Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:24

O‘zbek yoshlari xorijda o‘qishi mumkin, faqat Turkiyada emas


Ba‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, xorijda ta‘lim olish hammaga ham nasib qilmaydi.
Ba‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, xorijda ta‘lim olish hammaga ham nasib qilmaydi.
O‘tgan bir hafta ichida Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan tanlovlarda o‘zbekistonlik yoshlar xorijda o‘qish uchun imtixon topshirdi.

“Xorijda ta‘lim-2011”

“Xorijda ta‘lim” ko‘rgazmasi 12-13 noyabr kunlari Toshkentda, 15 noyabr kuni esa Samarqandda bo‘lib o‘tdi.

Toshkentdagi “Education Voyage Agency” (“Sayohat va Ta‘lim Agentligi”) tashkiloti tashabbusi bilan "Kamolot" yoshlar jamg‘armasi qo‘llovida o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazmada o‘zbek yoshlari Malayziya, AQSh, Xitoy, Chexiya, Kipr, Ispaniya va Germaniya kabi davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qish imkonini qo‘lga kiritishdi.

Ko‘rgazma tashkilotchilaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, aksar hollarda yoshlar Yevropaning Buyuk Britaniya, Germaniya va Frantsiya oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqdalar.

Ko‘rgazma tashkilotchisiga ko‘ra, iqtidorli yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham berilgan bo‘lib, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreyadagi ayrim o‘quv yurtlari tilni yaxshi bilgan yoshlarga o‘qish haqqini 50-80 foiz arzonlashtirib bergan.

Chexiyada bepul o‘qish

“Xorijda ta‘lim – 2011” ko‘rgazmasi orqali o‘zbekistonlik yoshlar Chexiyaning "Karlov" universitetida esa mutlaqo bepul o‘qish imkoniga ega bo‘ldilar.

Toshkentlik Dilnoza Shokirova Pragadagi "Karlov" universitetini tanlagan o‘zbekistonlik yoshlardan biri.

- Men Chexiyada magistraturani davom ettirmoqchiman. Chunki u yoqda imkoniyat ko‘proq bu yerga qaraganda. Birinchidan, tilni yaxshiroq o‘rganmoqchiman. Yevropa shaharlarini, ularning madaniyatini, siyosatini chuqurroq o‘rganmoqchiman, yaxshilab bilmoqchiman. Chet elda o‘qish imkoniyati bo‘lgani uchun o‘qimoqchiman,- deydi Dilnoza Shokirova.

Toshkentlik Sherzod Hakimov esa “Karlov” universitetini bitirgan. Sherzodga ko‘ra, xorijda o‘qishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

- Xorijda o‘qishning qiyinchiligi boshida adaptatsiyasi qiyin bo‘ladi. Bu yoqdagi o‘qish tartibi biroz boshqacharoq. Masalan, bizlarda bir semestrga hamma fanlar belgilangan bo‘lsa, bu yerda asosan o‘zingiz tanlaysiz. Keyin moddiy qiyinchilik. Uyda masalan ota-ona yordam berib turadi moliyaviy. Lekin bu yerda ishlash kerak. Kafedami, pol tozalashmi nima bo‘lsa ham kechqurun biror joyda ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Yeb-ichishga ham o‘zingiz topishingiz kerak. Ertalabdan obedgacha o‘qish, undan keyin pul topish kerak bo‘ladi. Ovqatga, kvartiraga to‘lash kerak. Doimo harakatda bo‘lasiz. Shunisi qiyin. Dinamika baland bo‘ladi,- deydi Sherzod Hakimov.

"O‘zbekiston hukumati yoshlarga g‘amho‘r"

Amerika va Yevropaning turli davlatlarida o‘qish imkonini beruvchi "Xorijda ta‘lim-2011" ko‘rgazmasi uchinchi bor o‘tkazildi.

Ayni paytda ko‘rgazma orqali necha nafar yosh xorijda o‘qish imkonini qo‘lga kiritgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta – maxsus ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, ushbu ko‘rgazma vazirlikning ishtirokisiz o‘tkazilgan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston hukumati "rahnomaligida" vazirlik ham yoshlarga xorijda o‘qish imkonini berish uchun grantlar ajratmoqda.

- Deyarli har bir Yevropa davlatlari yoki boshqa davlatlar, Osiyodagi qator davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorligimiz bor. Aytaylik Yaponiyaga grant asosida magistraturaga o‘qishga yuboramiz. Koreyaga juda ko‘p odam yuboramiz. Koreya hukumatining texnik yordami asosida yoki Koreya universitetlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilgan grantlari asosida biz o‘zimizning talabalarimizni yuboramiz. Malayziya, Hindiston, Chexiya, Germaniyada ko‘p talabalarimiz o‘qiydi. Hammasi grant,- vazirlik mulozimi.

O‘zbek mulozimiga ko‘ra, davlat granti hisobidan xorijda o‘qiyotgan yoshlar soni 500-1000 nafar atrofida.

- Bir yilda bir necha yuz. Men sizga aytaman, masalan 100 nafar odam Rossiya Oliy ta‘lim vazirligi bilan kelishilgan holda ularga grant asosida yuboramiz. 15ta Yaponiyaga yuboramiz. Taxminan shundan ko‘proq Koreyaga. Keyin Germaniyaga. Gyote instituti bor. Ularni ajratilgan stipendiyasi, grantlar asosida yuboramiz,- dedi o‘zbek mulozimi.

“Turkiya bilan hamkorlik yo‘q”

O‘tgan asrning 90-yillarida Turkiyadagi o‘quv yurtlarida juda ko‘plab yoshlar ta‘lim olgani ma‘lum.

Biroq, deydi hukumat mulozimi, bugungi kunda O‘zbekiston hukumati Turkiyaga yoshlarni o‘qishga jo‘natmayapti.

- Bizda yo‘q. Chunki biz har bitta davlat bilan kelishilgan holda ya‘ni o‘sha davlatning tashabbusi yoki bizning tomonimizning tashabbusiga ko‘ra tuzilgan bitim yoki kelishuv bo‘lsagina unda biz nima qilamiz. O‘sha narsa yo‘q bo‘lgan hollarda boshqa imkoniyatlardan foydalanib kimdir o‘z shaxsiy yo‘li bilan, o‘z shaxsiy mablag‘lari evaziga ketayotgan bo‘lsa, unga hech qanday to‘sqinlik yo‘q,- dedi O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.
XS
SM
MD
LG