Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:10

Musulmonlar idorasi xodimi diniy motivlarda ayblanmoqda


Musulmonlar idorasida besh yil ishlagan Saidmurod Yusupov bilan birga yana 15 kishi ustidan sud 18 oktabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Musulmonlar idorasida besh yil ishlagan Saidmurod Yusupov bilan birga yana 15 kishi ustidan sud 18 oktabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Idorada 5 yildan ortiq ishlagan Saidmurod Yusupovga O‘zbekiston JKning 244 modda, 2 bandi bilan ayblov qo‘yilgan.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasida 5 yildan ortiq ishlagani aytilayotgan yangiyo‘llik Saidmurod Yusupov shu yilning may oyida ishlab turgan idorasida hibsga olingan.

Bu haqda u bilan birga so‘roqqa tortilgan, ammo qisqa muddatdan so‘ng qo‘yib yuborilgan toshkentlik yosh dindorlardan birining Ozodlikka yozishicha, Saidmurod Yusupov shayx Abdulaziz Mansurning eng yaqin shogirdlaridan biri bo‘lgan.

Saidmurod Yusupovning otasi Saidahror Yusupov Ozodlikka kelib tushgan bu xabarlarni tasdiqladi, ammo o‘g‘lining ishi bilan bog‘liq mavzuda intervyu berishni istamadi.

U kishiga ko‘ra, o‘g‘li hozir Toshturmada saqlanmoqda va 18 oktyabr kuni uning ustidan ilk sud majlisi Toshkent viloyati, Yangi yo‘l shahar sudida bo‘lib o‘tadi.

Oila-a‘zolari Saidmurod Yusupovga konkret qanday ayblov qo‘yilganidan bexabar ekanini aytishdi.

Ammo uning huquqlarini himoya qilayotgan advokatdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Yusupovga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244 moddasi, 2 bandiga binoan ayblov qo‘yilgan.

Bu moddada diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish aybi ko‘zda tutilgan va bu ayb isbotlangan taqdirda mahkumga 5 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarda qamoq jazosi berilishi mumkin.

Oila-a‘zolaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Saidmurod Yusupov 31 yoshda va yaqindagina uning birinchi farzandi tug‘ilgan.

U ishlagan Musulmonlar idorasidan o‘z xodimining aynan radikalizm, diniy ekstremizm bilan bog‘liq motivlarda ayblanib, sudga tortilishi borasida biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, Yusupovga ustozlik qilgani aytilgan shayx Abdulaziz Mansur hazratlari bilan ham bu gal bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

E‘tirof etish kerak, musulmonlar idorasida ishlagan xodimning aynan diniy motivlarda ayblanib hibsga olinishi-yu, sudga tortilganiga oid holat, Ozodlik kuzatuvlariga ko‘ra, ilk bor sodir bo‘lmoqda.

Ammo, Saidmurod Yusupov yoshidagi dindorlarning diniy motivlarda ayblanib, hibsga olinishi O‘zbekistonda yillardan buyon kuzatilmoqda.

Bu vaziyatni kuzatib kelayotgan O‘zbekiston “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati to‘plagan ma‘lumotlarga ko‘ra, ayniqsa, keyini 1-2 yil ichida radikal dindor sifatida jamiyatga xavf tug‘dirayotgani aytilib, qamoqqa tashlanayotganlar orasida tobora davlat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari, hatto, mahalliy hokimiyatlar mulozimlari soni ko‘paymoqda.

Yaqinda bu boradagi so‘nggi monitoringi natijalarini chop etgan “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov bugungi umumiy vaziyat haqidagi kuzatuvlarini so‘zlab berdi.

- Mana masalan bizda hali rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlar bor. Qashqadarë viloyati, Qarshi tumanining Ichki ishlar bo‘limining bir guruh rahbari diniy radikal oqimga a‘zolikda ayblanib qamoqqa olingan. Bundan tashqari shu kunlarda, aynan mana shu soatlarda ham katta-katta xushovoz xonandalar, taniqli artistlarning hibsga olinaëtgani haqidagi gaplar bor.

Bundan tashqari, Abdullayev degan Toshkent islom universitetining rektori bo‘lardi. Uning o‘rinbosarlari bo‘lardi. Bularning hammasi nurchilikda ayblanib, 10 yildan 12 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. Bular ham o‘ziga xos mavqega, diniy rutbaga ega bo‘lgan shaxslar edi.

Buning asosiy sabablariga qaytadigan bo‘lsak, albatta, O‘zbekistonda diniy radikalizm motivlari bor. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin bitta shunaqa shaxs chiqsa, uning atrofidagi o‘nlab odamlarni qatag‘onga olish, ularni kuzatuvga, ta‘qibga olish, ularni nohaq qamash holatlari ham mavjud. Hozir O‘zbekistonda dindorlarga nisbatan hukumatning shunaqa primitiv siësati ketayapti, - deydi “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.
XS
SM
MD
LG