Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:31

Ozodbek kontserti chiptasi qimmat bo‘ldimi?


Ozodbek Nazarbekov sentyabr boshlarida Shvetsiya poytaxti Stokholmda ham kontsert bergan edi.
Ozodbek Nazarbekov sentyabr boshlarida Shvetsiya poytaxti Stokholmda ham kontsert bergan edi.
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning Rossiyadagi gastroli nihoyasiga yetdi. O‘zbek estradasi xonandasining Moskva, Qozon va Sankt-Peterburg shaharlarida bergan kontsertlariga asosan Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari kirdilar.

Ozodbek Nazarbekovning Rossiyadagi so‘nggi kontserti 1 noyabrь kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘ldi. Shaharning 800 o‘rinli "Konchi" kontsert zaliga chiptalar bir zumda sotib bo‘lindi. Sankt-Peterburg shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari Alijon Haydarovning Ozodlikka aytishicha, shu kuni kontsertga 2 mingga yaqin tomoshabin kirgan:

- Kontsert yaxshi bo‘ldi, joy qolmadi, turib ham, o‘tirib ham ko‘rishdi. Odamlar sog‘inib qolgan ekan,- deydi Sankt-Peterburg shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari Alijon Haydarov.

Ozodbek Nazarbekovning Moskva shahrida o‘tkazilgan kontsertiga esa chiptalar 20 dollardan 100 dollargacha sotildi,- deydi Moskvadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Qurbon aka:

- Kontsert bo‘lishini eshitdim men. Bir tanishim telefon qildi menga. Borib kirdik. Kontsert yaxshi bo‘ldi. Sal kechroq borganmiz. Bilet ham qolmagan ekan. Balkonga zo‘rg‘a yetdikda. Normalniy eshitdik. Qo‘shiqlarida dard borda, qandaydir. Lekin ancha yaxshi gaplar bo‘ldi. Ozodbek ham “o‘zlaringga ehtiët bo‘linglar” dedi. Endi musofirchilikdamiz. Yaxshi nasihatli gaplar gapirdi, Ozodbek,- deydi Qurbon aka.

Sankt-Peterburg shahridagi mehnat muhojiri Muhammad Qodir uchun o‘zbekistonlik san‘atkorlar taqdim qiladigan kontsertlardagi biletlar ancha qimmatlik qiladi:

- San‘atkorlar birinchi o‘rinda pul ishlagisi kelsa bu yerga keladi. 50 dollar bu yerda ham qimmat narx. 50 dollar bu 1500 rubl bo‘ladi. Kirishga qiynaladi u pulga oddiy mehnat muhojirlari. Asosan bu yerda kontsertlar 300 rubldan boshlanadi. Joyiga qarab 300-500 rubl bo‘ladi. Aslida esa, o‘zbek san‘atkorlarining kelishi yaxshi. Chunki o‘zbeklar sog‘inib qoladi,- deydi Muhammad Qodir.

Biroq, taniqli kulgu ustasi, Rossiyadagi “Krivoye zerkalo” teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov, "gastrolga chiqayotgan o‘zbek san‘atkorlari asosan pul ishlash uchun chiqadi", degan fikrga qo‘shilmaydi:

- Birinchidan, sog‘inch degan narsa bor. Sog‘inch hamma joyda bo‘ladi. Masalan, men aytaylik hatto Londonga ham borib kontsert berdim. Londonda ham o‘zbeklarimiz bor, hammasi keldi. U yerda faqat Obid Asomovning qiziq gapini eshitish uchun emas, umuman san‘atkorning o‘zini ko‘rish ham bir baxtda endi muxlis uchun. Masalan, men shunaqa tushunaman. Biletlar qimmatligining sababi birinchidan, yo‘lkira. Ikkinchidan, Ozodbekning bir o‘zi emas. U yerda 10 kishi kelgan kamida. Ularning hammasining ëtoqxonasi bor, osh-ovqati bor, samolët, yo‘lkirasi bor, shahardan shaharga ko‘chishi bor, bular hammasi pul turadi. Men o‘ylamayman, Ozodbek Toshkentdan Moskvaga kelib tekinga kontsert beradi deb. Biz ham Yulduzxon bilan bir “tur” qildik, Rossiya bo‘ylab. Bizlarning kontsert ham juda arzon bo‘lgani yo‘q, nazarimda. Lekin zal to‘ldi. Odamlar sog‘inganda endi,- deydi Obid Asomov.

Uning fikricha, o‘zbek san‘atkorlari Rossiyada o‘zbek muhojirlari gavjum yashayotgan hududlarda, biroq ancha tor zallarda kontsert qo‘yadi. Ularning gastrollari esa, mustaqil tarzda tashkil qilinadi. Afsuski, O‘zbekistondagi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi san‘atkorlardan faqat pul yig‘ishni biladi, xolos, deydi Obid Asomov:

- Bizlarda bu ishxonalar, men ilgari ham aytganmanku, bu ishxonalar hech narsaga aralashmaydi. Ular faqat bizdan pul yig‘ishni biladi. Qani endi ularning o‘zi tashkil qilib bersa shu narsani. Bizlarga umuman yengil bo‘ladiyu. Bu shaxsiy tashabbus. Shu shaxsiy tashabbus orqali Moskvada yashaëtgan ba‘zi insonlar shunaqa narsalarni tashkil qiladi. Albatta ular buning orqasidan 5-10 so‘m pul ishlaydi. Buni bekitishning hojati yo‘q. Tekinga tashkil qilmaydiyu.

San‘atkorning o‘zi kelib kontsertlar berishi bu katta voqea, umuman olganda. Lekin afsus bu narsalar faqat bizlarda ëritilmaydiyam, boshqayam qilinmaydi. Falon joyga borib kontsert berdi, demaydi. Rossiyada san‘atkorning har bir qadamini ertasiga internetda ham o‘qiysiz, televizorda ham gapiradi. Bizda unaqa narsalar juda afisha qilinmaydi. Shuning uchun san‘atkorning o‘zi ichki bir tuyg‘u bilan vatandoshlarni xursand qilay deb, keladi. Albatta, Ozodbekning kontsertiga asosan o‘zimizning o‘zbeklarimiz tushadi. Chunki faqat o‘zbekcha qo‘shiq aytadi,- deydi Obid Asomov.

San‘atkor shu o‘rinda Rossiya va O‘zbekiston san‘atkorlarining daromadlari qaysi manbalardan bo‘lishini bir-biriga taqqoslaydi. Rossiyalik san‘atkorlarning asosiy daromadi, kontsertlardan emas, balki kontsertlar yoziladigan audio-video disklar hisobidan bo‘ladi, - deydi u:

- Masalan, mana Rossiyada deylik Filip Kirkorov katta zalda bir kun kontsert berdi. Bir kunlik kontsertiga 200 ming dollar xarajat qildi, deylik. Yana 100 ming dollar berib uni suratga oldiradi. Keyin Rossiyaning markaziy telekanallarida o‘sha kontsertni ko‘rsatadi. Keyin kontsert bilan barobar yangi disk chiqadi. Ana shu diskdan demak Filip Kirkorov foyda ko‘radi. Foyda ko‘rganda ham juda katta foyda ko‘radi. Chunki litsenziyali disk bilasiz qimmat turadi. Narxi 20 dollargacha boradi yangi chiqqan paytida, masalan. Video disklar 30 dollarga ham chiqishi mumkin. Turkiyada ham xuddi shu ahvol. Ana shu disk sotilishiga qarab san‘atkor boyiydi. Agar o‘sha disk bir oyda sotilsa to‘xtamay, endi katta davlatku, o‘shaning o‘zidan juda katta summa tushib ketadi. Bir haftada hech kim tanimagan artist millioner bo‘lib qolishi mumkin,- deydi san‘atkor.

Obid Asomovga ko‘ra, o‘zbekistonlik san‘atkorlarning asosiy tirikchiligi to‘ylar hisobidan bo‘ladi:

- Bizning san‘atkorlar “Xalqlar do‘stligi” (hozirgi “Istiqlol”) saroyida kontsert berib pul topmaydi. Juda ko‘pchilik qarzga kirib ketadi. Juda ko‘p san‘atkorlar qarz bo‘lib chiqib ketadi. Men ularni nomma-nom aytmayman. Xafa bo‘lib qolishadi. Agar yutgan bo‘lsa, u yerda pul topgan bo‘lsa, faqat Ozodbek topdi. Chunki 30 kun kontsert berdi, baraka topsin. 30 kunda qanchadir foyda qilish mumkin, lekin bir-ikki kun kontsert berib siz u yerdan foyda olmaysiz. Siz faqat o‘zingizni reklama qilasiz. “Men yaxshi artistman. “Istiqlol” saroyida kontsert berdim” deb endi sizning obro‘yingiz oshadi. Keyin to‘ylaringiz ko‘payadi. Bizning san‘atkorlar asosan to‘ydan pul topadi. Baxtimizga to‘y bo‘lib tursin.

Bizlarda chatoq tarafi qaroqchilik rivojlangan. Disk hali sotuvga chiqmasdan, uni bozorda 1000 so‘mdan sotishadi. 1000 so‘m degani nima pul. 50 tsentga ham bormasa kerak. Shaqillatib ko‘paytirib sotib tashlashadi. Artist bechora qancha pul to‘lagan studiyaga, qancha pul to‘lagan kompozitorga, qancha pul to‘lagan shoirga, hammasi osmonga uchib ketadi. Foyda qila olmaydi. Bizlarda qonun bor, lekin ishga tushmagan, - deydi taniqli kulgu ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov.

Quyida Obid Asomov bilan suhbatni to‘liq shaklda tinglashingiz mumkin.



O‘zbekiston hukumatida ishlaydigan mansabdorlarga yaqin bo‘lgan san‘atkorlar OAV orqali yaxshi reklama qilinadi. Mavjud tuzumni sharaflab qo‘shiq aytgan va amaldorlarning aytgan chizig‘idan chiqmaydigan san‘atkorlar juda tez ko‘tariladi.

O‘zbek xalq qo‘shiqchiligida munosib o‘rin egallagan san‘atkorlar hali-hanuz “xizmat ko‘rsatgan artist” darajasida turgan bo‘lsada, bir qancha yosh san‘atkorlar allaqachon “xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘lganlar.

O‘zbekiston televideniyesi va radiosida san‘atkorlarning qo‘shiqlari qancha ko‘p qo‘yilishi ham qo‘shiq egalarining bergan poralari qanchaligi bilan bog‘liq ekani aytiladi.

O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Obid Asomov, Ozoda Nursaidova, Abdulaziz Karim, Feruza Jumaniyozova kliplari va qo‘shiqlarining namoyish etilishi ham O‘zbekiston televideniyesida taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG