Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:08

Gulsumoy O‘XHning yangi qurbonimi?


O‘z joniga qasd qilgan Gulsumoy Abdujalilova. (suratda o‘ng tomonda)
O‘z joniga qasd qilgan Gulsumoy Abdujalilova. (suratda o‘ng tomonda)
Andijondagi tazyiqlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan Gulsumoy Abdujalilovaning O‘zbekiston Xalq harakatining ko‘ngilli faoli bo‘lgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Inson huquqlari al‘yansi tarqatgan ma‘lumotga tayanib, Ozodlik radiosi andijonlik Gulsumoy Abdujalilova 4 dekabr kuni o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Tashkilotga ko‘ra, Abdujalilova to‘rt kun davomida Andijon militsiyasi tomonidan so‘roqqa tutilgan va undan o‘zbek muxolifatchilariga qarshi ko‘rsatma berish talab qilingan.

Gulsumoyning tanishlaridan biri, o‘z ismiini oshkor qilmagan holda Ozodlik bilan bog‘lanib, Abdujalilovaning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlagandi.

Bi-bi-si radiosi Gulsumoyning yaqin dugonasiga tayangan holda, "Gulsumoy Abdujalilovadan O‘zbekiston muxolifati rahbarlaridan biri Muhammad Solihga qarshi suiqasd uyushtirish talab qilishgan” deb xabar tarqatgandi.

Bu xabar tarqatilganidan beri marhumaga oid ba‘zi ma‘lumotlar paydo bo‘ldiki, ulardan paydo bo‘lgan savollar javobini ozlab ko‘rdik.

Gulsumoy Abdujalilovaning o‘limi to‘g‘risidagi xabar yoyinlangan kuni O‘zbekiston Xalq harakati saytida e‘lon qilingan “Ta‘ziya”da marhumaning Harakatga a‘zo ekanligi inkor etildi. “Aslida uni (Gulsumoy Abdujalilovaning – Ozodlik) O‘XHga aloqasi yo‘q edi”, deyilgan o‘sha materialda.

Oradan bir kun o‘tib, Facebookda Gulsumoy Abdujalilova degan ayolning sahifasi borligi ma‘lum bo‘ldi.

Sahifa egasi o‘zi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni keltirar ekan, “ish joyi” degan so‘rovga “O‘zbekiston Xalq harakati”, deb yozgan.

Facebookdagi Gulsumoy Abdujalilova marhuma Gulsumoy Abdujalilovadir, deyish uchun sahifadagi boshqa ma‘lumotlar asos bo‘la oladi.

Xo‘sh, marhuma O‘XHga a‘zomidi-yo‘qmidi?

Biz bu savolni tashkilot Muassislar majlisi a‘zosi, Targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘i Namoz Normo‘minga berdik.

Ozodlik: Gulsumoy Abdujalilova O‘zbekiston Xalq harakatida ishlaganmi¸ ishlagan emasmi?

- Men buni tasdiqlay olmayman. Bilasizmi O‘zbekiston Xalq harakatining uchta rasmiy boshqaruv organi bor. Bular - Muassislar majlisi, Markaziy kotibiyat va Taftish kengashi. Yana bizning turli davlatlarda, shu jumladan O‘zbekistonda va Rossiyada rasmiy bo‘lmasa ham faoliyat boshlayotgan bo‘limlarimiz bor. Shu bilan birga bizning a‘zolarimiz bor. Biz bularning ro‘yxatini biror joyda e‘lon qilganimiz yo‘q. A‘zolardan boshqa xayrixoh bo‘lganlar va qiziqqanlar bor. U kishi xayrixoh sifatida, qiziqqan sifatida balki Facebookka kirib harakatimiz haqida boshqalarga ma‘lumot bergan bo‘lishi mumkin. Lekin harakatimizda rasmiy faoliyat olib borgan¸ deb men tasdiqlay olmayman.

Ozodlik: Siz O‘zbekiston Xalq harakati faoliyatida ishtirok etmagan¸ der ekansiz Gulsumoy Abdujalilovani O‘zbekiston maxsus xizmatlari o‘z joniga qasd qilishga majbur qilgan¸ degan bayonotni qanday asoslarga tayanib aytayapsiz?

- Savolingiz o‘rinli. Chunki u kishi O‘zbekistonga borib militsiya so‘roq qilib boshlagan kundan e‘tiboran oilasi bilan, yaqinlari bilan aloqada bo‘lgan va kechqurun kelib singlisi bilan ko‘rishgan. Yana mana Yelena Urlayeva degan huquq faoli bor. Uning qo‘liga Gulsumoyning yozib bergan qo‘lyozmalari o‘tgan. Bular haqida Yelena Urlayeva bizga ma‘lumot berdi. Bular tasdiqlangan ma‘lumotlar.

O‘zbekistonning Andijondagi ichki ishlar xodimlari u kishining O‘zbekiston Xalq harakati bilan bog‘liqligini va shundan keyin O‘zbekiston Xalq harakati muassislar majlisi raisi Muhammad Solihga suiqasd qilishni, agar shuni qilmasa, o‘ziga va oilasiga juda yomon bo‘lishini¸ hukumat ularni jazolantirishini aytgani haqida hujjatlar, qo‘lyozmalar tashlab ketilgan yaqinlariga. Biz shularga asoslanib aytayapmiz bularni.

Ozodlik: Sizlar o‘sha gaplarga to‘liq ishonasizlar.

- Biz ishonamiz. Chunki bu birinchi narsa emas va bu O‘zbekiston hukumatining g‘ayriodatiy faoliyati emas. O‘zbekistonda diktatura o‘rnatilganidan beri zulm bor va bu zulm umumiy bir zulm. Bu zulmning xususiy ko‘rinishlarini biz turli shaklda aytishimiz mummin. 2005 yilgi Andijon voqealarini aytish mumkin, hozir qamoqda yotgan 10 minglarcha siyosiy va diniy mahbuslarni aytish mumkin. Bu qilingan jinoyatni O‘zbekistonning totalitar zulm siyosatining parchasi sifatida bog‘laymiz biz, deydi O‘XH Muassislar majlisi a‘zosi, Targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘i Namoz Normo‘min.

O‘zbekiston Xalq harakati o‘zining rasmiy saytida Gulsumoy Abdujalilovaning o‘limi munosabati bilan “O‘zbekiston Xalq harakatining dunyo jamoatchiligiga murojaati”ni ham e‘lon qildi.

Hujjatda hozirgina janob Normo‘mindan eshitganingiz fikrlar mavjud.

O‘XH faoli bo‘lgan yana bir o‘zbekistonlik talabaning 7 dekabr kuni Ozodlikka bildirishicha, Gulsumoy Abdujalilova Myunxendagi Lyudvig Maksimilian universitetida o‘qigan.
XS
SM
MD
LG