Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:04

Obama Karimov bilan telefonda suhbatlashdi


Oq Uyning ma‘lum qilishicha, AQSh Prezidenti Barak Obama O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga qo‘ng‘iroq qilib, mamlakat mustaqilligining 20 yilligi bilan tabriklagan.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, Obama Karimovga "O‘zbekistondagi tinchlik va xavfsizlikdan hamma yutadi", degan fikrni yetkazgan. Bu bayonotni kuzatuvchilar Amerika yetakchisining O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatidagi kamchiliklarga ishora qilgani o‘laroq baholamoqdalar.

Shuningdek, ikki prezident "Afg‘onistonda barqarorlik, xavfsizlik va tinchlik o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlash"ga doir mushtarak manfaatlarni muhokama qilgani aytilmoqda.

Shuningdek rasmiy bayonotga ko‘ra, Obama O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan Karimovni tabriklagan va ikkala prezident "Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlar, jumladan, Amerika va O‘zbekiston fuqarolik jamiyatlari hamda xususiy sektorlari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish" masalasini muhokama qilishgan.

Toshkent hukumatining inson huquqlariga bo‘lgan munosabati mahalliy va xalqaro huquq guruhlari tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Xususan, 28 sentabr kuni inson huquqlari tashkilotlari AQSh hukumatiga yuborgan ochiq maktubida O‘zbekistonda bolalar mehnati, qiynoqlar va boshqa holatlardagi huquqlarning buzilishi qayd etilib, Toshkentga harbiy yordamni tiklamaslikka chaqirdilar.

Shuningdek, chorshanba kuni Vashingtonda AQSh-O‘zbekiston Savdo va sanoat palatasi homiyligida Biznes forum o‘tkazilgan bino oldida huquq faollari va o‘zbek muxolifati norozilik namoyishi o‘tkazdi. Biznes forumini O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyevning ochib berishi kutilayotgan edi. Lekin so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, E. G‘aniyev tadbir boshlanishiga kelmagan.

22 sentabr kuni Obama ma‘muriyati so‘roviga ko‘ra AQSh Senatining moliyalashtirish qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatishni ta‘qiqlovchi cheklovlarni bekor qilishga rozilik bergan edi. Sanat bu sanksiyani 2004 yilda, O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyati ayanchli ekanini hisobga olib joriy qilgan edi. Bu xususda yakuniy qaror joriy yil oxirigacha Kongressning ikkala palatasida o‘tkaziladigan ovoz berish natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

Inson huquqlari tashkilotlari prezident Obamaning bu harakatini Karimovga mulozamat qilish deya keskin tanqid qilgan edi.
XS
SM
MD
LG