiy yordam bo‘yicha hisobotida keltirilglan mana bu so‘zlarga e‘tibor qaratadi: “Qo‘mita O‘zbekistonda korrupsiya chuqur ildiz otganiga oid xabarlardan tashvishdadir”.

Ma‘lum bo‘lishicha, Pentagondan talab qilinayotgan hisobot maxfiy bo‘ladi va jamoatchilik uning mazmunidan xabardor qilinmaydi. Ya‘ni O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rstaish tiklansayu Pentagon hisobotlarida u yerdagi ehtimoliy poraxo‘rliklar haqida gap borsa yoki bu hisobotlar haqiqatga mos kelmasa bu sir bo‘lib qolavyerdi. Xo‘sh cheklovni bekor qilish uchun bunday shartni qo‘yishning nima keragi bor?

Eurasia.net nashri Markaziy Osiyo bo‘iycha tahlilchisi Deyrdre Taynan bunday hisobotlarning maxfiy bo‘lishi o‘zi odatiy holdir, deydi. Lekin boshqa tomondan Amerika pullari qanday sarflanayotgani sir qolayotgani munofiqlikning bir ko‘rinishidir va bu deyarli hal etib bo‘lmaydigan muammo ekani hech kimga sir emas, deya davom etadi tahlilchi.

- Albatta, bu yerda ikkiyuzlamachilik bor. Shu paytgacha aytilgan gaplarga qarasangiz, ya‘ni amekrialik soliq to‘lovchilarning pullari (Afg‘onistondagi) urush maqsadlariga qanday sarflanmoqda, degan masalaga qaraydigan bo‘lsak, bu pullarning bir qismi dunyodagi eng korrupsiyalashgan davlatlar, xususan va ayniqsa, O‘zbekiston orqali o‘tadigan Shimoliy ta‘minot tarmog‘iga sarflanadi. Va amerikalik soliq to‘lovchilar o‘z pullari dunyoning boshqa joylarida qanday sarfalanayotganini bila olmasliklarini albatta munofiqlik, deb atasa bo‘ladi, deydi Deyrdre Taynan.

O‘zbekistonga harbiy yordamni ilinayotgan prezident Barak Obama ma‘muriyati va bunga rozilik berayotgan senat qo‘mitasi ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamning maqsadli sarflanishi va korrupsiyaga aralashmasligini qanchalik ta‘minlay olishi boshqa masala, deydi u. AQShning Pokiston bilan munosabatlari yomonlashayotgani va umuman bu mamlakat orqali Afg‘onistonga yuklar tranziti mushkullashib qolgani sharoitida Pentagon urush ehtiyojlari uchun yuklarni yetkazib berishni asosan ShTT orqali amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Deyrdre Taynan o‘z maqolasida, joriy yil oxiriga qadar noharbiy yuklar tranzitining 75 foizi O‘zbekiston orqali amalga oshirilishiga e‘tibor qaratadi.

Bu vaziyatda va O‘zbekistonda yaqin orada korrupsiyani yengish istiqbollari nekbin emasligi e‘tiborga olinsa, Qo‘shma Shtatlar yordami maqsadli sarflanishiga erishish mushkul vazifadir, lekin AQSh Senati qo‘ygan shart, hech bo‘lmaganda, bu muammoga e‘tibor qaratishi mumkin, deydi tahlilchi.

- AQSh hukumatida, barcha boshqarma va darajalarda Amerika qonunlariga amal qilinishini istaganlar juda ko‘p. Bu odamlar o‘z maqsadini amalga oshira olishlariga umid qilamiz albatta. Mudofaa vazirligining o‘z vazifasi bor, u ham bo‘lsa Afg‘onistondagi urushda qo‘yilgan missiyani iloji boricha muvaffaqiyatli bajarishdir. Ba‘zan bu missiyani bajarish uchun ular ikki tomonlama munosabatlarning nozik tomonlariga e‘tibor bergan holda ma‘lum xatoliklarga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Lekin Amerikada bu ikki jihat bir-biriga zid kelmasligini ta‘minlashning ko‘plab vositalari bor, deydi Eurasia.net nashri tahlilchisi Deyrdre Taynan.
XS
SM
MD
LG