Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:03

O‘zbekistonning yuz minglab aholi punktida gaz taqchilligi bor


Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, joriy qishda O‘zbekistonning 539813 ta aholi punktida gaz taqchilligi kuzatiladi.

Bu yilgi qish mavsumida gaz bo‘lmasligidan ogohlantirgan o‘zbek rasmiylari bunga oid raqamlarni ham oshkor qildi.

O‘zbekiston hukumatiga qarashli "Pravda Vostoka" gazetasining yozishicha, joriy qish mavsumida mamlakatning 539813 ta aholi punktida gaz taqchilligi kuzatiladi.

Gaz taqchilligi muammosini tan olgan hukumat, ayni paytda, aholiga "g‘amho‘rlik" qilayotgani haqida yozayapti mahalliy matbuot.

Bu "g‘amho‘rlik" ikki xil ko‘rinishda bo‘lib, uy isitish uchun aholiga ko‘mir yetkazib berish va ovqat pishirish uchun suyultirilgan gaz bilan ta‘minlash tadbirlari amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

"O‘ztransgaz" shirkati kuzgi-qishgi mavsumda gaz taqchil bo‘lgan hududlardagi muammo ko‘lamini kamaytirish uchun 20 punktdan iborat chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishni yo‘lga qo‘ygan.

Ayni rejaga ko‘ra, qish mavsumida gaz yetishmayotgan besh yuz mingdan ziyod aholi punktlariga jami 23153,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgani aytilmoqda.

"O‘ztransgaz" shirkatining O‘zbekistondagi tuman bo‘limlaridan birining ma‘sul rahbari ayni tadbirning qay ko‘rinishda amalga oshirilayotganini gapirib berdi.

Ma‘lum sabablarga ko‘ra, ismi-sharifini oshkor qilmayotganimiz mulozimga ko‘ra, bu tadbir mahalliy xokimlarning maxsus nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

- Bizda hozir suyultirilgan gaz bilan aholini ta‘minlashda muammo yo‘q. "O‘ztransgaz" loyihasiga ko‘ra, bizga qo‘shimcha 200 ta yangi gaz balloni berildi. O‘zimizda 50 ta bor edi. Biz aholidan bo‘shagan ballonlarni olib, ularga to‘ldirilganini beramiz. Hozir oborotda jami 250 ta ballon bor. Bu bilan asosan gaz bosimi yetib bormayotgan joylarni ta‘minlayapmiz. 16 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga tarqatilayapti. Bizning tumanda jami 17 mingta gazlashtirilgan xonadon bo‘lsa, shundan 5000 tasining gaz bosimi pastligi sabab ularni suyultirilgan gaz bilan ta‘minlayapmiz,- dedi suhbatdosh.

Samarqandning Bulung‘ur tumanida yashovchi Haydarali aka oilasi bir oyda 7200 so‘mlik suyultirilgan gaz oladi.

- Bizniki 17 kilolik. Bir kilosi 428 so‘mdan. Yana olib kelib berishgani uchun, transport harajatiga qo‘shimcha 130 so‘m haq olishadi. Jami 7200 so‘m bo‘ladi,- deydi Haydarali aka.

Bu oilamiz ehtiyojlarga yetshmasligi bois o‘choqdan ham foydalanamiz, deya qo‘shimcha qiladi u.

"O‘ztransgaz" shirkati mutasaddisiga ko‘ra, aholini suyultirilgan gaz bilan ta‘minlashda ayrim cheklovlar ham mavjud.

- Bizning maxsus grafigimiz bor. Bitta xonadonga 25-30 kunda gaz to‘ldirilgan bitta ballon beriladi,- dedi suhbatdosh.

Ayni paytda O‘zbekistonda mahalliy hokimliklar mas‘ulligida aholiga arzon narxda ko‘mir ham tarqatilayapti.

Biroq Ozodlik manbalariga ko‘ra, arzon ko‘mir hammaga ham yetayotgani yo‘q.

O‘tgan oyda Vazirlar mahkamasi ko‘rsatmasiga ko‘ra, mamlakatning barcha viloyatlari rasmiylari aholini bu yil qishda tabiiy gaz bo‘lmasligidan ogohlantirib, ko‘mir g‘amlashni tavsiya qildilar.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra, o‘tgan oyda Toshkent shahri va viloyatlardagi yuzdan ortiq korxona va tashkilotlar hamda xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari 2011-2012 yilgi kuz-qish mavsumida markaziy gaz ta‘minotidan uzila boshladi. Bu korxona va tashkilotlar rahbarlariga muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tish taklif qilindi.

Joriy yilning 26 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida chiqish qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev mamlakat aholisining 82 foizi tabiiy gaz bilan ta‘minlanganini iddao qildi.

Tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 12-o‘rinni egallaydi.

Har yili O‘zbekistonda 60 milliard kub metr gaz qazib olinadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatdagi gazning katta qismi boshqa davlatlarga eksport qilinayotgani uchun mahalliy aholi zangori olovdan benasib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG