Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:26

Turkiyada muslimalar masjidga jalb qilinmoqda


Ayol namozxonlar uchun yaratilgan sharoitni tekshirish niyatida 30 guruh Istanbul masjidlarini ko‘zdan kechirdi.

Kuni kecha Istanbul shahri bosh imomi idorasining maxsus ko‘rsatmasi bilan 30 dan ortiq guruh tuzilgani va shahardagi 3 mingdan ortiq masjidda ayollar uchun mavjud sharoitni tekshirib chiqqani aytilmoqda.

Istanbul shahridagi 3 mingdan ortiq masjidni ko‘zdan kechirgan 30 dan ortiq guruh aksariyat masjidlarda ayollar uchun sharoitning og‘irligi, jumladan, issiq suvning yo‘qligi, tahoratxonalarning ozoda emasligi, ayrim masjidlarda esa ayollar bo‘lmalarining isitilmasligi aniqlangan.

Shahar bosh imomi idorasi bundan maqsad ayollarning masjidga qatnovini oshirish hamda ayol va erkaklar o‘rtasidagi gender tengligi talablariga rioya qilish ekanini aytmoqda.

EurasiaNet.org sayti chop etgan maqolada aytilishicha, Istanbul shahridagi din peshvolari Ollohning uyi sanalmish masjidga ayollar ham, erkaklar ham birdek kirishga haqli va bunda har ikki tofaining haqlari birdek himoya etilishi kerak, degan niyat bilan ushbu tadbirni boshlagan.

13 millionga yaqin aholiisi bo‘lgan Istanbul shahrida, rasmiy
ma‘lumotlarga ko‘ra, 3 ming 100 ga yaqin masjid bor va ularning deyarli barchasida ayollar bo‘lmasi tashkil qilingan.

Shu kunlarda Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbeklardan biri Istanbul masjidlarida ayollar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlar ekan, ayollar uchun besh mahal namozni masjidda o‘qishda muammo yo‘qligini aytadi.

- Ayol va erkaklar uchun alohida tahoratxonalar bor. Otopleniye megapolis joylarda qilingan. Lekin sal chekkaroq joylarda unchalik yaxshi emas. Issiq suv yo‘q haqiqatan. Lekin, namoz uchun alohida joylar bor. Istanbuldagi har bir machitga qarasangiz, ikkinchi qavati bor va turkchalab “ayollar uchun” deb yozib qo‘ygan, - deydi Istanbulda yashayotgan o‘zbeklardan biri.

Ammo, uning kuzatuvlariga ko‘ra istanbullik ayollar orasida masjidga qatnovchilar soni ozaymoqda.

- Men ishlaydigan, yashaydigan joylarda odam ko‘p bo‘lgani uchun namozga kiradigan ayollar ham ko‘p kuzatiladi. Eng katta masjit Sulton Ahmad masjidi deydigan bo‘lsak, ayollar ko‘p besh vaqt namozlardayam. Lekin agar umumiy qaraladigan bo‘lsa, yevropalashish ko‘p kuzatiladi ayollarda. yopiq ayollar ko‘zga kamroq tashlanadi. Ochiqlik ko‘proqda. Namozga qiziqish ham shunga qarabda, - deydi shu kunlarda Istanbulda istiqomat qilayotgan o‘zbeklardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Bu kishining yana qo‘shimcha qilishicha, Turkiyada so‘nggi yillarda ayollarning masjidga qatnovi sustlashib borayotgani bois, aksar masjidlarda ayollar bo‘lmasi huvillab qolgan.

EurasiaNet.org sayti chop etgan maqolada ham shahar masjidlarida ayollar uchun sharoitni ko‘zdan kechirgan maxsus guruh aksar kichik masjidlarda ayollar bo‘lmalarining omborga aylantirib qo‘yilganini aniqlagan.

O‘zbekistonlik olima Mo‘‘tabar Ahmedovaning aytishicha, 1987 — 1992 yillar oralig‘ida O‘zbekistondagi ayrim yirik masjidlarda ham ayollar uchun bo‘lmalar tashkil qilingan va ayollar faol ravishda masjidlarga qatnay boshlagan edi.

- 1986-1990 yillar boshlarida sovet davrida islomdan uzoq bo‘lganimiz uchun imomlarning ma‘ruzalari quloqlariga kirsin, shundan foydalansin degan mazmunda ayollar uchun ham namozxonalar ochilgan edi. 1987-1988 yilda men har juma namozi uchun imkonim bo‘lishi bilan Toshkentdan Namangandagi Gumbaz masjitiga borardim. Ikkinchi qavat to‘liq ayollarga ajratilgan edi, - deb eslaydi Mo‘‘tabar Ahmedova.

Unga ko‘ra, Toshkentdagi ayrim yirik masjitlar — Xastimom, To‘xtaboyvachcha, Chuqursoy kabi masjidlarda ham ayollar uchun maxsus bo‘lmalar tashkil qilingan va ayollarning faolligi osha boshlagan edi.

Ammo, 1992 yillardan bunday yirik masjidlarning imomlariga vahhobiylik aybi qo‘yilib, tazyiqlar boshlanishi bilan ayollarning masjidga qatnovi to‘xtab qolgan.

- Keyinchalik 2001 yildami 2002 yildami, hozir esimda yo‘q, ayollar machitga qatnamasin, degan og‘zaki buyruq bo‘lgan. Bu ro‘mol o‘ralmasin, degan narsa bilan barobar chiqqan edi. Bu rasman aytilgan edi, - deydi ekan Mo‘‘tabar Ahmedova.

Ayni kezda O‘zbekistondagi masjidlarda ayollar uchun maxsus bo‘lmalar va alohida tahoratxonalar borligi kuzatilmaydi.

- Zarurat bo‘lib qolsa, birorta masjidga kirib, bir burchakda namoz o‘qib olish mumkindir. Ammo, jamoat yig‘ilgan vaqtda kirib bo‘lmaydi, alohida eshik ham, joy ham yo‘q, - deydi toshkentlik muslima ayol.

Respublikada, hatto, erkaklarning masjidga qatnovi keskin kamayib ketgan bir kezda ayollarning qatnovi haqida gp ham bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblaydi suhbatdosh.

Toshkentlik muslima ayol shu kunlarda Istanbulda boshlangan islohotni qo‘llab quvvatladi.

- Bizda boshda namozlarga borib, ma‘ruzalarni tinglash ayollarning qalbida iymonni kuchaytiradi, deb maqsad qilingan edi. Ayollarning qalbida iymonning kuchayishi bevosita bolalarga ko‘chadi. Ayollarning ibodatli bo‘lishi kelgusi farzandlarning ibodatli, iymonli bo‘lishi uchun juda muhim, - deya xulosa qiladi toshkentlik muslima Mo‘‘tabar Ahmedova.
XS
SM
MD
LG