Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:13

Ko‘cha yozuvlarini savodli yozadigan bormi?


O‘zbekiston “Milliy tiklanish” partiyasi ko‘chalardagi e‘lon¸ bekatlardagi yozuvlar imloviy xatolar bilan yozilayotganini tanqid etdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Internet saytida yozilishicha, “xususan, ko‘chalardagi e‘lonlar, bekatlardagi yozuvlar, joylar nomlari va reklama vositasiga kirmaydigan boshqa turdagi tashqi yozuvlar, afsuski, qator imloviy–orfografik xatolar bilan bitilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi”.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasining Respublika Ma‘naviyat targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda tashkil qilgan “Til, taraqqiyot, ma‘naviyat” mavzuidagi davra suhbatida gap bordi.

Davra suhbatida partiya faollari tuman, shahar, viloyat til komissiyalari bilan birgalikda, barcha hududlardagi joylar va muassasalar, transport vositalariga o‘rnatilgan yozuvlar, lavhalar, e‘lonlar, reklama mahsulotlari, tashqi yozuvlar, umuman, barcha turdagi axborot va targ‘ibot materiallarini “Davlat tili haqida”gi, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa me‘yoriy hujjatlar talablariga mos bo‘lishini ta‘minlanishiga ko‘maklashish xususida chora-tadbirlarni belgilab oldilar, deyiladi xabarda.

Bu bilan go‘yoki ushbu muammoga chek qo‘yish tadbirlari belgilandi, degan xulosa ham chiqarish mumkin. Biroq, o‘zbekistonlik tilshunos olim Baxtiyor Isabekov, partiya kichik bir muammoni ko‘tarib chiqishi bilan, asosiy muammoni chetlab o‘tdi, degan fikrni bildirdi:

- Avvalambor¸ o‘sha partiyaga bir yog‘i rahmatu, ikkinchi yog‘i ko‘targan masalasi menga uncha yoqmadi. Orfografiyadan oldin umuman davlat tilining nima ekanligini va qanaqa amal qilish kerakligini partiyadagilar anglab olsa yaxshi bo‘lardi. Gap shundaki, shahar ko‘chalarini aylansangiz, o‘sha davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan keyin ko‘proq ajnabiy tillarda, davlat tili bo‘lmagan tillardagi reklamalaru e‘lonlar bor.

Men bu narsaga e‘tibor berganim¸ davlat tiliga mutlaqo amal qilinmagan holda, ayniqsa shahar markazida¸ asosan hammasi yana qaytadan ruschaga o‘ta boshladi. O‘ta boshladi emas, o‘tib bo‘ldi shekilli. Bu yerda orfografiyadan ko‘ra til masalasining o‘zi bor. Bu savodsizlik bo‘lsa, bu umuman qonunga amal qilmaslik yoki umuman qonunning ishlamasligi degani. Demak ayni paytdagi muhit va sharoit "Davlat tili haqida"gi qonunga mos emas, deydi filologiya fanlari nomzodi Baxtiyor Isabekov.

Toshkent Milliy Universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori Abduroziq Rofiyevning aytishicha, poytaxt ko‘chalaridagi e‘lonlarning asosiy qismi hamon rus tilida yozilmoqda.

- O‘zbekchasida ham bor xatolar. Bemaza gaplar ko‘p juda. Mana marshurtkalarni orqasiga yozib qo‘yadi, o‘zbekcha bo‘lmagan gaplarni. O‘qisangiz, kulgingiz keladi. Go‘yoki yo‘lovchi litsenziyasiz yurishi mumkin emas. Bu avtomobilga taalluqli. O‘qisangiz, tuzgan gapiga hayron qolasiz. Litsenziyasi bo‘lmagan yo‘lovchilarni tashish mumkin emas deb tushuniladida yozuvlarda. Ya‘ni yo‘lovchida litsenziya bo‘lishi kerak emish. Shunaqa maynavozchilik narsalar ko‘p¸ deydi Abduroziq Rofiyev.

Tilshunos olimga ko‘ra, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganidan so‘ng, davlat tilida ish yuritishga o‘tish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil qilindi va hozir ham Davlat jamiyat qurilishi akademiyasida "Boshqaruv madaniyati" degan kurs bor. Biroq:

- Odamlarning savodsizligi, mas‘uliyatsizligi tufayli xalq o‘qisa tushunmaydigan jumla, iboralar paydo bo‘layapti. Ayniqsa¸ ko‘chada, qo‘yaveringki oilada, jamoat joylarida, ishxonalarda muomala madaniyati juda buzilayapti. Bu bevosita bizning qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga bog‘liqdir. Shuning uchun ham har qadamda shu narsaga duch kelasiz. Buning sababi¸ mening nazarimda¸ birinchidan befarqlik, loqaydlik bo‘lsa millatga, davlatga, ikkinchidan, savodsizlikdan kelib chiqayapti.

Odamlarimiz savodsiz bo‘lib bormoqda. Til-adabiyot fakultetlaridan biror kishi diktant oladigan bo‘lsa, kamida 70 foizi ikki baho oladi. Juda ham savodsizlarni tayyorlayapmiz. Bular mustaqil fikrlay olmasa ertaga, tafakkuri rivojlanmagan bo‘lsa, nutq madaniyati qanday qilib o‘sadi? Qanday qilib oilada tarbiya olib boradi, qanday qilib ish yuritadi, qanday qilib odamlar bilan muloqotga kirishadi? Buning hammasi bugungi yoshlar tarbiyasiga ta‘sir etadi deb o‘ylayman, deydi tilshunos olim Abduroziq Rofiyev.

Tilshunos olimlarga ko‘ra, hozirgacha Toshkentdagi ko‘plab idoralarda hujjatlar rus tilida yuritiladi, yig‘ilish va anjumanlar rus tilida olib boriladi.

O‘zbekistonda “Davlat tili haqida”gi qonun 1989 yilda qabul qilingan edi.
XS
SM
MD
LG