Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:03

Anvar poshsho Turkiston istiqloli uchun kurashgan


Anvar poshsho.
Anvar poshsho.
Sovet tarixchilari tarafidan “Britaniya josusi”, “panturkist”, “panislomist” degan yorliqlar taqilgan Anvar poshsho tug‘ilgan kunga 130 yil to‘ldi.

Istanbulda 1881 yilda oddiy temir yo‘lchi oilasida tug‘ilib¸ generalissimus unvonigacha ko‘tarilgan Anvar poshsho Turkistonni sovet ishg‘olidan ozod qilish uchun janglardan birida, 1922 yilda o‘sha paytdagi Buxoro jumhuriyatining Baljuvon qishlog‘ida halok bo‘lgan.

Bugunga kelib ochilgan arxiv materiallariga ko‘ra, uning o‘ldirilishiga o‘sha paytdagi Sovet hukumati rahbarlaridan biri Iosif Stalin buyruq bergan.

Kremldan Turkistonga yuborilgan telegrammada "Nimaning evaziga bo‘lsa ham Anvar poshshoni yo‘qoting" degan shifrlar joy olgan.

Tarixga "Kofiron" nomi bilan kirgan va 1922 yilning 28 iyunida boshlangan sovetlarga karshi qaqshatqich jang jiddiy tus olganidan xavotirlangan Kreml Afg‘oniston shohiga elchi yuborib, Anvar poshshoni aldab Turkistondan chiqarib yuborishni so‘radi.

Afg‘onistondan maxsus kelgan elchilar Anvar poshshoni mujodaladan qaytara olmadi.

Anvar Poshsho 1922 yilning 4 avgust kuni jangda halok bo‘ldi.

Sovet tarixchilari uning NKVD ayg‘oqchisi tomonidan o‘ldirilganini aytishadi.

Turk tarixchilari Anvar poshsho qurbon bayramining ikkinchi kuni sovet soldatlarining ketma-ket otilgan besh o‘qidan o‘ldi¸ deyishadi.

Anvar poshsho o‘limidan sal oldin Istanbuldagi rafiqasi Nojiya Sultonga maktub yozgan edi. Bu maktublarda Turkistonni hur ko‘rishni istagan zobit tuyg‘ulari aks etgani aytiladi.

"Sen bu bechora turklik va islom olami uchun duo qil, Nojiyam" degan satrlar bilan boshlangan maktub “Endi o‘q yoydan chiqdi, Alloh bu ishda uyaltirmasin” degan misralar bilan tugaydi.

Anvar poshsho o‘z rafiqasi Nojiya Sulton bilan g‘alabadan keyin uchrashishni niyat qilgan edi.

Anvar poshshoning Baljuvonda qolgan jasadi 1996 yilda Turkiyaga olib kelinib Istanbulda qayta dafn qilindi.

"Bugungi O‘zbekiston tarixida Anvar poshsho roliga munosabat sovet davridagidan mutlaqo o‘zgardi", deydi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti mutaxassisi Dilnoza Do‘trayeva.

Quyida Dilnoza Do‘trayeva bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG