Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:03

O‘zbekiston FIFA qaroriga munosabat bildirdi


Bugun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi FIFA Ijroiya qo‘mitasining 2012 yilgi 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionatini o‘tkazish huquqini O‘zbekistondan olib Yaponiyaga berilishi borasidagi qaroriga munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi (O‘FF)ning rasmiy saytida xabar qilinishicha, FIFA bosh kotibi Jerom Valke Chempionatga mezbonlik qilish huquqi O‘zbekistondan olib qo‘yilgani borasida O‘FF Prezidenti nomiga rasmiy maktub yo‘llagan.

Maktubda “20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionati O‘zbekistonda tashkil etiladigan bo‘lsa, uning FIFA standartlari asosida o‘tkazilishiga erishib bo‘lmasligi” aytilgan.

O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayevga ko‘ra, “Maktubda bundan boshqa izoh yoki sabab ko‘rsatilmagan”.

Rizayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bu borada FIFA bilan bahslashmaydi va uning bu qaroridan to‘g‘ri xulosa chiqaradi.

“Biz bu musobaqani o‘tkazishni juda ham xohlagan edik. Ammo musobaqani bizdan olib qo‘yishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi va vaqt o‘tishi bilan biz FIFA standartlari asosida musobaqa o‘tkazadigan darajaga yetamiz”, - deydi O‘FF matbuot kotibi.

2012 yilgi 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi futbol chempionatiga mezbonlik qilish dastlab Vetnamga berilgan edi.

Joriy yilning 3 mart kuni FIFA Vetnamning chempionatni o‘tkazishga tayyor emasligi vajidan mezbonlikni O‘zbekistonga topshirdi.

O‘sha paytda chempionatga mezbonlik qilish uchun Yangi Zelandiya ham da‘vogarlik qilgan, biroq FIFA O‘zbekistonni tanlagan edi.

Endilikda Yaponiya chempionatni o‘tkazish uchun zarur kafolatlarni taqdim qilganidan so‘ng FIFAning rasmiy bayonoti e‘lon qilinadi.
XS
SM
MD
LG