Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:07

Stiv Jobsga marsiya


Apple shirkati Stiv Jobsni xotirlab o'z veb-sayti bosh sahifasida uning portretini joylashtirdi.
Apple shirkati Stiv Jobsni xotirlab o'z veb-sayti bosh sahifasida uning portretini joylashtirdi.
Apple shirkatiga 1976 yili asos solgan va 10 yildan so'ng undan sharmandalarcha haydalgan, yana 10 yildan so'ng esa Apple ga umuman boshqa inson sifatida qaytib, shirkatni butunlay o'zgartirib yuborgan va birinchilar qatoriga olib chiqgan Stiv Jobs 5 oktabr kuni olamdan ko'z yumdi.

Bir necha yillardan beri Jobs oshqozon osti bezi saraton kasalligi bilan kurashib kelayotgan edi. Uning 56 yoshidagi o'limiga ham aynan shu kasallik sabab bo'ldi.

Jobs o'limi haqida xabar bir zumda barcha yirik ommaviy axborot vositalari va internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda asosiy mavzuga aylandi. Kimlardir uni daho desa, kimlardir uni kelajakga yo'l ochib bergan inson sifatida ta'riflaydi. Stiv Jobs kim edi? Nega bugun butun dunyo uning o'limiga motam tutmoqda?

Darhaqiqat, Stiv Jobs kompyuterlar olamini tubdan o'zgartirgan insondir. U 1976 yili 16 yoshida Stiv Vozniak va Ronald Ueyn bilan birga Apple shirkatiga asos soladi va keng ko'lamda sotuvga chiqgan birinchi personal kompyuterni (Apple I va Apple II) yasaydi. Shirkat kengaygan sari, unga yangi odamlar qo'shilaveradi. 1985 yili esa Aplle direktorlar kengashi bilan bo'lgan tushunmovchiliklari tufayli uni o'zi asos solgan shirkatdan haydashadi.

Jobs iPhone 4 mobil telefonini Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedega hadya etmoqda.
Jobs iPhone 4 mobil telefonini Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedega hadya etmoqda.
Keyinroq Stiv Jobs bu voqeani hayotidagi eng asosiy va kerakli o'zgarish bo'lganini tan oladi. "Men hayotimni yangi varaqdan boshladim. Bu esa meni yangicha fikrlashga undadi", degan edi Stiv Appledan ketishini eslar ekan. Apple shirkatini tark etgan Jobs shu yiliyoq personal kompyuterlar chiqarishga moslashgan NeXT Computer shirkatiga asos soladi va bir yil o'tib Pixar shirkatini sotib oladi. Pixar barchamizga "O'yinchoqlar hikoyasi", "Nemoni izlab", "Ratatuy", "WALL-E" kabi to'liq metrajli multfilmlari bilan tanish.

7 million AQSh dollari bilan boshlangan NeXT Computer shirkati 90-yillarga kelib shu qadar rivojlanib ketadi-ki, uni Apple shirkati 1996 yili 429 millionga sotib oladi. NeXT Computer bilan birga Apple ga Stiv Jobs ham rahbar sifatida qayta qo'shiladi. Shunday qilib, 1996 yildan Apple ning buyuk texnologik ijodi boshlanadi.

Aynan Stiv Jobs rahbarligi ostida iPod, iPhone, iTune, dunyodagi birinchi planshet, dunyodagi eng yupqa noutbuk va boshqa bir qator yuksak texnologiya mevalari yaratiladi. Shirkat marketingi ham a'lo dajada faoliyat ko'rsatgani sabab, Apple shaydolari Stiv va uning jamoasi yaratgan yangi texnologiyalarni intizorlik bilan kutishadi. Sotuvlar esa har safar rekordlarni uradi. iPhone 4 va iPad 2 bunga yaqqol misoldir.

Aytishlaricha, iPad plansheti Stiv Jobsning eng sevgan mahsuloti edi.
Aytishlaricha, iPad plansheti Stiv Jobsning eng sevgan mahsuloti edi.
2004 yili Jobs oshqozon osti bezi saraton kasalligiga uchraganini e'lon qildi. Stivning bahtiga uning kasalligi shifolasa bo'ladigan va odamlarda kam uchraydigan saraton turi edi. Hastalik bilan kurashga kirgan Stiv keyinroq buni ijodiga ilhom bag'ishlagan hayotidagi ikkinchi katta o'zgarish, deya baholaydi.

Sababi saraton hastaligiga chalinganidan beri Jobs ijodga to'lig'icha berilib ketgan edi. Uning 2005 yili Stenford universitetida qilgan chiqishida u "tez kunlarda o'lishingni bilish aslida insonga katta ilhom bag'ishlaydi. Chunki o'lishishingni bilish senda yo'qotadigan hecha narsa yo'qligini ko'rsatadi. O'lim oldida hayotingdagi kerakmas narsalar o'zidan-o'zi yoqoladi va faqat asosiy narsalarga e'tiboringni qarata boshlaysan. Chunki sen o'lim bilan yuzma-yuz qolasan... O'lim bizga berilgan eng ulug' ne'matdir", degan edi. Aynan kasallikga chalinganini bilganidan beri Jobs iPhone va iPad ni yaratdi va iPod larni yangi rusumlarini chiqardi.

Buyuk nomini tirikligidayoq olgan Stive Jobs iPhone telefonining 4s rusumi e'lon qilinganidan bir necha kun o'tib, 56 yoshida saraton kasalligidan oilasi va yaqinlari davrasida tinchgina ko'z yumdi.

Inson taqdiri shunday. Keladi, ijod qiladi, iz qoldiradi, ketadi. Insoniyat orasida yana Stiv Jobs kabi buyuk insonlar chiqishiga umid qilib qolamiz.
XS
SM
MD
LG