Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 03:20

O‘IH "shahidlar"i ro‘yxatini e‘lon qildi


Jundulloh studiyasining "muxbiri" Ukoshaning ham Afg‘onistondagi amaliyotlar oqibatida o‘ldirilgani e‘tirof etildi.
Jundulloh studiyasining "muxbiri" Ukoshaning ham Afg‘onistondagi amaliyotlar oqibatida o‘ldirilgani e‘tirof etildi.
2011 yilda o‘ldirilgani e‘tirof etilgan 87 janggari safida Jundulloh studiyasi boshlovchisi toshkentlik Ukosha ham bor.

O‘zbekiston islomiy harakati 2011 yil davomida Afg‘oniston va NATOning o‘z lagerlariga uyushtirgan havo hujumlari¸ qolaversa ularga qarshi suiqasd amaliyotlari davomida o‘lganlar ro‘yxati¸ ular ko‘pchiligining surati¸ qay holda o‘lganiyu shaxsiyatiga oid tafsilotlarni e‘lon qildi.

Harakat e‘tiroficha¸ joriy yilda O‘IH Internet olamidagi o‘z targ‘ibot-tashviqot kampaniyasining asosiy qiyofasiga aylangan janggarisi¸ shuningde harbiy faoliyatini boshqarib kelgan yetakchi qo‘mondonidan ajragan.

“Qaboilda nima gap?” nomli ko‘rsatuvlar muallifi Ukosha/Abdul Aziz O‘zbekiston islomiy harakatining 1432 hijriy yil (melodiy 2011) dagi “shahidlari” ro‘yxatidagi jamoatchilikka eng tanish janggaridir.

Ukoshaning Pokistondagi qabilalar hududidan quvilib¸ tog‘u toshlarda Pokiston¸ Afg‘oniston va NATO havo hujumlaridan qochib yurgan mujohidlar hayotini ko‘rsatuvchi “Discovery” kanali uslubidagi janggarilikdan ko‘ra sayyohlik ruhi ko‘proq ko‘rsatuvlari O‘IH ning mafkuraviy jabhadagi yangi mujodalasi sifatida ko‘rilayotgan edi.

2011 yil davomida o‘ldirilgani aytilgan 87 janggari ro‘yxatining 79-pog‘onasiga qo‘yilgan Ukosha/Abdul Aziz haqida yozar ekan O‘IH uning jangaridan ko‘ra ko‘proq ijodiy shaxs bo‘lganini bilvosita e‘tirof etadi.

“Endi Abdul Aziz haqida gapirsak gap ko‘p. O‘zi Toshkentdan. Hamma bilan tez chiqishib ketadigan, chaqqon yigit. Harakatimizga kelganiga 6 yil bo‘lgandi. Afg‘oniston va Pokiston janglarida ishtirok etish nasib qildi. Asosiy faoliyatini targ‘ibot bo‘limida “Jundulloh” ijodiy studiyasida olib bordi. Ijod qilib, bir necha filmlarda ovoz berdi va ishtirok ham qildi.

Shahodatidan bir necha oy oldin endi uylangan edi. U shahid bo‘lgach oilasi qiz farzand ko‘rdi va ismi Fotima bo‘ldi” deb yozdi Ukosha o‘limi haqidagi qisqa tafsilotida O‘IH.

O‘zbekiston islomiy harakati e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra¸ Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlar davomida o‘ldirilgan 87 janggarining 64 tasi afg‘onistonlik¸ 10 nafari tojikistonlik¸ 6 tasi qirg‘izistonlik¸ to‘rt nafari o‘zbekistonlikdir. Ro‘yxatga ko‘ra¸ o‘lganlardan orasida bittadan tataristonlik¸ germaniyalik va pokistonlik janggari bor.

Abbos Mansur Juma Namanganiy o‘ldirilgach¸ harakatga qo‘mondonlik qilib kelgan.
Abbos Mansur Juma Namanganiy o‘ldirilgach¸ harakatga qo‘mondonlik qilib kelgan.
Mazkur ro‘yxat tepasida O‘IHning 2009 yil sentyabrida Pokistonda o‘ldirilgan rahbari Tohir Yo‘ldoshning sobiq tansoqchisi¸ harakatning o‘ldirilgan qo‘mondoni Juma Namanganiy o‘rniga qo‘mondonlikka ko‘tarilgan o‘shlik qig‘iz Abbos Mansur qo‘yilgan.

Bu janggariga berilgan ta‘rifda yozilgan “birodarimiz shahid qo‘mondon Jumaboy o‘rnidagi qo‘mondon Abbos Mansur bo‘ldi. Shahid Jumaboy aka va Tohir akalardan olgan saboqlar, kotibligi tajribasidagi hisob kitoblar... barcha barchasini uyg‘unlashtirgan holda Harakat lashkarini chiroyli idora kilib keldi” degan bayonotdan O‘zbekiston islomiy harakati 2011 yilda o‘zining asosiy qo‘mondonidan ham ajralgani anglashiladi.

"O‘zbekiston islomiy harakati o‘z faoliyati tarixida ilk bor safidagi yo‘qotishlarga oid tafsilotlarni oshkor qildi¸ zotan bunga qadar harakat o‘z yetakchilari o‘limini bekitishga urinib kelgan¸ masalan Tohir Yo‘ldosh o‘limiga oradan bir yilcha o‘tib¸ iqror bo‘lgan edi”¸ deydi mazkur harakat bo‘yicha xalqaro maydondagi yetakchi tahlilchi¸ pokistonlik mustaqil jurnalist Ahmad Rashid.

- Safidagi qurbonlariga oid ma‘lumotni jamoatchilikka oshkor qilish orqali O‘zbekiston islomiy harakati o‘zining o‘lmagani¸ hamon jangovar amaliyotlarni davom ettirayotganini ko‘rsatishga urinmoqda. Bu ro‘yxatni men boshqacha sharhlay olmayman¸ deydi Ahmad Rashid.

“Nomi amaldagi harakatlardan ko‘ra¸ ko‘proq O‘zbekiston va G‘arb hukumatlari qora ro‘yxatlari bilan bog‘liq holda tilga tushib turadigan O‘zbekiston islomiy harakatining bir yilda 87 janggarisini yo‘qotishi anchagina og‘ir talafot¸ zotan bu harakat safida qolganlarning nari borsa bir necha yuz ekani taxmin qilinadi"¸ deb qo‘shimcha qiladi pokistonlik tahlilchi.

O‘z nomiga ko‘ra O‘zbekiston hukumatiga muxoliflikni da‘vo qilgan bu harakat qurbonlari ro‘yxatida atigi 4 o‘zbekistonlik janggari borligi¸ ular aksarining afg‘onistonliklar ekani O‘zbekiston islomiy harakatining siyosiy-mafkuraviy jihatdan o‘z yo‘lini batamom yo‘qotgani aksidir¸ deb davom etadi Ahmad Rashid.

- O‘lgan janggarilarning 64 tasi Tahor va Samangondan chiqqan mujohidlar ekanini e‘tirof etish¸ O‘zbekiston islomiy harakati o‘z saflariga O‘zbekistondan janggari yollay olmay qolganini ko‘rsatadi. Bundan uning asosiy tayanch markazi O‘zbekiston emas¸ balki Afg‘onistondagi o‘zbek va tojiklar ekani anglashiladi.

Bu esa o‘z navbatida uning Karimov rejimiga qarshi kurashayotgan siyosiy harakat bo‘lmay qolgani¸ buning o‘rniga musulmon dunyosida ko‘payib ketgan son-sanoqsiz jihodchi guruhlar orasidagi kichik zanjirga aylanib qolganini ko‘rsatadi¸ deydi mazkur harakat faoliyatini yillardan beri kuzatib kelayotgan pokistonlik tahlilchi va jurnalist Ahmad Rashid.
XS
SM
MD
LG