Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:09

"Janao‘zen voqealari Andijon voqealariga o‘xshab qolmasin"


Qozog‘istondagi fuqarolik jamiyati faollari Janao‘zen voqealari 2005 yilgi Andijon voqealariga o‘xshatilmasligi uchun rasmiylardan shaffof bo‘lishni so‘ramoqda.

Mana bir necha kundirki, Qozog‘istonning Janao‘zen shahrida sodir bo‘lgan voqealar jamoatchilik diqqat markazida qolmoqda.

Zero, aholi vakillari va politsiya to‘qnashuviga sabab bo‘lgan muammo so‘nggi 6 oydan buyon hal etilmayotgan va o‘sha kezdayoq ishdan nohaq bo‘shatilganidan norozi neftchilar chiqishlarini davom ettirib kelayotgan edi.

Bu noroziliklarning aynan 16 dekabr - qonli Jelto‘qsan voqealarining 25 yilligi va Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi arafasida qonli to‘qnashuvlarga aylangani qozog‘istonlik siyosatchilaru, muxolifatchilarning muhokamasi diqqat markazida qolmoqda.

Mang‘istau viloyatining Janao‘zen shaharchasida 16 dekabr kuni boshlangan to‘qnashuv qurbonlari soni, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar 12 kishiga yetdi. Ammo norasmiy ma‘lumotlarda qurbonlar va jarohatlanganlar soni bundan ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ayni paytda Janao‘zen shahrida favqulodda holat va komendantlik soati joriy etilgani hamda shaharga xorij matbuoti qo‘yilmayotgani bois ma‘lumotlardagi tafovutni mustaqil manbalar orqali tasdiqlatish imkonsiz qolmoqda. Aynan mana shu jihat qozog‘istonlik siyosatchilar va muxolifat faollarining e‘tiborini tortmoqda.

So‘nggi ma‘lumotlarga qaraganda, hanuzgacha Janao‘zen shahri internetdan uzilgan, telefon aloqasi ham izdan chiqqan.

Qozog‘istonlik mustaqil jurnalist Sergey Duvanov bu vaziyatni tahlil qilishga urinar ekan, Janao‘zenda to‘kilgan qon uchun mas‘uliyat to‘g‘ridan- to‘g‘ri amaldagi hukumat zimmasida, deb bilishini aytadi.

- Oxir-oqibat shunday natija bilan tugashi kutilgan edi. Menimcha, bu yerda qon aynan hukumatning aybi bilan to‘kildi. Ya‘ni hukumat olti oydan buyon norozilik bildirayotgan neftchilarning arziga quloq tumadi, muzokaralar stoliga o‘tirmadi va ularni shu darajadagi bir ayanchli, qiziqqon ahvolga keltirdi, - deb hisoblaydi qozog‘istonlik mustaqil jurnalist Sergey Duvanov.

Uning fikricha, bugunga kelib shahardagi aloqa tarmoqlarini blok qilish orqali Qozog‘iston hukumati, odatdagidek, o‘z kamchiligini yopishga urinmoqda va boshqacha aytilsa, bilvosita bu mas‘uliyatni tan ham olmoqda.

Asnoda bu jurnalist va yana qator qozog‘istonlik tahlilchilar neftchilarning yarim yildan buyon tinch tarzda davom etib kelayotgan norozilik namoyishi qonli to‘nashuvga aylanib ketishiga kimningdir qutqusi sabab bo‘lgani va buni hukumat uyushtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Jumladan, qozog‘istonlik siyosatchi, “Azat” partiyasi hamraisi Bo‘lat Abilov ham ana shunday fikrda.

- Men o‘zim bu neftchilar bilan bir necha bor uchrashgan edim va ular mutlaqo tinch norozilik bildirib kelayotgan edi. Lekin rasmiy bayonotlarda aytilgani kabi hukumat binosini yoqish, mehmonxonani yoqish yoki Qazmunaygaz idorasini yoqish uchun tayyorgarlik ko‘rish kerak. Ya‘ni men bu yerda provokatsiya bo‘lgan, deb hisoblayman, - deydi qozog‘istonlik siyosatchi va u ham aynan hukumat tomonidan bu shahar bilan hamma aloqalar tamomila uzib qo‘yilganiga urg‘u beradi.

Ayni paytda Qozog‘istondagi huquqni himoya qilish tashkilotlari Janao‘zendagi voqealarga oid asl axborotning oshkor qilinishi, ya‘ni shaharga yo‘l ochilishini talab qilmoqda va shu maqsadda Qozog‘istonda mustaqil jamoatchilik hay‘atini tuzish hamda zudlik bilan Janao‘zendagi voqeani o‘rganish zarurligini aytmoqda.

Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori vazifasini bajarayotgan Ro‘za Aqilbekova bu fikrni quvvatladi va hukumat shahar bilan aloqani ochib qo‘yishi zarurligini urg‘ular ekan, Andijon voqealarini ham tilga olib o‘tdi.

- Shaharning blok qilinishi, ehtimol, ehtiyot chorasidir. Ammo shaharda vaziyat normallashganini aytayotgan ekan, hukumat jamoatchilik vakillari va jurnalistlar uchun yo‘llarni ochib qo‘yishi kerak. Ya‘ni keyinchalik bu yerda xuddi Andijonda bo‘lgani kabi yomon voqealar bo‘lmaganini ko‘rsatish uchun, bu voqealarning o‘sha voqealarga o‘xshatilmasligi uchun hozir hukumat juda shaffof bo‘lishi kerak, - deydi Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori vazifasini bajarayotgan Ro‘za Aqilbekova.

Shu maqsadda zudlik bilan Janao‘zendagi voqealarni o‘rganish uchun maxsus hay‘at tuzish va uning safiga muxolif partiyalari, inson huquqlari faollari hamda norozi neftchilarning o‘zlaridan ham vakillarni qo‘shish talab qilinmoqda. Xususan, politsiya vakillari tomonidan norozilarga qarshi qurol ishlatilgani va buning prezident Nursulton Nazarboyev tomonidan quvvatlangani Qozog‘iston jamoatchiligining jiddiy noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Nazarboyevning “Janao‘zendagi politsiya qonunda belgilangan vakolatlari doirasida harakat qildi” mazmunida bergan bayonotidan so‘ng Janao‘zendagi voqealarning yanada keskinlashishi va pirovardida voqealar “arab bahori” kabi yo‘nalishda rivojlanib ketishi mumkinligidan xavotirlar bildirilmoqda.

Har ikki hodisaning bir uyg‘un jihati, ya‘ni norozilikning aynan ijtimoiy-iqtisodiy omillar sababli tug‘ilgani, ijtimoiy adolatsizlik hamda haqsizlik bois zo‘rayganini tan olgan qozog‘istonlik jurnalist Sergey Duvanov bir jiddiy farqni tilga oldi.

- Neftchilar hukumat va siyosiy vaziyatning o‘zgarishini talab qilgani yo‘q. Ular shunchaki, yaxshi yashashni istamoqda va bu tabiiy hol. Shunisi bilan bu voqea Suriyadagidan farq qiladi, chunki u yerda hokimiyatdan hammani bezor qilgan rahbarning ketishi talab qilinmoqda va ayni hol Tunisda ham, Misrda ham bo‘lgan edi, - deydi qozog‘istonlik mustaqil jurnalist Sergey Duvanov.
XS
SM
MD
LG