Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:21

Turkiy tilli ellar sammitida O‘zbekiston qatnashmayapti


Turkiy tilli davlat rahbarlari safida ko‘pdan Islom Karimov yo‘q.
Turkiy tilli davlat rahbarlari safida ko‘pdan Islom Karimov yo‘q.
Qozoq¸ qirg‘iz¸ ozariy va turk yetakchilarining qondosh xalqlar hamkorlik kengashi yig‘inlarini Islom Karimov ko‘pdan boykot qilmoqda.

20 oktyabr kuni Olmaotada ish boshlagan turkiy tilli ellar hamkorlik kengashining birinchi sammitida, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev¸Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva ishtirok qilmoqda.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ham sammitda ishtirok qilishi rejalangan edi¸ ammo uning o‘rniga Bosh vazir o‘rinbosari Bakir Bo‘zdog‘ tashrif buyurdi.

Sammitda O‘zbekiston va Turkmanistondan biror-bir vakil ishtirok qilmayapti.

Bu haqda Ozodlik radiosiga ma‘lum qilgan anjuman matbuot markazi vakili Ilyos Umarovga ko‘ra¸ bu mamlakatlar vakillarining ishtirok etmayotgani o‘sha davlat rahbarlarining siyosiy qarori mahsulidir.

Turkiy tilli ellar kengashining 2010 yil Anqarada o‘tgan majlisida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto‘g‘li Anqara hukumati Turkiy tilli ellar hamkorlik kengashi O‘zbekistonning ham faol ishtirok etishini istashini bayon qilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti 1995 yildan beri turkiy tilli mamlakatlar rahbarlari uchrashuvlarida qatnashmay keladi.

2010 yil Naxichevanda bo‘lib o‘tgan Turkiy xalqlar qurultoyida Turkiy tilli ellar kengashini ta‘sis qilish haqida kelishililgan edi.

Bu tashabbusning Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevdan chiqqani O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning bu anjumandan masofalashganiga sabab sifatida ko‘riladi.

Bu taxminni ilgari surgan qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev mintaqadagi rahbarlarning o‘zaro munosabati integratsiyaga to‘siq bo‘lmasligi kerak¸ degan fikrni aytadi.

- Turkiy tilli ellarning ishbirligi siyosiy o‘zanga tushib, yangi istiqbol kasb qildi. Bu holat yangi umumsiyosiy tuzilma yaratish ehtiyojini tug‘dirdi. Bu ehtiyojni his qilgan Qozog‘iston prezidenti Nazarboyevning kengash tuzish tashabbusi ro‘yobga chiqdi.

Turk dunyosidagi taniqli olim, profesor Mahmat Saroyga ko‘ra “Turkmaniston va O‘zbekistonning sammitda ishtirok etmasligidan fojia yasamaslik kerak. Katta istiqbolda turkiy tilda gaplashuvchi bu ikki davlat¸ albatta¸ turk dunyosining barcha yig‘inlariga qatnashadi.”

Bu fikrni bildirgan Mahmat Saroy o‘tgan asrning 90-yillarida Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha bosh maslahatchisi bo‘lgan.

Turkiy tilli ellar hamkorlik kengashining Olmaotadagi birinchi sammitining asosiy majlisi 21 oktyabr kuni ochiladi.
XS
SM
MD
LG