Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:13

O‘shliklar xalqaro tashkilotlardan ko‘mak kutmoqda


Kyrgyzstan -- Osh, Cheremushki, April 2011
Kyrgyzstan -- Osh, Cheremushki, April 2011
O‘shning Cheremushki mavzeida yashovchi aholi qishning sovuq kunlarida ko‘mir va oziq-ovqatdan yordam berishni so‘rab, xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘lladi.

O‘sh. Qish.

O‘shlik inson huquqlari himoyachilaridan olinayotgan xabarlarga qaraganda, 2010 yil iyun voqealari davomida uylari yondirib yuborilgan qirg‘izistonliklar kirib kelayotgan qish arfasida juda og‘ir ahvolda qolgan.

Xususan, O‘shning Cheremushki mavzeida istiqomat qiluvchi aholi qishning sovuq kunlarida ko‘mir va oziq-ovqatdan yordam berishni so‘rab xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘lladi.

O‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullayevga ko‘ra, cheremushkaliklar murojaatnomasi BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligining O‘shdagi vakolatxonasiga topshirildi.

Masalaning iyun voqealaridan jabr ko‘rganlar uchun o‘ta dolzarbligidan kelib chiqib, Ozodlik radiosi maxsus eshittirishlar turkumi tayyorlashga qaror qildi va bu turkumni “O‘sh. Qish”, deb nomladi.

O‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullayevning aytishicha, cheremushkaliklar tomonidan xalqaro nodavlat tashkilotlari nomiga yozilgan murojaatnomani 34 odam imzolagan:

- Hammaga ma‘lum, Cheremushka mikrorayonida 289 oila jabrlangan, 289 ta uy kuygan. Bugungi kunda qurilishlar ham to‘la nihoyasiga yetgani yo‘q. O‘tgan yildan beri mahalliy aholi o‘tin, ko‘mir, oziq-ovqat degandek - bironta insonparvarlik yordamini olmadi. Cheremushka aholisining 90 foizi doimiy ish joylari yo‘q, aholi juda og‘ir ahvolda. Murojaatda shu narsalarni yozishib, oqsoqollar, katta-kichik bo‘lib imzolab, bizga olib kelishdi. Men bu murojaatnomaning bir nusxasini Birlashgan millatlar tashkiloti qochqinlar ishi bo‘yicha qo‘mitasining O‘shdagi bo‘limiga olib borib berdim. Biroq ularning aytishicha, bu yilda jabrlangan tumanlarga gumanitar yordam uchun mablag‘ ajratilmagan ekan, - dedi huquq faoli.

Biz cheremushkaliklarning mavjud muammolari haqida to‘laroq ma‘lumot olish uchun murojaatnomani imzolagan cheremushkaliklardan bir nechasi bilan suhbatlashdik. Cheremushkada yashovchi Ilhomjon ular gumanitar yordamni oxirgi marotaba shu yilning fevral oyida olganini esladi:

- Oxirgi marta yordam fevralda olindi. Hozir qurilish materiallarini berishayapti Xudo xohlasa, uylar bitib ketsa kerak.

Ozodlik: Uyinglarning necha xonasi bitdi, qanchasi qoldi?

- O‘tgan yili 3 xona qurib berishgandi. Hozir o‘sha 3 xonada yashayapmiz. Bu yil yana 4 xona qurilayapti.

Ozodlik: Hozir sovuq tushdi, uyni qanday qilib isitayapsiz? Ko‘mir bilanmi, gazmi, svetmi?

- Ko‘mir bilan, gaz tushmagan hali biz tomonlarga.

Ozodlik: Ko‘mirni gumanitar yordamga berayaptimi yoki o‘zinglar sotib olayapsizlarmi?

- Yordamga ko‘mirni endi beradi, deyishayapti. Hozir o‘zimiz pulga olib, yoqib turibmiz, - dedi cheremushkalik Ilhomjon.

Uning mavzedoshi Diloromxon opa esa turli sabablarga ko‘ra o‘z uyida yashamayotgan ekan.

- Qurilishga g‘isht berilmay, qiynalayapmiz.

Ozodlik: Nimaga bermayapti g‘ishtni?

- “Havo sovuq bo‘lgani sababli zavodda g‘isht qurimayapti, g‘isht yo‘q bo‘layapti zavodda”, deb aytishdi bizga, yana bilmayman. Ayniqsa, bizning Bobur ko‘chaga berishmayapti. “Tor ko‘cha, avval ko‘rinadigan joylar bitsin, bu ko‘chaning ichi unchalik ko‘rinmaydi”, deb bizga g‘isht berilmayapti.

Ozodlik: Hozir qayerda yashayapsizlar?

- Uyimiz qurilgunicha, qarindoshlarimizning bo‘sh uyi bor edi, o‘sha yerda yashayapmiz, - der ekan Diloromxon opa qarindoshlarining uyida yashayotgan cheryomushkaliklar ko‘p ekanini qo‘shimcha qildi.

Mazkur mavzeda yashovchi Manzura opaning aytishicha, cheremushkaliklarning muammolari borasida tegishli idoralar xabardor, lekin ular qiyin ahvolda qolgan kishilarga yordam berishni xayoliga ham keltirmayapti:

- Meriyaga, O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash davlat direktsiyasiga odamlar oziq-ovqat va boshqa masalalarda har kuni, kunora ariza bilan murojaat qilishadi. Lekin hech qanday yordam bo‘lmayapti. Bizning ahvolimizdan mer ham, gubernator ham, Gosdirektsiyani boshqarayotgan Sotvoldiyev ham xabardor. Lekin ularning xayoliga yordam berish kelmayapti, - deydi Manzura opa.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash davlat direktsiyasi matbuot kotibi Melis Erjigitovning aytishicha, o‘tgan yili vaziyat og‘ir bo‘lgani, sovuq tushkuniga qadar 1788 uy qurish zarurligi sababli hukumat xalqaro donorlardan jiddiy yordam ko‘rsatishlarini so‘ragan. O‘shanda quruvchilarga beriluvchi maoshni to‘laligicha donorlarning o‘zlari to‘lab berishiga qaror qilingan. Bu yilda esa qurilishning ikkinchi bosqichida, hukumat donorlar uchun loyihalarni nazorat qilishi va yetkazib berishiga, mahalliy darajadagi masalalarni hal qilishiga kelishilgan.

- Hozir “Gumanitar igna” degan atama paydo bo‘ldi. Ya‘ni jabrlangan oila o‘zi hech narsa qilmay, faqat gumanitar yordam hisobidan kun kechiradi. Boqimandalik kayfiyati bo‘lmasligi uchun donorlar bu yil quruvchi haqining faqat 30 foizini to‘lab berish va barcha qurilish mollarini bepul berish bo‘yicha shart qo‘ygan. Aynan shu narsani ko‘p odamlar tushunmadi, biz ularga ko‘p marotaba tushuntirdik, biroq tushunishmadi. Bunday vaziyat faqat Cheremushki mavzeida va Sulaymon tog‘i atrofidagi bir nechta uylarda bor. Masalan, Jalolobodda hech qanday muammo yo‘q. Odamlar hamma narsani tushunishdi va uylarini qurishdi. Qorasuv tumanida ham hammasi yaxshi, - dedi Melis Erjigitov.

Ayni paytda O‘sh shahar hokimiyati Ijtimoiy va madaniy taraqqiyot bo‘limi boshlig‘i Gulmira Erqulova esa shahar hokimiyati hozirda 2010 yil iyun voqealarida jabrlanganlarga yordam topish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib borayotganini ma‘lum qildi.

- Oziq-ovqat shaklidagi barcha dasturlarimiz to‘xtatilgan. O‘sh shahar hokimiyati so‘nggi vaqtlarda hech narsa olmadi. Ko‘mir masalasiga kelsak, biz bir qator xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib bordik. Hozircha hech kimdan sado chiqmadi. Biz shahar kengashining sobiq deputati Ulan Primov bilan gaplashdik. U har yili shahar aholisining quyi qatlamiga ko‘mir bo‘yicha yordam ko‘rsatadi. U bilan ham muzokaralarni olib borayapmiz, hozircha sizga biron narsa ayta olmayman, - dedi Gulmira Erqulova.

Muxbirimiz Sherzodning lavhasi “O‘sh. Qish”, deb nomlaganimiz turkum eshittirishlardan dastlabkisini boshlab berdi.

“O‘sh. Qish” eshittirishi doirasida uyi kuygan konkret o‘shliklar bilan o‘tkazilgan suhbatlarni ham eshittirishga qo‘yishga qaror qildik.

Birinchi suhbatdoshimiz O‘shning Cheremushki mavzeida istiqomat qiladigan Tohirjon ismli yigit.

Tohirjon Sarvar Usmonning savollariga javob berdi.

Ozodlik: Sizning ham uyingiz kuyganmi?

- Ograblenniy. Olib chiqib ketgan. Talofat ko‘rganmizda aka.

Ozodlik: Oilangiz haqida aytib bering.

- Oilamda sakkiz kishimiz. Sizga to‘g‘risini aytganda enamning 3500 so‘m pensiyasiga shu kungacha yashab kelayapmiz mana bir yarim yildan beri.

Ozodlik: yoshingiz nechada?

- Yoshim 40da.

Ozodlik: Ishlamaysizmi?

- Qayerda ishlaymiz aka?

Ozodlik: Urushgacha qayerda ishlardingiz?

- O‘shelektroda ishlardim.

Ozodlik: Nima ish qilardingiz?

- Inspektor bo‘lib.

Ozodlik: Urushdan keyin nima bo‘ldi? Chiqarib yuborishdimi?

- Urushdan keyin chiqarib yuborishdi.

Ozodlik: Nima deb chiqarib yubordi?

- “Senlar o‘zbeksan, u-bu” deb ishdan olib qo‘ygan. 40ta bolani ishdan olib yuborgan 18 iyunda. Daje oyliklarimizni bermay qo‘ydi. Bir narsa qilib tirikchilik qilayapmizda endi. Cheremushkida sharoit og‘ir aka. Daje o‘tgan yilgi bergan oyoq kiyimlari hozir bolalarga to‘g‘ri kelmayapti. O‘zingiz bilasiz mana o‘sayotgan bolalar. Biz mana 40qa kirib ishlay olmayapmiz. Ko‘chaga dadil chiqa olmasak. Oziq-ovqat problema bo‘layapti. Mana bir yildan beri hech qanaqa yordam, hech narsa yo‘q aka. Kiyim-kechak deganday, shu qiyinchilikda aka. Davlat tomonidan hech narsa yo‘q.

Ozodlik: Bir yildan beri emas oxirgi marta iyundami iyuldami beribdi emish.

- Aprelda bergan. Mehr-shavqat degan firma bergan. Un, yog‘ bergan bo‘ldi, deydi O‘shning Cheremushki mavzeida istiqomat qiladigan Tohirjon.

Ozodlikning “O‘sh. Qish” eshittirishi doirasidagi yana bir suhbatdoshi shaharning iyun qirg‘ini davomida deyarli to‘la yondirib yuborilgan Navoiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi Matlubaxon opadir.

U kishi ham Sarvar Usmonning savollariga javob berdi.

Ozodlik: Iyun voqealarida sizning uyingizga ham zarar yetganmidi?

- Ha, kuyib ketdiyu uylar. Beshta aka-uka hammamizniki kuyib ketgan. Mening uchta kelinim bor, ovsinimniki ikkita kelin. Hammasi qiz chiqaradigan, o‘g‘il uylantiradigan edi. Hamma narsa seplari bilan kuyib ketgan. Kuygan devor qolgan xolos. Lenin maktabdan tepasi hammasi shunaqayu.

Ozodlik: Mana keyin ikki xonali uylar qurildi. Sizlarga ham qurilganmi?

BMT Inson huquqlari Oliy komissarligi bergan palatka
BMT Inson huquqlari Oliy komissarligi bergan palatka
- Qurilgan. Qurilgani bilan kelinlar bilan hali ham biz palatkadamiz. (Izoh: O‘sh qirg‘ini davomida uylari yondirilganlarni xalqaro tashkilotlar maxsus chodirlar bilan ta‘minlagan edi. Gap o‘sha chodirlar ustida ketmoqda) Kelinlar bilan o‘g‘illarni qo‘yib, o‘zimiz bu yoqda. Bu yoqdagi endi bitayapti. Endi tomi yopildi. Dekabrgacha kirish kerak deb uni ham nima qilayapti.

Ozodlik: Shu kunda palatkada yashayapsizlarmi?

- Ilojimiz yo‘q. Nima qilamiz? Tiqilinch, endi kelinlar bilan alohida bo‘lib, ikkita kelin bilan alohida bo‘lsak, bittasini u yoqqa qo‘ysak, shunaqa qilib eplanayapti. Ikkitadan xonada. Uchtadan kelin bo‘lsa, o‘zimiz bo‘lsak, bizning ham bolamiz bor, ularning ham bolasi bor, sig‘ishmasdan eplanayapmiz.

Ozodlik: Palatkada sovuqku. Qanday yashayapsizlar?

- Kunduzi palatkaga chiqib kechqurun eplanib uyga tiqilayaptida.

Ozodlik: Ikki xonali uyga-a?

- Ha.

Ozodlik: Siz oilangizni tasvirlab bering. Necha kishi?

- Men xo‘jayinim bilan, uchta o‘g‘limning xotini bor. Bittasida ikkita bola, qolganida bittadan bola. Yana ovsinlarimda ham shunaqa. Ikkita-uchtadan bolasi bor kelinlarining. Ikkita ovsinimning bo‘yiga yetgan bolalari.

Ozodlik: Ovsinlaringizni qo‘ying. Kechqurun sizning uyingizda osiladigan qozonga nechta odam qaraydi? O‘sha qozonning atrofida nechta odam bor?

- 11ta odam bor. 12ta daje.

Ozodlik: 12 kishi bitta qozondan ovqat yeydi-a?

- Bolalar bilan hisoblansada.

Ozodlik: O‘sha qozonga tushayotgna masalliqning pulini kim topadi? Nechta odam qanaqa qilib pul topayapti?

- Bitta o‘g‘lim ishlaydi hozir. Endi u yoqqa bu yoqqa usilitel qiladi. Undan boshqa kirarchasi yo‘q.

Ozodlik: Kuyovingizchi?

- Bekor. Hozir ustalarga yordam berib tom yopayapti. O‘shalar bilan yuribdi.

Ozodlik: Ustalarga yordam berganiga pul oladimi?

- Yo‘q. Yana qaytib bu safar pitaniyega deb bergan puli usta haqi qilib berilayapti. (Izoh: Uyi kuyganlarga xalqaro tashkilotlar mablag‘iga qurib berilayotgan uy-joylarning yakuniy ikkinchi navbati qurilishi haqida borayapti gap)

Ozodlik: Siz o‘zingizchi?

- Men o‘zim bekorman. Kasalman men ham.

Ozodlik: yoshingiz nechada?

- 50dan oshdim.

Ozodlik: Demak, bitta qozonga 12 kishi. 12 kishidan pul topayotgani bitta odam-a?

- Ha. O‘rtancha o‘g‘lim Rossiyada. U ishlay olmayapti. Grajdanstvo olmagan ishga chiqa olmayapti. Kichigim ham ishi yo‘q uyda o‘tiribdi.

Ozodlik: Bir oyda sizning uyingizga taxminan necha pul kirayapti?

- Uni hisoblab ham ko‘rganim yo‘q. Kuniga 100 so‘m kirsa kiradi bo‘lmasa yo‘q u ham. (Izoh: 100 qirg‘iz so‘mi 2 AQSh dollariga teng pul) yordam bo‘lmaydi. Eshigimizdagi nok-pokimizdan sotib, nokimiz ham kuyib ketgan. Bir dona nokim qolgan. Boshqa daromadim yo‘q.

Ozodlik: Ko‘miringiz bormi?

- Ko‘mirim yo‘q hisob. Qurigan daraxtlarimizni kesib o‘shalarni yoqayapmiz.

Ozodlik: Shu kunda uyingizda qancha uningiz bor?

- Bir qop u yoqdan bu yoqdan kelib qolgan edi. Tugab qolay dedi u ham.

Ozodlik: Oxirgi marta gumanitar yordamni qachon olgansizlar?

- Iyundamidi iyuldamidi oxirgisini o‘shanda oldikda.

Ozodlik: Qishdan qanday chiqmoqchisizlar endi?

- Bizga qolsa qor yog‘masdan chiqib olsak yaxshi edi. Endi qiyinchilik bo‘layaptida. Hammamiz bitta uyga tiqilib olib, bitta uyni yoqib, tor bo‘lsa, oldingi uylarday emas. Bitta kelinim bolnitsada bolasi bilan.

Ozodlik: 12 kishi ikki xonali uyda yotayapsizlarmi?

- Ha, deydi iyun qirg‘ini davomida deyarli to‘la yondirib yuborilgan Navoiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi Matlubaxon opa.
XS
SM
MD
LG