Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:52

Televizor: Bo‘lo‘vradi?


Muallif: Sarvar Usmon

Televizorni birov o‘tirib ko‘radi, birov yonboshlab, yana birov yastanib yotvolib ko‘radi. Birovlar hafsala bilan – ko‘k choyni achchiq damlab, bir hovuch mayiz solingan taqsimchani oldiga qo‘yvolib ko‘rsa, ba‘zilar televizorni yolg‘izlikdan qutulish uchun yoqib qo‘yadi – javrab tursin shu! Faqat bizning muxbirimiz sevib ko‘radi televizorni. Jon-jahdi bilan ko‘radi. Tikilib ko‘radi. Ayniqsa O‘zTVni. Shunday qilib, navbat “Televizor” rukni ostidagi navbatdagi eshittirishga.

“Bo‘lo‘vradi!”


Bu so‘z o‘zbek ustalarining tilidan “g‘isht”, ”loy” so‘zlaridan keyin eng ko‘p uchadigan so‘z.

Usta devorga besh-olti qator g‘ishtni qo‘yib bo‘lgach, qo‘lidagi qotgan loyni uqalab tushiradida, “Saraton”dan bittani tutatib, devorga bir chetdan qaraydi.

Shu payt bir mashina g‘isht bilan uyning egasiyam kelib qoladi. Devorni ko‘riboq fig‘oni falakka o‘rlaydi.

- Qiyshig‘u, usta?!

Usta darhol javob bermaydi. “Saraton”ni chuqur tortadi. Bir devorga, bir uyning egasiga qaraydi. Tishining orasidan “chirt” etib tupuradida, “Bo‘lo‘vradi”, deb qo‘yadi.

Uyning egasi “baqa bo‘pqolgan” – ustaning beta‘sirligiga nima deb javob berishni bilmay, tili kalovlangan.

Shu payt muammoni yana ustaning o‘zi yechadi: “Suvoq bilan to‘g‘rilanadi, bo‘lo‘vradi”.

Uyning egasi qurilishni boshlaganidan beri bunaqa “bo‘lo‘vradi”larni ko‘p eshitdi. Biladiki, uy bitguncha yana ko‘p eshitadi. Shuning uchun dami ichida, qo‘lini bir siltaydida, burilib ketaveradi.

Lekin Katta Uyning Katta Egasi indamay burilib ketaveradiganlardan emas - judayam injiq odam.

Imkoniyatlari cheksiz bo‘lgani uchun ustaning “guli”ni ishlatadi. “Malboro” chekadiganini ishlatadi.

Ana, kecha televizorda Katta Ega bir yangi uyni – Ma‘rifat markazini qabul qilvoldi.

Ana sizga mahobat, ana sizga mahorat, ana sizga sifat!

Televizorning ichiga kirib ketgim, binoning marmar ustunlarini ushlagim kepketdi.

Chindan ham zo‘r! Chindan ham tan beradigan!

E, rahmate, ustalar! E rahmate, Katta Ega!

Ko‘nglim erib, qitmirligim qayoqlargadir uchdi-ketdi. Muxbirning mana bu tagdor gapiniyam g‘ilt etib yutdim.

“Bugun yurtboshimiz Islom Karimov faqatgina sohibqiron Amir Temur davri ëdgorliklari bilan solishtirish mumkin bo‘lgan majmuaning imkoniyatlari, me‘moriy yechimlari, bu yerdagi qulayliklar bilan bevosita tanishdi”.

Ma‘rifat markazining go‘zalligiga mahliyo bo‘lib qolib, muxbir o‘qiyotgan matndagi “o‘ziga xos, o‘ziga mos” klishe iboralarga bu gal e‘tibor bermadim.

Aksincha, muxbirning “Terma naqsh uslubida ishlangan devoriy bezaklar ham ichki interyer manzarasini yanada jonlantirib yuborgan” jumlasidagi “terma naqsh” iborasini eshitib mazza qildim.

Tilimda sovetcha-o‘rischa unsurlar haliyam kuchli - men “mozaika” degan bo‘lardim.

O‘zTV muxbiri “terma naqsh”, deb ishlatdi. Yaxshi!

Faqat “ichki interyer” iborasidan “ichki” so‘zini chiqarib yuborgandaydi, jumlasi Ma‘rifat markaziga yanada mos yasalgan bo‘lardi.

Chunki, hamkasbim biladiki, “Interyer” so‘zining ichida “ichki”, degan ma‘no yotadi.

Ma‘rifat markaziga Milliy kutubxona ilova qilinibdi. Katta Ega uniyam borib ko‘rdi.

Yana o‘sha mahobat, yana o‘sha mahorat, yana o‘sha sifat!

Keling, aziz tinglovchi, buguncha, Milliy kutubxona bayramini buzmay – viloyatlardagi kutubxonalar ahvolidan so‘z ochib ko‘ngillarni vayron qilmay. Kattasini qurgan Katta kichiklariniyam qurar, deb umid qilaylik.

Lekin Katta kichiklari to‘g‘risida biron nima degani to‘g‘risida “Axborot” bir narsa demadi.

Biroq indamay deymanu indamay bo‘lmas!

Masalan, mavzudan kelib chiqib, o‘zbekning kitob o‘qimay qo‘ygani to‘g‘risida indamay bo‘lmas.

Tunov kuni shoir Yoqubjon aka Xo‘jamberdiyev mana bu gapni aytib qoldi.

- Yozuvchi Erkinjonni bilasiz. Erkin A‘zamning yangi “Shovqin” degan roman, hikoya, qissalari bosilgan kitobi chiqdi. Tiraji 5000 dona.

Ozodlik: Xolos.

- Ha. Erkin A‘zam 5000 tirajlik avtormi? Hech qachonda. Erkin A‘zam juda katta tirajga munosib avtor. Lekin afsuski hozir mana shu holatda turibmiz, dedi Yoqubjon aka.

Nega shundoq, dedi Yoqubjon aka.

Nega shundoq, dedim Yoqubjon akaga.

Boshimiz qotdi.

O‘zbekcha kitob yaqindagina ham 100 ming tiraj bilan chiqardiku?! Sotilib ketardiku?!

Yo bo‘lo‘vradimi?

Kitob o‘qimasak ham bo‘lo‘vradimi?

Bu savollar ustida Katta Ega va uning vazirlari qachon bosh qotirarkin, deb o‘ylab tursam, “Axborot” muxbiri “Bu yerda ishlaydigan mutaxassislar bilan muloqotda bo‘lar ekan Islom Karimov majmuaga tashrif buyurgan mehmon O‘zbekistonning imkoniyatlari haqida tasavvurga ega bo‘lishini, shu bois ushbu saroyda o‘tkaziladigan tadbirlar texnik jihatdan mukammal tashkil etilishi lozimligini alohida ta‘kidladi” deb qoldi.

Ha, demak, eng muhimi - chet ellik mehmonlar bu binoni ko‘rib, O‘zbekistonning imkoniyatlari haqida tasavvur paydo qilishi ekan.

Oddiy o‘zbek esa, kitob o‘qimasayam bo‘lo‘vradi!
XS
SM
MD
LG