Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

Farg‘ona shahri qayta quriladi


Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada uylar buzilishini taqozo qiluvchi "qayta qurish"ni boshlashni buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada uylar buzilishini taqozo qiluvchi "qayta qurish"ni boshlashni buyurdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimiyatida o‘tkazgan yig‘ilishda shahar rekonstruktsiyasiga xalal beradigan aholi uylarini buzish va ko‘chirish haqida tegishli tashkilotlarga buyruq berdi.

O‘zbekistondagi viloyatlar markaziy shaharlarini qayta qurish navbati Farg‘onaga keldi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 22-23 noyabr kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi. Mirziyoyev 22 noyabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazgan yig‘ilishda tashkiliy masala va shaharni qayta qurish masalasi ko‘rildi.

Qo‘qon shahar hokimi vazifasida ishlab turgan Shuhrat Sobirov Farg‘ona viloyati hokimining iqtisod va qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani aytilmoqda.

Qo‘qon shahrini rekonstruktsiya qilishda prezident Karimov maqtoviga sazovor bo‘lgan Shuhrat Sobirovga endi Farg‘ona shahrini qayta qurish vazifasi topshirilgan ko‘rinadi, deydi farg‘onalik inson huquqi faoli Abdusalom Ergashev.

Suhbatdoshimizning sessiyada qatnashgan deputatlardan olgan ma‘lumotlariga tayanib Ozodlikka aytishicha, ayni qish faslida rekonstruktsiyaga xalal beradigan aholi uylarini buzish topshirig‘i qurilish tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklangan:

- Bosh vazir kecha Farg‘ona shahrini rekonstruktsiya qilish bosh planini olib kelib ko‘rsatibdi. Gaplarga qaraganda, Oqariq mahallasining o‘zida, viloyat, shahar hokimiyatlarining orqasidagi mahallaning o‘zidan 500 ta xonadon buzilishi kerak ekan. Aeroport tomondan buzilishi kerak ekan yana. Mana shu qurilish tashkilotlariga bo‘lib berilgan ekan. Hamma hayron endi. Odamlar hayron. Bu qish vaqtida, oldin qonun bor edi buzish vaqtiga doir, 1 oktyabrdan 1 aprelgacha. Oldingi uyi buzilganlarning ko‘piga hali uysiz yuribdi. “O‘zi nima bo‘layapti? Atayin qilinayaptimi” degan gaplar ham ko‘p bo‘lyapti,- deydi A. Ergashev.

Uning fikricha, aslida Farg‘ona shahri ko‘chalari qayta qurishga muhtoj emas:

- Aytishlaricha, shaharning ichida yettitami sakkiztami ko‘prik qurilishi kerak ekan. Ko‘p joylar ketadi degan taxmin bor. Shaharning ichida bir qavatli binolar qolmaydi deyishgan ekan. O‘zi shahar juda zamonaviy talablarga mos qurilgan. Skobelev 1862 yildan qurishni boshlagan bo‘lsa, eng tor ko‘chaning kengligi 30 metr. Har bir ko‘chada ikki qator u tomonda, ikki qator bu tomonda daraxtlar o‘sib, chinorlar bilan go‘zal shaklda ketgan ko‘chalar. Perpendekulyar ko‘chalarning hammasi bir biriga parallel. Xo‘jand ko‘chasida sakkiz qator chinor bor. Qolganlarida to‘rt qatordan. Ko‘chalar nihoyatda keng. 21 asr talablariga javob beraveradigan ko‘chalar. Ularni kengaytirishning hojati yo‘q edi,- deydi farg‘onalik A. Ergashev.

Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 32 yoshli Abdujabborning aytishicha, hokimiyatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish tafsilotlari bir zumda shaharga tarqalgan va qish faslida uylar buzilishidan aholi orasida xavotir kuchaya boshlagan:

- Quvasoy ko‘chasi borku o‘sha tomon buziladi degan gap uch-to‘rt yildan beri bor edi. Keyin mexanicheskiy zavodlar tomon buzilar ekan shu aeroport tomonda Hasanova ko‘cha. Muhayyoda ham ko‘p joy bor deyishayotgan edi. Roddomning oldidan o‘tadi yo‘l, kattaroq bo‘lib, deyishyapti,- deydi farg‘onalik Abdujabbor.

Farg‘ona viloyati hokimiyati mazkur masala xususida izoh berishdan bosh tortdi. Hokimiyat xodimi, barcha mas‘ul shaxslar Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan rekonstruktsiya qilinadigan joylarni ko‘zdan kechirib yurganini aytdi.

Farg‘onaliklarning aytishlaricha, Sh. Mirziyoyevning shaharni qayta qurishga oid farmoyishi aholini sarosimaga solib qo‘ygan. Aholining “sovuq qishda qayerga ko‘chamiz”, “hokimiyat buzilgan uylar uchun tovon puli berarmikin” kabi savollari esa hozircha ochiq qolmoqda.
XS
SM
MD
LG