Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:48

“Toshkent ishga taklif qiladi”


Rossiya va boshqa o‘lkalarda mardikorlik qilayotgan o‘zbeklar millionlarni tashkil qiladi. Ular orasida oliy ma‘lumotli mutaxassislar juda ko‘p.
Rossiya va boshqa o‘lkalarda mardikorlik qilayotgan o‘zbeklar millionlarni tashkil qiladi. Ular orasida oliy ma‘lumotli mutaxassislar juda ko‘p.
Ana shu nom bilan 14 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida poytaxtdagi 20 dan ortiq katta korxona va tashkilotlarning qatnashishi kutilmoqda.

Yarmarka tashkilotchilaridan biri, Superjob.uz internet portalining o‘zini Artyom deb tanishtirgan xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bundan avval o‘tkazilgan ikki yarmarkada Toshkentdagi yuzdan ortiq tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan va juda ko‘p odamlar ish bilan ta‘minlangan, deya ta‘kidladi.

Superjob.uz internet portalida hozircha Toshkentdagi 26 ta mahalliy va qo‘shma korxonalar yarmarkada ishtirok etish istagini bildirgani aytilgan.

Ozodlik bu korxonalarning ba‘zilariga qo‘ng‘iroq qilib bo‘sh ish o‘rinlari va ish haqlari bilan qiziqdi.

Iste‘mol mollari ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadigan "Dicom SERVIS" mas‘uliyati cheklangan jamiyatning Artur ismli xodimiga ko‘ra, ular yarmarkada savdo vakili, iste‘mol mollari sotuvchisi kabi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashishni rejalagan:

- Savdo vakili bizda o‘rtacha 400 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha, ishiga qarab maosh olishi mumkin,- deydi Artur.

Artur hozircha o‘zi ishlaydigan korxonada faqat to‘rtta bo‘sh ish o‘rni borligini qo‘shimcha qildi.

"AGROMIR GROUP" uyushmasining kadrlar bilan ishlash boshqarmasi rahbari Ruhina G‘aybulina ayni paytda korxona yarmarkaga taklif eta oladigan bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini aytadi. Unga ko‘ra, agar 14 oktyabrgacha ish o‘rinlari bo‘shab qolsa, bu haqda e‘lon qilinadi.

Asosan sharbat ishlab chiqaradigan bu uyushmaga ishga kirmoqchi bo‘lgan odamga qancha maosh taklif qilinadi, degan savolga "AGROMIR GROUP" vakili, "bu kompaniya siri", deb javob berdi:

- Agar yarmarkada so‘rashsa ham bu savolga men javob bermayman. Biz ish haqi bozorini doim o‘rganib boramiz va o‘rtacha maosh darajasini ushlab turishga harakat qilamiz,- deydi Ruhina G‘aybulina.

“Texnoprosistem” mas‘uliyati cheklangan jamiyati vakili ham Ozodlik bilan suhbatda bo‘sh ish o‘rinlari ularning saytida e‘lon qilingani, ish haqi esa bo‘sh ish joyiga da‘vogar bilan yuzma-yuz suhbatda aytilishini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa tashkilotlar vakillari ham asosan ish o‘rinlari savdo bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarga ehtiyoji borligini aytdilar.

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan, 53 yoshli Adham Jo‘rayevning aytishicha, u ham tez-tez bunday yarmarkalarga borib turadi, internet orqali ishga takliflarni kuzatadi. Aholining asosiy qismi talab qiladigan ishlarni bu yarmarkalardan topib bo‘lmaydi, deydi u:

- Yarmarkalarda ham, Internetda ham gohida ko‘ramanda vakansiyalarni. Shuning ichida qarab chiqqanimni tahlil qiladigan bo‘lsam, asosan bu yarmarkaga qanaqadir odamlar talab qiladigan ishlar to‘g‘risida deyarli ko‘p emas, e‘lonlar. Shuning uchun bu yaramarka bo‘ladigan bo‘lsa, mening o‘zimning fikrim bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘pincha yana oldi-sotdilar bo‘ladiyu, kak predstavitel torgovlya deydida. Qo‘lingizga tovar beradimi, o‘shani aylanib sotib yurish uchunmi korxonalarga borasizmi, boshqami shunaqalar bo‘ladi. To‘g‘risini aytganda men haqiqiy rabochiy spetsialnostlar, misol uchun tokarlar, slesarlar, svarshiklar deydiganlari, shunaqalarning chaqirig‘iga e‘lonlar kam juda,- deydi toshkentlik Adham Jo‘rayev.

Ishsizlik O‘zbekistondagi asosiy ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Sobiq ittifoq paytida ishlab turgan katta korxonalarning aksariyati bugun to‘xtab qolganligi yoki kam quvvat bilan ishlayotgani aytiladi.

Hukumat har yili millionlab ish joylari tashkil qilinayotgani va mamlakatda ishsizli yarim foizdan kamroq ekanini aytib kelsa-da, bu o‘z kasbi bo‘yicha ish topolmay yoki maoshning juda ozligi sabab bugun millionlab o‘zbekistonliklar xorijda mardikorlik qiladi. Ularning asosiy qismi MDHning Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarida ishlaydilar.
XS
SM
MD
LG