Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:04

Tojikistonda kelin va kuyov ishga olinmas bo‘ldi


Tajikistan - Family, 1984
Tajikistan - Family, 1984
Tojikistonda davlat mulozimlarining o‘zi rahbarlik qilayotgan idoraga kelini yoki kuyovini ishga olishi taqiqlandi.

Mamlakat parlamenti vakillarining bu taklifi respublika “Korruptsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuniga kiritildi.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash agentligi raisi Abdufattoh Saidovning bildirishicha, qonunga bo‘ysunmagan davlat mulozimi vazifasidan bo‘shatiladi.

Rasmiyga ko‘ra, davlat idoralarida qarindosh-urug‘larni ishga joylash harakatlarining oldini olish bilan respublika o‘z xalqaro majburiyatlarini bajargan bo‘ladi. Shuningdek, Saidovning ta‘kidicha, davlat va shaxsiy manfaatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga chek qo‘yiladi.

- Kelin va kuyov eng yaqin kishilar hisoblanadi. Avvalgi qonunimizda qudalar nazarda tutilgan edi. Lekin agar kelin va kuyov bo‘lmasa, quda qayerdan paydo bo‘ladi, - deydi Tojikiston prezidenti huzuridagi Korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash agentligi raisi Abdufattoh Saidov.

Mulozimning bildirishicha, davlat idoralarida “korruptsiyaning bir shakli sanalgan” qarindosh-urug‘chilik va oshna-og‘aynigarchilik holatlarining ko‘payishi jamiyatda norozilik potentsialini paydo qilmoqda.

“Shu sababdan, - deya so‘zida davom etadi tojik rasmiysi Saidov, - qonunga bunday o‘zgartish kiritilishi va bu yo‘nalishda davlat fuqarolik institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi davr talabidir”.

Tojik deputatlarining qonun kuchini olgan bu taklifini ko‘pchilik tojikistonliklar olqishlayotgani kuzatiladi.

Biroq mustaqil tahlilchilar mamlakatda qonunning ijrosi ta‘minlanishiga shubha qilmoqdalar.

Davlat idoralariga qudalar qatorida kelin va kuyovni ishga jalb qilishga huquqiy chek qo‘yilgan ayni paytda, tahlilchilarga ko‘ra, bu illat negizi davlat yuqori lavozimidagi rahbarlar va hatto prezidentgacha borib taqaladi.

Mustaqil tahlilchi Rajab Mirzo prezident Imomali Rahmonning qudalari – Energetika va sanoat vaziri Sherali Gul hamda Temir yo‘l davlat unitar korxonasi raisi Omonullo Hukumatullo hamda prezidentning kuyovi, Moliya vaziri muovini Jamoliddin Nuraliyev va uning qaynog‘asi, “Oriyonbank” raisi Hasan Asadullozodaga ishora qilar ekan, qonunning amalda ish berishiga shubha qilishini aytadi.

- Davlat yuqori lavozimidagi bu shaxslar qarindosh-urug‘ining nufuzi, ta‘siri haqida ommaviy axborot vositalari, turli rasmiy tadbirlar va odamlar orasida gap-so‘zlar ko‘p. Agar davlat mulozimlari haqiqatan ham bu yo‘nalishda biror yangilik qilmoqchi bo‘lsalar, menimcha, buni avval o‘zlaridan, ya‘ni yuqoridan boshlashlari lozimdir, - deydi mustaqil tahlilchi Rajab Mirzo.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi raisi Shukurjon Zuhurov mulohazasicha, “xalq kim halol mehnati bilan yoki aksincha kim boshqa yo‘llar bilan yashayotganini yaxshi biladi”. Parlament spikeri o‘z yaqinlarini davlat idoralariga joylayotgan birorta mulozimning nomini tilga olmadi, ammo buning oqibati yaxshilikka olib bormasligini qayd etdi.

- Biz “xalq bilmaydi” deb o‘ylagan ko‘pgina narsalarni aksincha, yaxshi biladi. Xalqqa hamma narsa kundek oydin. Biror narsani undan yashirib bo‘lmaydi. Kim qanday topayapti, nimalar bilan band, mehnati halolmi yoki aksincha - hammasini yaxshi biladi, - dedi parlament quyi palatasi raisi Shukurjon Zuhurov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Forbs jurnali korruptsiya eng rivojlangan o‘nta mamlakat ro‘yxatini e‘lon qilgandi. Transparency International tashkiloti ma‘lumotlariga asoslanib tuzilgan “eng yomon o‘nlik” ro‘yxatga Tojikiston ham kiritilgandi.

Tojikistonda davlatning yuqori idoralaridan pastki qatlamlarigacha tomir otgan korruptsiya, mustaqil kuzatuvchilar fikricha, oddiy aholi tirikchiligiga qattiq zarba bermoqda.
XS
SM
MD
LG