Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:10

Rossiya o‘g‘irlangan o‘zbek shifokori yuzasidan nota yubordi


O‘zbekistonlik shifokor Yaman poytaxtiga ketayotganda o‘g‘irlangan.
O‘zbekistonlik shifokor Yaman poytaxtiga ketayotganda o‘g‘irlangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni Yamanda o‘g‘irlab ketilgan o‘zbekistonlik shifokor Vohid Vohidovni ozod etishda ko‘maklashishni so‘rab Yaman hukumatiga murojaat qildi.

“Yaman poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi yo‘qligi bois, Rossiyaning Sanadagi elchixonasi Yaman Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga V. Vohidovni zudlik bilan ozod qilishga ko‘maklashish iltimosi bitilgan nota yubordi”, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida e‘lon qilingan xabarnomada.

Rossiyaning Yamandagi elchixonasi vakili Aydar Tuygunov Ozodlikka Yamandagi o‘zbek shifokorining o‘g‘irlanishida siyosiy sabablar yo‘qligi va hozircha Yaman rasmiylaridan mazkur masala yuzasidan biror javob olinmaganini ma‘lum qildi.

- Elchixonamiz mahalliy Tashqi ishlar vazirligiga V.Vohidovni ozod etishga ko‘maklashish iltimosi bilan nota yubordi. Uning rafiqasi ozod etilgan va bilishimcha hozir o‘sha o‘g‘irlab ketilgan Shabva provintsiyasida. U mahalliy hukumat qaramog‘ida. Qabila vakillari biz bilan emas, bevosita mahalliy hukumat bilan muzokaralar olib bormoqda. Shu bois elchixonamiz hozircha muzokara jarayoniga arashayotgani yo‘q, dedi Rossiyaning Yamandagi elchixonasi attashesi Aydar Tuygunov.

Garovga olib ketilgan O‘zbekiston fuqarosini ozod etish bilan shug‘ullanayotgan Rossiya buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayapti, deya qo‘shimcha qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Aydar Tuygunovga ko‘ra, Vohid Vohidov xususiy shartnoma asosida Shabva provintsiyasining Bayxon shahridagi “Dor ash-Shifo” gospitalida shifokor bo‘lib ishlab kelgan. U o‘z rafiqasi bilan Shabvadan haj safariga jo‘nash uchun poytaxt Sanaaga ketayotgan paytda Jahm qabilasi janggarilari tomonidan garovga olingan. Biroq janggarilar Vohidovning rafiqasini ozod qilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Jahm qabilasi vakillari og‘ir jinoyatni sodir etib qamoqda o‘tirgan o‘z qabiladoshlaridan biri ozod etilsagina Vohidovni qo‘yib yuborishlarini aytgan.

Sanaadagi Rossiya elchixonasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Yamanda xorij fuqarolarini o‘g‘irlash va turli talablarni qo‘yish tez-tez ro‘y berib turadi.

Shu yilning mart oyida Tojikiston fuqarosi bo‘lgan o‘zbek shifokori 60 yoshli Hamidjon Olchiboyev Yamanning Shabva viloyatida mahalliy qabila vakillari tomonidan o‘g‘irlab ketilib, keyinchalik qo‘yib yuborilgan edi.

Yamanda sobiq ittifoq, xususan Markaziy Osiyo davlatlaridan ko‘plab mutaxassilar ishlashadi.

Avvalroq, Sanaadagi kasalxonalardan birida ishlaydigan o‘zbekistonlik shifokorlardan biri O‘zbekistonning o‘zidan taxminan besh ming kishi Yamanda ishlashini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG