Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:02

"Paxta-2011" qurboni Bahodir hayoti hamon xavf ostida


13 yoshli Bahodir 22 kun komada yotdi.
13 yoshli Bahodir 22 kun komada yotdi.
Paxtadan qaytayotganda avtohalokatga uchrab komaga tushgan chiroqchilik Bahodir Pardayev hushiga kelgan, biroq hanuz tilga kirmagan.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 24-maktabning 7-sinf o‘quvchisi, 13 yoshli Bahodir Pardayev uch hafta davomida hushsiz yotib, o‘ziga keldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Bahodirning otasi Adham Pardayevga ko‘ra, o‘g‘li 22 kun deganda komadan chiqqan.

- Bahodirning ahvoli yaxshi. Kundan kunga o‘zgarayapti. Yaxshi, Xudoga shukur. Doktorlar qarashayapti. Komadan chiqdi. Gapirgani yo‘g‘u “bir-ikki kunda gapiradi” deyapti doktorlar. Ko‘zi ochiq. Gapirsak, hamma gapni tushunayapti. Qo‘lingni sana, desak sanaydi. Bolaning o‘zgarishi zo‘r hozir. Gapira olmagani sababi bola qattiq qo‘rqqan¸ deydi doktorlar, deydi Adham Pardayev.

7-sinf o‘quvchisi Bahodir Pardayev 24 sentyabr kuni paxta terimidan qaytayotib, avtohalokatga uchragan edi.

24 maktab direktori Go‘zal Mustafoyeva Ozodlik bilan suhbatda Bahodirning aynan paxtadan qaytayotgan payti avtohalokatga uchraganini tasdiqlagan edi.

Bu voqeani o‘rganayotgan qarshilik huquq faoli Gulshan Qorayeva¸ Bahodirning otasidan farqli¸ bolaning hayoti hamon tahdid ostida qolayotganini aytadi:

- Biz shifoxonaga borib kelgandik. Bilasizmi¸ u bola ko‘zini ochgani bilan komadan chiqqani yo‘q. U bola hali batamom komadan chiqqani yo‘q. Ko‘zi ochiq, lekin ko‘zi ko‘rmaydi. Ko‘zi ko‘radigan bola u yoq bu yoqqa qarashi kerak. Vaqtinchalik ko‘zi ko‘rmaydi uning. Bu juda ham mashaqqatli narsa. Hozir uning hayoti qil ustida turibdi, deydi huquq faoli.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Bahodir Pardayevning avtohalokatga uchragani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ozodlik bilan suhbatda navbatchi militsiya xodimi hozirda tergov-surushtiruv ishlari ketayotgani bois jinoiy ish tafsilotlariga to‘xtala olmasligini aytdi.

Adham Pardayevga ko‘ra, o‘g‘li avtohalokatga uchraganidan buyon 24 kun o‘tgan bo‘lsa-da militsiya xodimlari biror marta ham Bahodirning oila a‘zolari bilan avtohalokat tafsilotlari haqida gaplashmagan.

Huquq faoli Gulshan Qorayeva mahalliy hokimliklar paxta siyosati qurboni bo‘lgan 13 yoshli Bahodir Pardayevga ochilgan jinoiy ishni bosti-bosti qilishi mumkinligini taxmin qiladi.

Qorayevaga ko‘ra, keyingi paytda Bahodirning ahvoli bilan qiziqqan huquq faollari shifoxonaga kiritilmayapti.

- Qorovul qo‘yib qo‘yibdi palatasining oldiga. Qarindosh-urug‘lariga bosim o‘tkazib tashlashgan. Qarindosh-urug‘lariga o‘tkazilayotgan bosimning ortida hukumatning o‘zi turibdi. Bekordan bekorga bosim o‘tkazilmayapti. Bu ishni yoritmaslik, ertaga mana shu ishni qayta qo‘zg‘amaslik maqsadi turgan ham bo‘lishi mumkin. Chunki doktorlar orqali bosim o‘tkazilayapti. Bosti-bosti qilishi aniq va tayin. “Siyosatga burmanglar” deyapti. Xohlaydimi¸ yo‘qmi¸ bu voqea paxta siyosatiga borib taqalayaptida, deydi Gulshan Qorayeva.
XS
SM
MD
LG