Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

Timoshenkoga yana bir jinoiy ish ochildi


Yuliya Timoshenko
Yuliya Timoshenko
7 yilga qamalgan sobiq Bosh vazir endi 405 million dollarning yo‘qolishi uchun javob beradi.

Ukraina xavfsizlik xizmati mamlakat sobiq Bosh vaziri Yuliya Timoshenkoga qarshi yana bir jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Bu gal Timoshenkoga u 90-yillarda “Ukraina yagona energotizimi” davlat shirkatiga prezidentlik qilgan davr bilan bog‘liq ayb qo‘yilmoqda.

Ukraina Xavfsizlik xizmati qoshidagi Tergov boshqarmasi rahbari Ivan Derevyankoning bildirishicha¸ mazkur shirkat Timoshenko rahbarligi paytida Rossiya Mudofaa vazirligiga 405 million dollar qarz bo‘lib qolgan va endilikda Timoshenko ushbu qarzning qanday va qayerga oshirilgani bo‘yicha javob beradi.

- Hozirda tergov jarayoni bormoqda va shu bois men sizlarga ish bog‘liq tafsilotlar¸ ayniqsa bu jinoiy ishda keltirilayotgan dalil-isbotlarni keltira olmayman. Ammo tergov jarayonida Timoshenkoga qarshi rasman shunday ayb qo‘yish uchun yetarli dalil-isbot topilganini aytishim mumkin¸ dedi Ukraina Xavfsizlik xizmati Tegov boshqarmasi rahbari 13 oktyabr kuni jurnalistlarga.

Derevyankoga ko‘ra¸ 90-yillarda Timoshenko “Ukraina yagona energotizimi” shirkatining nafaqat prezidenti¸ amalda uning egasi ham bo‘lgan.

Xavfsizlik rasmiysining bildirishicha¸ ayni 405 million dollarning yo‘qolishi yuzasidan Ukrainaning 90-yillar oxiridagi Bosh vaziri¸ hozirda AQSh qamog‘ida saqlanayotgan Pavlo Lazarenkoga qarshi poraxo‘rlik va davlat mulkini talon-taroj qilish aybi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Timoshenkoga qarshi yangi jinoiy ish¸ sobiq Bosh vazir 2009 yilda Rossiya bilan gaz kelishuvini imzolash jarayonida o‘z vakolatini suiste‘mol qilganlikda aybdor deb topilib¸ 7 yillik qamoqqa hukm qilingan 12 oktyabrning ertasiga ochilgan.

Timoshenkoning qamalishini keskin tanqid qilgan Yevropa Ittifoqi bu hukmning Ukraina-EI munosabatlariga jiddiy putur yetkazishidan ogohlantirdi.

Timoshenkoning yangi jinoyatlarda ayblayonganiga munosabat bildirgan YeI matbuot kotibi Maykl Mann¸ bu jarayonni o‘ta xavotirli deya baholadi.

- Bu juda tashvishli. Biz Timoshenko ustidan hukm chiqishi bilan o‘z munosabatimizni ochiq-oydin bayon qildik. Shuningdek¸ YeI ning Tashqi siyosat bo‘yicha oliy namoyandasi Eshton xonim chorshanba kuni Yevropa Parlamentida qilgan chiqishida¸ bu mahkamaning xalqaro talablar darajasida o‘tkazilmaganini ta‘kidladi. Hozirgi Kiyev hukumati Timoshenko xonim Bosh vazir bo‘lgan davrda ishlaganlarga qarshi o‘ta cheklangan adolatni qaror toptirmoqchidek ko‘rinadi. Agar shunday bo‘lsa¸ bu juda xavotirli jarayon¸ dedi YeI matbuot kotibi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Timoshenkoning qamalishi va unga qarshi yangi ayblar qo‘yilishiga munosabat bildirgan AQSh Davlat departamenti bu mahkama Kiyev joriy hukumatining demokratiya va inson haqlari borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarishiga nisbatan jiddiy shubha tug‘dirganini bildirdi.

Ayni paytda Amnesty International xalqaro inson haqlari guruhi Timoshenkoni siyosiy mahbus deb topdi va Kiyev rahbariyatidan uni zudlik bilan ozod etishga so‘radi.

Bu tanqidlarga munosabat bildirgan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Voloshin¸ bunday xalqaro tanqidning kutilgan ekani va tanqidiy bayonotlar Ukrainani Yevropa Ittifoqida ko‘rishni istmayotgan kuchlardan chiqayotganini ta‘kidladi.

Ukraina hozirgi prezidenti Viktor Yanukovichning ashaddiy raqiblaridan biri va 204 yilgi "Zarg‘aldoq inqilobi" yetakchilaridan biri bo‘lgan Timoshenkoning¸ aynan Yanukovich muxolifi bo‘lgani uchun jazolangani aytilmoqda.

Timoshenko ustidan o‘tkazilgan mahkama bois xalqaro maydonda keskin tanqid yomg‘iri ostida qolgan Yanukovich¸ Ukraina qonunchiligiga Timoshenkoni ozodlikka chiqarishga yo‘l ochuvchi o‘zgartishlar kiritilishini ma‘qullashini bildirdi.
XS
SM
MD
LG