Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:19

Samarqandda ayollar chiqishidan so‘ng elektr berildi


O‘zbekistonda sovuq kunlar tushishi bilan mamlakatning bir qator viloyatlarida elektr va gaz ta‘minotidagi bot-bot uzilishlar aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Samarqandda yigirmadan ziyod ayol gaz va elektr ta‘minotidagi muttasil uzilishlarga norozilik bildirib, viloyat hokimiyati binosi oldiga yig‘ilgan.

Samarqandlik faollardan biri Holiqnazar G‘aniyevning aytishicha, ayollarning ushbu chiqishidan keyin ayrim tumanlarga elektr toki berilgan.

Lekin viloyatning ko‘pgina qishloq va tumanlarida aholi hali ham elektr ta‘minotidan benasib qolmoqda.

O‘zbekistonda kuz oylarining sovuq kunlari boshlanishi bilan elektr tarmog‘ida uzilishlar tez-tez ro‘y bera boshlaydi.

Gaz ta‘minotidagi uzilishlarga norozilik bildirib o‘tgan hafta Jizzax viloyatida ham ayollar ko‘chaga chiqqan edi.

Jizzaxlik ayollarga ko‘ra, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta‘minotidagi uzilishlar ularning doimiy muammolariga aylangan.

- Gaz yo‘q. Hatto choy qaynatishga yo‘q. Juda qiynalib ketdik. Adël, chopon o‘ranib o‘tiramiz¸ - deydi jizzaxlik ayollardan biri.

Jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyevga ko‘ra, bu har yili kuzatiladigan holdir.

- Shaharda, ayrim tuman markazlarida gaz bor, qolganlarida umuman yo‘q. Ayrim tumanlarda esa gaz yillab bo‘lmaydi. Qish kelishi bilan har yili kuzatiladigan narsaku bu, - deb aytgan edi jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyev.

Shu kunlarda Xorazmdagi ko‘pgina xonadonlar ham issiqlik ta‘minotidan benasib qoldilar.

Viloyatning bir qancha tumanlari va tuman markazlarida “zangori olov” yetkazib berishda uzilishlar bor.

-Yaxshiyam uyimizni devorlari qalin. Hozircha chidayapmiz. Lekin harorat yana pasaysa, bilmadim nima qilamiz, - deydi ovozidan shamollagani sezilib turgan xorazmliklardan biri.

O‘tgan yili ham gaz ta‘minotidagi uzilishlar sabab O‘zbekistonning bir qancha viloyat tumanlarida oz sonli norozilik chiqishlari bo‘lgan edi.

Xususan, o‘tgan qish mavsumida gaz va elektr muammolari bois mamlakatning Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax va Toshkent viloyatlari aholisi ommaviy norozilik aktsiyasilari o‘tkazgan edilar.

Tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda sakkizinchi o‘rinni egallaydi.

Har yili O‘zbekistonda 60 milliard kub metr gaz qazib olinadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatdagi gazning aksariyati boshqa davlatlarga eksport qilinayotgani uchun mahalliy aholi zangori olovdan benasib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG