Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:15

Mirabror Usmonov FIFAga taassuf xati yo‘lladi


FIFA prezidenti Zepp Blatter va FIFA Intizom qo‘mitasiga yozilgan maktubda Futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov O‘zbekiston terma jamoasining 5 o‘yinchisi diskvalifikatsiya qilingani va federatsiya jarimaga tortilgani yuzasidan taassuf bildirdi.

"O‘FF FIFA qarorlarini to‘g‘ri qabul qiladi va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Biroq biz O‘zbekiston milliy terma jamoasi va uning futbolchilariga nisbatan joriy etilgan jazo choralarini haddan tashqari keskin deb o‘ylaymiz. Bu 4-saralash bosqichiga yo‘l olgan jamoani FIFA targ‘ib etayotgan “Halol o‘yin” tamoyillari ruhiga teskari, yana ham aniqrog‘i unga ishonchsiz sharoitga tushirib qo‘yishi mumkin deb hisoblaymiz. Shuningdek, FIFA tartib-intizom qo‘mitasi terma jamoamiz futbolchilariga nisbatan ikki karra jazo — jarima va bir o‘yinga diskvalifikatsiya qo‘llanganidan chuqur qayg‘udamiz",- deyiladi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi maktubida.

17 fevral kuni shveytsariyalik Marsel Matye rahbarligidagi Futbol uyushmalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) Tartib-intizom qo‘mitasi 2014 yilda Braziliyada bo‘ladigan Jahon chempionatining Osiyo saralash musobaqasi 3-bosqich uchrashuvini tahlil qilib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining besh nafar futbolchisi va O‘zbekiston Futbol federatsiyasini jazolashga qaror qildi.

“4-bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan O‘zbekiston 2011 yilning 15 noyabr kuni “Paxtakor” stadionida Tojikiston terma jamoasiga mezbonlik qildi. O‘yinning 70-daqiqalarida (O‘zbekiston 2:0 hisobida oldinda edi) va o‘yin so‘nggida — 3-saralash bosqichining avvalgi uchrashuvlarida sariq kartochka olgan O‘zbekistonning besh nafar futbolchisi, o‘yin vaqtini ataylab cho‘zganligi uchun ogohlantirilgan”,- deyiladi FIFA bayonotida.

FIFA qaroriga ko'ra, Shavkatjon Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeparov va Vagiz Galiulinlar Jahon chempionati saralash o'yinlari 4-bosqichichning birinchi o'yinida ham maydonga chiqmaydi.
FIFA rasmiy saytida e‘lon qilingan bayonotga ko‘ra, ikkita ogohlantirishdan so‘ng ushbu futbolchilar, FIFA Tartib-intizom kodeksining 17-moddasi 3-bandiga asosan, 2012 yil 29 fevral kuni Yaponiyaga qarshi bo‘ladigan 3-saralash bosqichi so‘nggi tur uchrashuvini o‘tkazib yuborishi kerak bo‘lgan.

Uchrashuvga oid rasmiy hisobotlar bilan tanishib chiqib, shuningdek, barcha vaziyat inobatga olingan holda, FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi besh nafar futbolchini Tartib-intizom kodeksining 57-moddasi, shuningdek, O‘zbekiston futbol federatsiyasining 52(a)-moddasiga muvofiq jazolashga qaror qildi.

Shavkatjon Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeparov va Vagiz Galiulin, ikki sariq kartochka sabab 3-saralash bosqichi so‘nggi tur uchrashuvini avtomatik ravishda o‘tkazib yuborishga hamda 4-saralash bosqichining birinchi o‘yinida ham maydonga tusha olmaydi.

FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, ismlari tilga olingan futbolchilarning har biri 3000 Shveytsariya franki miqdorida jarimaga tortiladi. O‘zbekiston futbol federatsiyasi ham 18 ming Shveytsariya franki miqdorida jarimaga to‘laydi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiy saytida ma‘lum qilinishicha, FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan jazolangan futbolchilar, Tojikiston bilan o‘yin uchun mukofot pullaridan, keyingi bosqichga chiqqanlik uchun to‘lanadigan pul mukofotlaridan mahrum qilingan. Ular terma jamoaning keyingi ikki o‘rtoqlik uchrashuvidan chetlatilgan.

O‘FF o‘z futbolchilariga nisbatan ko‘rilgan jazo choralari haqida FIFA Prezidenti Zepp Blatterga ham tushuntirish bergan.

"O‘FF futbolchilar va O‘zbekiston futbol federatsiyasiga nisbatan belgilangan jazo choralarini jarima ko‘rinishida so‘zsiz qabul qiladi. Biroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining besh nafar futbolchisi, jumladan, Osiyoning ikki karra eng yaxshi o‘yinchisi va terma jamoa sardori Server Jeparovning diskvalifikatsiya qilinishiga doir qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘raydi", deyiladi O‘FF FIFAga yo‘llagan appellyatsiya maktubida.
XS
SM
MD
LG