Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

Termizda harbiy-sport oromgohi ochildi


Aksar hollarda tarbiyasi og‘ir bolalarning borar manzili koloniyalar bo‘ladi.
Aksar hollarda tarbiyasi og‘ir bolalarning borar manzili koloniyalar bo‘ladi.
O‘zbekiston tarbiyasi og‘ir bolalarni sovet pedagogi Makarenko uslubida tarbiyalashni rejalashtirmoqda.

Tarbiyasi og‘ir bolalar uchun maxsus oromgoh


Surxondaryoning Termiz tumanidagi harbiy qismlardan birida militsiya hisobida turuvchi voyaga yetmagan yoshlar uchun harbiy-sport oromgohi faoliyat boshladi.

Oromgoh Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, “Mahalla” va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armalari viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil qilingan.

Surxondaryo viloyat “Mahalla” jamg‘armasi xodimiga ko‘ra, tarbiyasi og‘ir bolalarni oromgohga jalb qilish orqali yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlikning oldini olish, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash rejalashtirilgan.

- Termiz shahrida 7 kun mobaynida tarbiyasi og‘ir bolalarga o‘quv lageri tashkil qilindi. Endi kitobiy tilda aytadigan bo‘lsak, vatanparvarlik ruhidagi har xil sport musobaqalari bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilganda. Maqsad¸ shularni to‘g‘ri yo‘lga boshqarishda imkon darajasida. Har safar 100 bola. Masalan¸ 14 ta tuman bo‘lsa, har bir tumandan yettitadan bola. Termiz shahrining o‘zidan to‘qqizta. Jami 100 kishi. Tarbiyasi buzuq bolalarning sonini hozir aniq bilmaymanu, lekin shularning hammasi bilan profilaktika ishlarini olib borish kerakda. Ular ham orqasida kimdir borligini, kimgadir suyanishi mumkinligini bilishi kerak. Ularni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydida, deydi “Mahalla” jamg‘armasi xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, oromgohda o‘smirlar harbiy intizom bo‘yicha o‘quv seminarlar va turli xildagi sport musobaqalarida ishtirok etadilar.

Tadbirlarda faol ishtirok etgan bolalarni ichki ishlar bo‘limlarining profilaktik hisobidan chiqarish rejalashtirilgan.

O‘zbek bolalarini Makarenko uslubida tarbiyalash


Termizdagi ushbu oromgoh Sovet pedagogi Anton Semyonovich Makarenko maktabini yodga soladi.

1920 yilda Makarenko yosh jinoyatchilar, qonunbuzar bolalar uchun maxsus koloniya tashkil qilib, olti yil davomida 400 bolani tarbiyalagan edi.

Makarenko tarbiyasini olgan bolalarning intizomli, mehnatni sevadigan, namunali xulqli insonlar bo‘lib yetishgani aytiladi.

Uzoq yillar ta‘lim sohasida faoliyat ko‘rsatgan sobiq o‘qituvchi Abdulla Abdurazzoqov O‘zbekistonda tarbiyasi og‘ir bolalarni Makarenko usulida tarbiyalash rejasini samarasiz¸ deb hisoblaydi.

- Makarenko uslubiga salbiy fikrdaman. Tarbiyasi og‘ir bolalarni axloq tuzatish koloniyasi, qamoqda tuzatamiz¸ deydi. U yerda faqat tajriba almashishga boradi o‘g‘rilar, tarbiyasi og‘ir bolalar. Tajribasi ortib chiqqanda undan battar bo‘lsa bo‘ladiki, 100tadan bittasi tuzalgan bo‘lishi mumkin. 99tasi tarbiyasi buzilib, axloqi yanayam og‘irlashib chiqqaniga misollar ko‘p. Bu narsa faqat teskari natija beradi¸ degan fikrdaman. Shu ma‘noda imkon qadar ularni bir joyga yig‘ish emas, ularni boshqalardan ibrat oladigan odamlar orasida ta‘sirchan yo‘llarini o‘ylab ko‘rish kerak, deydi Abdulla Abdurazzoqov.

"Jinoyatchini ham tarbiyalasa bo‘ladi"


Surxondaryolik o‘qituvchi Yodgor Rashid o‘quvchilari orasida militsiya hisobida turgan bolalar yo‘q. Lekin Yodgor Rashid tartibsiz va bilim olishni xohlamaydigan o‘quvchilari xarakteridan kelib chiqib, tarbiyasi og‘ir bolalarni tarbiyalash mumkin¸ deb hisoblaydi.

- Bu ishni bir haftada nima qilib bo‘lmaydi. Mening fikrimcha, militsiya ro‘yxatida turgan o‘quvchilarni, 10ta bordir, 15ta bordir, qaysi sohaga qiziqsa, shu bo‘yicha tarbiyalasa, bo‘ladi. Bir hafta juda kam, kamida ikki yil tarbiyalasa natija bo‘lishi mumkin. Masalan¸ adabiyot, tarixga qiziqmagani bilan bola texnikaning u tomonidan kirib bu tomonidan chiqib ketishi mumkin. Qiziqqan sohasiga qiziqtirsa, baribir yaxshi odam bo‘ladi. Masalan¸ o‘g‘riga o‘g‘irlik yomonligini tushuntirsada texnikaga qiziqadimi, chorvagami, sportgami, san‘at sohasigami shunga yo‘naltirib sharoit yaratib bersa, shu yo‘ldan ketadi u. Buni o‘quvchilarim misolida ko‘p bora guvohi bo‘lganman, deydi Yodgor Rashid.


"Tarbiyasi og‘ir bolalar ko‘paymoqda"


Bugungi kunda O‘zbekistonda militsiya bo‘limlarida maxsus hisobda turgan voyaga yetmaganlarning aniq soni ma‘lum emas.

Toshkentdagi huquq tartibotlaridan birida ishlovchi manbaga ko‘ra, keyingi paytda tarbiyasi og‘ir bolalar sonida o‘sish kuzatilayapti.

Bu holatni o‘rgangan Toshkentdagi “Veritas” yoshlar tashkiloti rahbari Sanjar Saidovga ko‘ra, buning sabablari ijtimoiy-iqtisodiy muammolardir.

- Birinchidan, bugungi kunda O‘zbekistondan ko‘pchilik chet elda mehnat muhojiri sifatida ishlayotgan bo‘lsa, shunaqa oilalar borki hatto onasi ham, otasi ham ketgan, uyida faqat farzandlari qolgan. yoki bo‘lmasa farzandlarini bobo-buvilariga tashlab ketib, o‘zlari ikki-uch yillab Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda ishlab yurgan ota-onalar bor. Bu sharoitda bevosita ota-ona tarbiyasidan uzoqda qolgan bolalar nazoratsizlik asosida yoki bo‘lmasa atrof-muhitning yomon ta‘siri natiajsida yomon yo‘llarga kirib ketayotgan holatlari bor.

Ikkinchi masala, bu ham ijtimoiy-iqtisodiy muammoga borib taqaladi. Voyaga yetmaganlarni bugungi kunda mehnatga jalb qilish holatlari¸ ya‘ni oilasida yetishmovchilik sababli shu bolalar maktabda o‘qish davomida ishlashga majbur bo‘layotganligi, ayrim hollarda o‘qishga umuman bormasdan pul topish maqsadida ishga jalb qilinayotgani holatlari ko‘p. Bunday bolalar tarbiyadan uzilib qolgandan keyin har xil yo‘llarga kirib ketgan holatlari ham mavjud, deydi Sanjar Saidov.

“Veritas” rahbari voyaga yetmagan bolalar orasida jinoyatchilik holatlarining ko‘payotganiga uchinchi sababni ham keltirdi.

Sanjar Saidovga ko‘ra, ayrim ota-onalar bolalarini moliyaviy ta‘minlash yetarli deb hisoblab, ularning tarbiyasiga e‘tibor qaratmayotgani oqibatida bolalarning jinoyat ko‘chasiga kirish holatlari ham kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG