Линклар

Шошилинч хабар
11 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:50

“O‘zbekiston nomli qamoqxona” veb-sahifasi ochildi


Inson huquqlari uchun Xalqaro federatsiya ushbu veb-sahifa orqali inson haqlari vaziyatiga e‘tibor qaratish niyatida.

“O‘zbekiston nomli qamoqxona”

Markazi Parijda joylashgan Inson huquqlari uchun Xalqaro Federatsiya (FIDH) O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatiga e‘tibor qaratish maqsadida “O‘zbekiston nomli qamoqxona” nomli yangi veb-sahifa tashkil qildi.

Tashkilot ma‘lumotiga ko‘ra, veb-sahifa orqali O‘zbekiston qamoqxonalarida ayanchli vaziyatlarda qolayotgan kamida 13 nafar huquq faoli taqdiri xavotirlidir.

Veb-sahifa ochilishiga AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lishga urinayotgan Herman Keyn O‘zbekiston prezidenti kim, degan savolga “Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan” kabi “qandaydir kichik va ahamiyatsiz davlat rahbarining ismini bilish” shart emas, degan javobi turtki bo‘lgan.

FIDH aksincha odamlar O‘zbekiston haqida bilishini istaydi.

"O‘zbekiston o‘z hududida Amerika harbiy bazalarini joylashtirgan AQShning muhim sheriklaridan biri hisoblanadi, qaysiki, bu bazalar ko‘p yillardan buyon Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari, 2009 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatda inson huquqlari vaziyatida hech qanday jiddiy o‘zgarishlar yuz bermaganiga qaramay, 2005 yil Andijon fojeasidan keyin O‘zbekistonga qarshi joriy qilingan sanktsiyalarni bekor qildi", deyiladi xalqaro federatsiya (FIDH) saytida.

O‘zbekistonning AQShga sovg‘asi

O‘zbekiston hukumati inson huquqlari borasidagi tanqidlarga kamdan-kam hollardagi e‘tibor qaratishini ta‘kidlagan FIDH bunga ikkita misolni keltiradi.

2010 yilning dekabrida AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning O‘zbekistonga safari arafasida bir huquq faoli ozodlikka chiqarilgani haqida yozgan tashkilot uning kimligi haqida ma‘lumot bermagan.

Agar o‘tgan yilga nazar solinsa, 1 dekabr kuni toshkentlik huquq faoli Farhod Muxtorov kutilmaganda ozod qilingan edi.

Tovlamachilikda ayblanib besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan Farhod Muxtorovning jazo o‘tash muddati o‘zgartirilib, ahloq tuzatish ishlariga o‘zgartirilgan edi.

Joriy yilning 14 oktyabr kuni kutilmaganda huquq faoli Norboy Xoljigitovning ozod qilinganini ham FIDH Hillari Klintonning Toshkentga rasmiy safari bilan bog‘laydi.

O‘zbekiston Inson huquqlari Jamiyatining Samarqand viloyati Ishtixon tumani bo‘limi raisi, o‘n yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Norboy Xoljigitov 6 yilu 4 oy qamoqda o‘tirgach, ozod qilindi.

22-23 oktyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Toshkentda qayerga bormasin faqat huquq haqida gapirgani haqida yozdi ayrim matbuot nashrlari.

Klintonning Toshkentga tashrifini kuzatgan "Ezgulik" jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, Klinton inson huquqlari va demokratiya masalalari yo‘lga qo‘yilmas ekan taraqqiyotga erishish qiyinligini ta‘kidlagan.

Biroq AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mustaqil huquq himoyachilari bilan uchrashmadi.

“Yana 13 yil kutamizmi?”

Inson huquqlari uchun Xalqaro Federatsiya “O‘zbekiston deb nomlangan qamoqxona” veb-sahifasida qamoqda qolayotgan 13 nafar huquq faoli ismi-sharifini keltiradi.

Bular- Habibulla Oqpo‘latov, A‘zam Farmonov, Nasim Isohov, Jamshid Karimov, Yo‘ldosh Rasulov, Zafar Rahimov, G‘anixon Mamatxonov, G‘oybullo Jalilov, Alisher Karomatov, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid, A‘zam Turg‘unov va Abdurasul Xudoynazarovlardir.

Klinton xonim tashrifi oldidan har yili bir nafar huquq faoli ozod bo‘lganiga e‘tibor qaratgan xalqaro federatsiya qamoqdagi bu 13 huquq faolining ozod qilinishini “yana 13 yil kutamizmi”deya savol tashlaydi.
XS
SM
MD
LG