Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:21

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi ochildi


"Do‘stlik" chegara punkti ochilishi arafasida o‘zbek chegarachilari tomonidan Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzildi.

25 oktyabr kuni O‘zbekistonning Andijon shahrida Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xafsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Zakir Tilenov hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Ruslan Mirzoyev uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv natijasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining O‘shdan o‘tuvchi qismida joylashgan “Do‘stlik” chegara punkti bordi-keldi uchun ochildi.

Chegara soat 8 dan kechki 8 gacha ochiq bo‘ladi

Bu borada Ozodlikka Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot xizmati xodimasi Salqin Abduqariyeva ma‘lum qildi.

- Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara idoralarining ishchi uchrashuvi natijasida “Do‘stlik avto” xalqaro chegara punkti qayta ishga tushurildi. Mazkur hududda chegaradan odam o‘tkazilishi 26 oktyabr kuni soat 08.00dan boshlandi. Mazkur chegara punkti yoz oylarida ertalabki 7 dan kechki soat 20.00 gacha, qishki vaqtda ertalabki 8dan soat 18.00 gacha ishlaydi. Qoraytirilgan oynali va o‘ng rulli avtomashinalar O‘zbekiston tomonga o‘tkazilmaydi,- dedi Salqin Abduqariyeva.

O‘sh shahri yaqinida joylashgan ”Do‘stlik” chegara punkti 2010 yilning 7 aprelidan so‘ng O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama yopilgan edi. 2010 yil O‘sh va Jalolobodda sodir bo‘lgan voqealardan so‘ng O‘zbekiston chegara nazoratini yanada kuchaytirgani ma‘lum qilingan.

O‘zbek chegarachilari bir o‘shlikni otib qo‘ydi

26 oktyabr kuni “Do‘stlik” chegara punkti ochilishi to‘g‘risidagi yaxshi xabar bilan birga mazkur chegara punkti yaqinida joylashgan Qorasuv tumaniga qarashli Suratosh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi maxsus qo‘riqchilik xizmati xodimi Saidislom Qo‘chqorovning o‘zbek chegarachilari tomonidan o‘qqa tutilgani borasidagi sovuq xabar ham tarqaldi.

Ayrim internet nashirlari O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga tayangan holda Saidislom Qo‘chqorov olingan tan jarohati natijasida vafot etgani to‘g‘risida habar tarqatishdi.

O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Batir Nishanovning o‘zi esa Ozodlikka Saidislom Qo‘chqorov o‘limi to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlamadi. Uning aytishicha, bu hodisa 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan:

- Militsiyaning katta serjanti Saidislom Qo‘chqorov O‘sh shahar kasalxonasi jarrohlik bo‘limiga soat 23.50da olib kelingan va operatsiya qilingan. Uning uyi simlari bilan to‘silgan chegara chizig‘idan 10 metr uzoqlikda joylashgan ekan. O‘sha kuni uning qo‘ylari noma‘lum tomonga chiqib ketgan. Soat tungi 11lar atrofida u fonar yoqib chegara atrofida qo‘ylarini izlab yurganida chegarachilar uni o‘qqa tutgani yozilgan maxsus xabarda, - dedi Batir Nishanov.

Ma‘lumotga ko‘ra, Saidislom Qo‘chqorov ayni paytda O‘sh shahar kasalxonasida davolanmoqda. Uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Chegaradagi noxush voqea ikki tomonlama o‘rganilmoqda

Biz bu borada batafsil ma‘lumot olish uchun suratoshliklarga ham telefon qildik. Biroq Saidislom Qo‘chqorovning yaqinlari bilan bog‘lanishga qilgan harakatlarimiz samara bermadi.

Asnoda Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibasi Salqin Abduqariyeva Saidislom Qo‘chqorov masalasi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

- O‘zbekiston chegarachilari tomonidan yaralangan fuqaro Saidislom Qo‘chqorov o‘limi to‘g‘risidagi ma‘lumot xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘sh viloyati Qorasuv tumani Suratosh qishlog‘ining yashovchisi Saidislom Qo‘chqorov 2011 yilning 22 oktyabr kuni o‘q otar quroldan qorin qismidan yaralangan va O‘sh shahar kasalxonasiga olib kelinib u yerda operatsiya qilingan. Hozir uning axvoli qoniqarli deb baholanmoqda Hozir ikki davlat chegarachilari tomonidan mazkur voqea yuzasidan ikki tomonlama kommisiya tuzildi va ikki tomonlama tekshiruv olib borilayapti, - dedi Salqin Abduqariyeva.

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasida 17ta o‘tkazish chegara punkti mavjud. “Do‘stlik” punktidan tashqari 16 chegara punktining qachon ochilishi hozircha noma‘lum bo‘lib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG